Zelenskiyning qaysi ishlari Trampni g‘azablantirmoqda?
Olam
−
21 fevral 2025 12162 2 daqiqa
Ukraina Prezidenti Vladimir Zelenskiy Rossiya bilan tinchlik muzokaralari chog‘ida AQSH Prezidenti Donald Trampni shunchalik g‘azablantirdiki, Tramp Ukrainadan Amerika harbiy ko‘magini olib tashlash taklifigacha yetib keldi. Bu haqda ismini oshkor etishni xohlamagan AQSHning uch rasmiysi “Axios” nashriga bergan intervyusida so‘z ochdi.
Ularning so‘zlariga ko‘ra, Tramp va Zelenskiy o‘rtasidagi mojaro dahanaki jangga aylanib ketgan. Bu esa Rossiya rahbari Vladimir Putinni dadil qilgan. Manbalarga ko‘ra, AQsh va Ukraina Prezidentlari orasida 2019 yilda Trampga impichment e’lon qilinganidan beri noqulay munosabatlar bo‘lgan.
“Chunki Zelenskiy Hanter Baydenning (Jo Baydenning o‘g‘li) Ukraina gaz shirkati bilan aloqasi ustidan tergov o‘tkazishi evaziga urushdan vayron bo‘lgan mamlakatga AQSH harbiy yordami ko‘rsatilishiga urindi”, degan nashr suhbatdoshlari.
Ularning qo‘shimcha qilishicha, endi Tramp Rossiya-Ukraina urushini tugatish bo‘yicha kelishuvni tezda amalga oshirish haqidagi va’dasini bajarish kutilganidan ko‘ra qiyinroq bo‘ladi.
Shuningdek, ma’muriyat rasmiylari “Axios”ga so‘nggi to‘qqiz kun ichida Tramp, vitse-prezident Vens, Davlat kotibi Marko Rubioni g‘azablantirgan beshta voqea sodir bo‘lganligini aytgan. Ularning so‘ziga ko‘ra, quyidagilar Trampning kelishuv rejasini buzgan yoki sekinlashtirgan:
12 fevral kuni G‘aznachilik vaziri Skott Bessant Kiyevda Zelenskiy bilan uchrashib, AQSHning amaldagi himoyasi evaziga Ukrainaning foydali qazilmalariga kirish huquqini AQSHga berishni taklif qildi. Keyinroq Tramp jurnalistlarga Zelenskiyning “qo‘pol” ekanligini va u uxlagani uchun Bessant bilan uchrashuvini kechiktirganini aytdi.
14 fevral kuni Myunxen xavfsizlik konferensiyasida Vens va Rubio Zelenskiy bilan yana shu masala bo‘yicha uchrashdi.
“Ammo Zelenskiy uni parlamentsiz bir tomonlama ma’qullash vakolatiga ega emasligini aytib, amerikaliklarni hayratda qoldirdi”, degan rasmiylar.
15 fevral kuni Zelenskiy konferensiyada taklifni ochiqchasiga rad etdi.
18 fevral kuni Marko Rubio va Prezident maslahatchisi Stiv Uitkoff Saudiya Arabistonida rossiyalik muzokarachilar bilan tinchlik haqida gaplashish uchun o‘tirganlarida, Zelenskiy uchrashuvni Ukrainasiz stolda o‘tganini tanqid qildi. O‘shanda g‘azablangan Tramp Mar-a-Lagodagi matbuot anjumanida Zelenskiyning harakatlarini qoralab, unda muzokara o‘tkazish uchun 3 yil bo‘lgani, biroq bunday qilmaganini aytdi.
19 fevral kuni Zelenskiy AQSH Prezidenti “dezinformatsion makonda yashaydi” deb javob qaytardi. Keyin Tramp Truth Social’da sobiq aktyor Zelenskiy “kamtarona muvaffaqiyatli komediyachi” bo‘lib, “saylovsiz diktator”ga aylangani haqida yozib, bosimni kuchaytirgandi. Shundan so‘ng, Tramp Putinni tanqid qilishdan bosh tortdi.
Live
Barchasi