Janubiy Koreya Mudofaa vaziri O‘zbekistonga qurol sotish uchun keldimi?

Jamiyat

image

Janubiy Koreya Mudofaa vaziri Markaziy Osiyoda yangi qurol bozorini yaratish maqsadida O‘zbekistonga keldi. Bu haqda “The Korea Herald” xabar berdi.

Aytilishicha, Mudofaa vaziri Li Jong Sup 31 iyuldan 3 avgustgacha O‘zbekistonda bo‘ladi. Lining O‘zbekistonga safari uning mamlakatga tashrif buyurgan birinchi Janubiy Koreya Mudofaa vaziri bo‘lishi bilan ahamiyatlidir.

“Tashrif davomida vazir Li Jong Sup ikki davlat o‘rtasida mudofaa va qurol-yarog‘ sanoati sohasidagi hamkorlikni kengaytirishga yo‘l ochadi”, deyiladi Janubiy Koreya Mudofaa vazirligi bayonotida.

Mazkur safar davomida Janubiy Koreya-O‘zbekiston mudofaa sanoatini rivojlantirish konferensiyasi ham bo‘lib o‘tadi va bu O‘zbekiston bilan mudofaa sohasida strategik hamkorlik chora-tadbirlarini muhokama qilish uchun platforma yaratishi ko‘zlangan.

Shuningdek, Li O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev qabulida bo‘lishi, Milliy xavfsizlik kengashi kotibi Viktor Mahmudov va Mudofaa vaziri Bahodir Qurbonov bilan uchrashishi rejalashtirilgan.

Ta’kidlash joizki, ikki davlat Mudofaa vazirlarining uchrashuvi 2015 yil aprel oyida O‘zbekistonning o‘sha paytdagi Mudofaa vaziri Qobul Berdiyev Seulga borganidan beri birinchi marta o‘tkazilgan. O‘shanda Qobul Berdiyev Janubiy Koreyada ishlab chiqarilgan FA-50 yengil jangovar samolyoti simulyatorini shaxsan o‘zi sinab ko‘rgan.

Qayd etilishicha, Janubiy Koreya va O‘zbekiston mudofaa va qurol-yarog‘ sanoati sohasidagi hamkorlikni rivojlantirish borasidagi sa’y-harakatlarini davom ettirmoqchi. Ular hamkorlik qo‘shma qo‘mita yig‘ilishlari va ishchi darajadagi mudofaa siyosati yig‘ilishlarini o‘tkazgan. Ammo Janubiy Koreya hali O‘zbekistonga o‘zida ishlab chiqarilgan asosiy qurollarni sezilarli darajada eksport qilmagan. Hozircha faqat kichik harbiy texnika jo‘natilgan, xolos.

Davlatlar o‘rtasida ishlab chiqarilgan qurollarni eksport qilish bo‘yicha ikki tomonlama muhokamalarga qaramay, bu muzokaralar hech qanday aniq natijalar bermagan.

“Ushbu vaziyatdan kelib chiqqan holda, Lining safari O‘zbekistonda potensial qurol savdosiga zamin yaratish va yangi bozorga kirish uchun katalizator vazifasini o‘tashini maqsad qilib qo‘yadi”, deya ta’kidlagan masalaning nozikligi sababli o‘z nomini oshkor qilishni istamagan hukumat manbalari.

Manbaga ko‘ra, Janubiy Koreya Korea Aerospace Industries tomonidan ishlab chiqarilgan FA-50 yengil jangovar samolyotlarini eksport qilmish niyatida, shuningdek, boshqa mahalliy qurollarni, jumladan K9 o‘ziyurar gaubitsasini sotish imkoniyatlarini o‘rganmoqda.


Maqola muallifi

Teglar

O'zbekiston Janubiy Koreya

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing