Zelenskiy Rossiyaga qarshi maxsus harbiy qo‘mondonlik tuzdi (video)
Olam
−
11 iyul 5702 2 daqiqa
Ukraina Prezidenti Vladimir Zelenskiy Rossiya hududidagi strategik ob’ektlarga zarba berishga ixtisoslashgan yangi harbiy qo‘mondonlik tashkil etilganini e’lon qildi. Uning aytishicha, mazkur tuzilma Rossiyaning urush olib borish salohiyatini, ayniqsa energetika va logistika tizimini izdan chiqarishga qaratilgan. Bu haqda “The Guardian” xabar berdi.
Ma’lum qilinishicha, Zelenskiy kecha, 10 iyul kuni “uzoq masofali ta’sir” qo‘mondonligini tashkil etish to‘g‘risidagi farmonni imzolagan. Prezidentga ko‘ra, yangi qo‘mondonlik mavjud barcha resurslarni Rossiyaning urushni davom ettirish imkoniyatlarini kamaytirishga safarbar etadi.
Ushbu bayonot Ukraina harbiylari Rossiyaning Krasnodar o‘lkasidagi Ilsk neftni qayta ishlash zavodi, Leningrad viloyatidagi Ust-Luga neftni qayta ishlash majmuasi hamda Rostov viloyatidagi neft terminali va neft omboriga zarba berganini ma’lum qilganidan so‘ng yangragan.
Ukraina dron kuchlari qo‘mondoni Robert Brovdining aytishicha, so‘nggi besh kun ichida Rossiyaning qariyb 50 ta yonilg‘i tashuvchi kemasiga zarar yetkazilgan. Shundan 10 tasi Azov dengizida harakatlangan tankerlar bo‘lgan.
Bunga javoban Rossiya Don–Azov kanali orqali kemalar harakatini vaqtincha to‘xtatgan. Shuningdek, Kerch bo‘g‘ozi orqali o‘tish uchun yangi arizalarni qabul qilish ham vaqtincha bekor qilingan. Manbalarga ko‘ra, Rossiya bug‘doy eksportining qariyb chorak qismi aynan Azov dengizi orqali amalga oshiriladi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Rossiya Prezidenti Vladimir Putin yaqin oylarda Ukrainaga qarshi harbiy harakatlarni yanada kuchaytirishi mukminligi haqida xabar berilgan edi.
Live
Barchasi