Yevropa Ukraina taqdiri Ukrainasiz hal qilinishidan xavotirlanmoqda

Olam

image

Yevropa Ittifoqiga a’zo davlatlar Ukraina xalqi o‘z kelajagini o‘zi hal qilish erkinligiga ega bo‘lishi kerak, deb hisoblaydi. Bu haqda Alyaskada AQSH Prezidenti Donald Tramp va Rossiya Prezidenti Vladimir Putinning Ukraina bo‘yicha muzokaralari bo‘lib o‘tishi fonida bugun, 12 avgust kuni e’lon qilingan Yevropa Kengashi bayonotida so‘z boradi.

“Biz, Yevropa Ittifoqi yetakchilari, Prezident Trampning Rossiyaning Ukrainaga qarshi bosqinchilik urushini tugatish va Ukraina uchun adolatli va mustahkam tinchlik va xavfsizlikka erishish yo‘lidagi sa’y-harakatlarini olqishlaymiz.
Barqarorlik va xavfsizlikni ta’minlaydigan adolatli va mustahkam tinchlik xalqaro huquqni, shu jumladan mustaqillik, suverenitet, hududiy yaxlitlik va xalqaro chegaralarni kuch bilan o‘zgartirmaslik tamoyillarini hurmat qilishi kerak”, deyiladi bayonotda.

Qayd etilishicha, Ukrainada tinchlik yo‘lini Ukrainasiz hal qilib bo‘lmaydi.

“Biz diplomatik yechim Ukraina va Yevropaning hayotiy muhim xavfsizlik manfaatlarini himoya qilishi kerak, degan fikrdamiz.
Ukraina xalqi o‘z kelajagini o‘zi hal qilish erkinligiga ega bo‘lishi kerak. Ukrainada tinchlik yo‘lini Ukrainasiz hal qilib bo‘lmaydi. O‘t ochishni to‘xtatish yoki harbiy harakatlarni kamaytirish sharoitidagina mazmunli muzokaralar olib borilishi mumkin.
Rossiyaning Ukrainaga qarshi bosqinchilik urushi Yevropa va xalqaro xavfsizlik uchun kengroq oqibatlarga olib keladi”, deyiladi bayonotda.

Ayni paytda nemis nashrlari bir necha kunlardan so‘ng muzokaralar bo‘lib o‘tishi kutilayotgan Alyaska tasodifan tanlanmaganini yozmoqda.  Xususan, Berlin liberal-progressiv kundalik gazetasi “Der Tagesspiegel” uchrashuv o‘tkaziladigan joy haqida shunday yozadi:

“Tramp va Putin uchrashuvi: yutqazgan tomon Yevropa bo‘ldi. Alyaska XIX asr o‘rtalarida Rossiya tomonidan AQSHga sotilgan, bu esa o‘z navbatida chegaralar o‘zgartirilishi mumkinligini ko‘rsatadi. Alyaskaning tanlanishi atayin yoki tasodifan bo‘lishidan qat’i nazar Ukraina uchun shunday bir signal bo‘lishi mumkinki, tinchlik “hududiy yon berishlar” evaziga “sotib olinishi”ga to‘g‘ri keladi”.

Eslatib o‘tamiz, Rossiya Prezidenti Vladimir Putin 15 avgust kuni AQSH Prezidenti Donald Tramp bilan uchrashib, Ukraina va ikki tomonlama munosabatlarni muhokama qilishni rejalashtirmoqda. Putin AQSH tomonidan 1876 yilda Rossiya imperiyasidan sotib olingan Alyaska shtatiga tashrif buyurgan birinchi Rossiya yetakchisi bo‘ladi.

Dilbar Shoakromova


Maqola muallifi

avatar

.

Teglar

AQSh Rossiya Vladimir Putin Donal'd Tramp Evropa Ittifoqi Ukraina

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing