Yo‘l emas, suvdagi “probka”. Yevropa portlarida kemalar tirbandligi vujudga keldi
Olam
−
30 iyun 4922 2 daqiqa
Yevropa portlari pandemiyadan beri kuzatilmagan eng katta yuk tirbandligi bilan to‘qnash kelmoqda. Bu haqda “Financial Times” xabar berdi.
Logistika va kema tashuv kompaniyalarining ogohlantirishicha, daryo kemalari tovar yuklash uchun bir necha kunlab kutishga majbur bo‘lmoqda. Konteyner tashuvchi kemalar esa kechikishlarga duch kelmoqda. Eng og‘ir vaziyatlar Rotterdam, Antverpen va Gamburg portlarida kuzatilmoqda. Mutaxassislar bu holat kamida yana bir necha oy davom etishini taxmin qilmoqda.
Niderlandiyaning WEC Lines kompaniyasi rahbari Sezar Luikenarning aytishicha, “barcha yirik logistika markazlari haddan tashqari to‘lib ketgan”. Euro-Rijn Group kompaniyasi bosh direktori esa bu yuk ortiqligini “pandemiyadan beri eng kattasi” deb atagan.
Contargo logistika kompaniyasining ma’lumotlariga ko‘ra, hozirda Antverpenda konteyner yuklashni kutish muddati o‘rtacha 66 soatni, Rotterdamda esa 77 soatni tashkil qilmoqda.
Antverpen portida dengiz kemalari 3–5 kun kechikish bilan kelmoqda, bu esa konteynerlarni o‘z vaqtida olib ketishni imkonsiz qilmoqda.
Port operatorlari muammoni hal qilish uchun yangi xodimlar yollamoqda va texnika xarid qilmoqda. Rotterdamdagi yirik operatorlardan biri ECT holatni og‘ir deb e’tirof etgan, lekin bu muammo butun Shimoliy Yevropa portlari uchun umumiy ekanini bildirgan.
Antverpen-Bryugge porti ma’muriyati yuk hajmining ko‘payganini tasdiqlab, tizimlar hali ham rejalashtirilgan quvvat doirasida ishlayotganini ma’lum qilgan.
Biroq ayrim soha vakillari vaziyat tezda tuzatilishiga ishonmayapti.
Live
Barchasi