Zelenskiy Mudofaa vazirini ham almashtirmoqchi

Olam

image

Ukraina Prezidenti Vladimir Zelenskiy yangi Mudofaa vaziri lavozimiga hozirda bosh vazir o‘rinbosari hamda Raqamli transformatsiya vaziri bo‘lib ishlayotgan Mixail Fyodorovni tayinlashni taklif qildi. Agar Oliy Rada uning nomzodini ma’qullasa, u 2025 yil iyulidan beri Mudofaa vazirligini boshqarib kelayotgan Denis Shmigalning o‘rnini egallaydi. Bu haqda Zelenskiy o‘zining Telegram-kanalida ma’lum qildi.

Ukraina Prezidenti bu tanlovini izohlar ekan, Fyodorov “dronlar liniyasi masalalari bilan chuqur shug‘ullanayotgani”, shuningdek, “davlat xizmatlari va jarayonlarini raqamlashtirishda juda samarali ishlayotgani”ni qayd etgan. Prezidentning fikricha, u harbiylar, milliy qurol ishlab chiqaruvchilar va Ukrainaning hamkorlari bilan birgalikda armiyada zarur o‘zgarishlarni amalga oshirib, unga yanada texnologik tus bera oladi. 

Zelenskiy Shmigal “jamoada qolishini” ham bildirgan. Unga “davlat ishlarining boshqa bir yo‘nalishini boshqarish” taklif etilgan. Prezident o‘tgan yili Mudofaa vazirligi “yaxshi natijalar” ko‘rsatganini, xususan, dekabr oyiga kelib dron tutib oluvchilar ishlab chiqarish hajmi kuniga ming donadan oshganini qayd etgan.

Ma’lumot uchun, Fyodorov 34 yoshda. Agar u lavozimga tasdiqlansa, Rossiya bosqini boshlanganidan beri Ukrainaning to‘rtinchi va mamlakat tarixidagi eng yosh Mudofaa vaziri bo‘ladi. U Zelenskiy jamoasida 2019 yildan beri ishlamoqda. 

Bu tayinlov mamlakat rahbariyatidagi keng ko‘lamli kadrlar o‘zgarishlari fonida yangradi. RBK-Ukraina manbalariga ko‘ra, Zelenskiy, shuningdek, Ukraina Xavfsizlik xizmati rahbari Vasiliy Malyukni lavozimidan ozod etish imkoniyatini ham ko‘rib chiqmoqda, biroq bu masala hozircha yakuniy hal etilmagan. Bunday qaror ham Oliy Rada bilan kelishilishi lozim.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq mamlakat Mudofaa vazirligi Bosh razvedka boshqarmasi rahbari Kirill Budanov Prezident ofisiga rahbar etib tayinlangandi. Uning o‘rnini esa Tashqi razvedka xizmati rahbari Oleg Ivashchenko egalladi.


Maqola muallifi

Teglar

Vladimir Zelenskiy Oliy Rada Mudofaa vaziri Mixail Fyodorov

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing