Japarov Qirg‘izistonning tashqi qarzi qancha ekanini aytdi
Olam
−
10 noyabr 26108 2 daqiqa
Qirg‘izistonning hozirgi davlat qarzi 8,4 milliard dollarni tashkil etadi. Ushbu summaning 62 foizi yoki 5,2 milliard dollari tashqi qarzdir. Bu haqda mamlakat Prezidenti Sadir Japarov ma’lum qildi.
Prezident Japarov, shuningdek, respublika 2035 yilgacha tashqi qarzini to‘liq va oson to‘lashini qo‘shimcha qildi.
Shu bilan birga, Japarov navbatdan tashqari parlament saylovlari chog‘ida respublikada davlat to‘ntarishlari bo‘lmasligini aytdi.
“To‘ntarishlar bo‘lmaydi. Birinchidan, biz to‘ntarish uchun bahona keltirmaymiz. Ikkinchidan, sobiq kuchsiz davlat endi yo‘q. Davlat hozir kuchli. Uchinchidan, xalq kimni qo‘llab-quvvatlash va kim hokimiyatda bo‘lishi kerakligini allaqachon juda yaxshi biladi”, deb yozgan u Facebook sahifasida.
Uning qayd etishicha, respublikada mamlakatdagi mavjud muammolarni bo‘rttirib ko‘rsatuvchi, odamlarni g‘alayonga chorlovchi, saylov paytida nimadir bo‘lishiga umid qiladigan “yomon niyatli” guruhlar bor. Uning so‘zlariga ko‘ra, bu guruhlarga sud tomonidan davlat byudjetiga mol-mulk va mablag‘larni o‘tkazish to‘g‘risida qaror qabul qilingan, qo‘lga olingan korrupsionerlar, o‘z lavozimini tark etgan, biroq “o‘z shaxsiy manfaati yo‘lida jahl bilan qasos olmoqchi bo‘lgan” amaldorlar bor.
“Boshqacha qilib aytganda, shaxsiy manfaatini ko‘zlab zulmga uchragan odamlar”, deya ta’kidladi Japarov.
Qirg‘iziston mustaqillikka erishgandan beri uch marta davlat to‘ntarishini boshidan kechirdi. Respublikaning birinchi prezidenti Asqar Akayev 2005 yilda, ikkinchi prezident Qurmanbek Bakiyev 2010 yilda, beshinchi prezident Sooronbay Jeyenbekov 2020 yilda hokimiyatdan ag‘darilgan.
Ma’lumot uchun, Qirg‘izistonda muddatidan oldin parlament saylovlari 2025 yil 30 noyabrda bo‘lib o‘tadi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Qirg‘iziston Prezidenti Sadir Japarov aholidan qish mavsumida elektr ta’minotidagi uzilishlardan nolimaslikni so‘ragandi.
Live
Barchasi