O‘zbekiston inqirozga qarshi kurashish uchun Jahon bankidan 1,2 mlrd dollar olishi mumkin
Jamiyat
−
07 aprel 2020 3742 2 daqiqa
Kecha, 6 aprel kuni Bosh vazir o‘rinbosari – Tashqi savdo va investitsiyalar vaziri Sardor Umurzoqov hamda Yevropa va Markaziy Osiyo mintaqasi bo‘yicha Jahon banki Guruhi vitse-prezidenti Siril Myuller videokonferens aloqa yordamida Mamlakatlararo hamkorlik platformasi doirasida O‘zbekiston Respublikasi va xalqaro moliya institutlari, jumladan, Jahon banki o‘rtasidagi o‘zaro munosabatlar masalalarini muhokama qildilar.

“Tomonlar aholini koronavirusdan himoya qilishga, korxonalarni, birinchi navbatda, kichik va o‘rtacha tadbirkorlik sub’ektlarini, qishloq xo‘jalik maxsulotlari ishlab chiqaruvchilarini va xususiy tadbirkorlarni qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan birgalikdagi istiqbolli choralarni muhokama etishdi. Shu qatorda, O‘zbekistondagi ijtimoiy-iqtisodiy vaziyatga koronavirus global pandemiyasi ko‘rsatgan ta’sirini yumshatishda Jahon banki ko‘magining imkoniyatlari va mexanizmlari kelishib olindi”, deyiladi Tashqi savdo va investitsiyalar vazirligi xabarida.
Siril Myuller Jahon banki Guruhi tomonidan shakllantirilgan 14 mlrd AQSH dollari miqdoridagi “Tayyorlik va javob strategik dasturi” mablag‘larini O‘zbekistonning inqirozga qarshi dasturini qo‘llab-quvvatlash uchun mobilizatsiya qilish niyatida ekanligidan xabardor qildi. Ammo mablag‘larning qancha qismi O‘zbekistonga yuborilishi hozircha aniq emas.
Bank rahbariyati hozirgi vaqtda sog‘liqni saqlash tizimini, ijtimoiy himoya institutlari va muassasalarini va byudjet ko‘magini moliyalashtirish uchun 1,2 mlrd AQSH dollari miqdorida mablag‘larni operativ ajratish masalasi ham faol ko‘rib chiqilayotganligini bildirdi. Mazkur mablag‘lar joriy yilning mart oyida tasdiqlangan kommunal infratuzilmani modernizatsiya qilish loyihalarini va qishloq xo‘jalik mahsulotlari ishlab chiqaruvchilarini moliyalashtirish uchun mo‘ljallangan 700 mln dollar miqdoridagi kredit liniyalariga qo‘shimcha bo‘ladi.
Videokonferensiya yakunlari bo‘yicha Siril Myuller O‘zbekistonga moliyaviy ko‘mak ko‘rsatish masalasi ustuvor tartibda ko‘rib chiqilishiga ishontirdi.
Live
Barchasi