Yevropa Rossiyaga qarshi 20-sanksiyalar paketini tayyorlay boshladi
Olam
−
08 noyabr 2025 1715 2 daqiqa
Yevropa Ittifoqi Ukrainaga qarshi Rossiyaning tajovuzkor urushi sababli unga qarshi navbatdagi – 20-sanksiyalar paketini ishlab chiqishga kirishdi. Bu masala Litva Moliya vaziri Kristupas Vaytekunas va Yevropa komissiyasining moliyaviy xizmatlar hamda Jamg‘arma-investitsiya ittifoqi bo‘yicha komissari Mariya Luish Albukerke o‘rtasida muhokama qilingani haqida Litva Moliya vazirligi kecha, 7 noyabr ma’lum qildi.
Vaytekunacning ta’kidlashicha, Yevropa Ittifoqi bosimni faqat Rossiyaga emas, balki Belarusga ham kuchaytirishi lozim, chunki u “doimiy gibrid hujumlar”ni amalga oshirmoqda.
“Bizni quvontiradiki, oktyabr oyi oxirida YeI darajasida 19-sanksiyalar paketi kelishib olindi. Biroq, ayniqsa Rossiyaning energetika va moliya sektorlariga nisbatan bosimni yanada kuchaytirish zarur. Shu bois biz navbatdagi sanksiyalar bo‘yicha jiddiy muhokamalarni boshlashimiz kerak”, dedi Litva vaziri.
Vaytekunasning ta’kidlashicha, Yevropa Ittifoqi Belarusga nisbatan choralarni qattiqlashtirib, ularni Rossiyaga nisbatan amal qilayotgan sanksiyalar darajasiga olib chiqishi va qo‘shimcha cheklovlar joriy etishi lozim. Albukerkening aytishicha, Minskka nisbatan yangi choralarni tayyorlash jarayoni hali dastlabki bosqichda.
“Biz uchinchi davlatlar bilan hamkorlik qilyapmiz, chunki ular orasida sanksiyalarni aylanib o‘tishga yordam beruvchi mamlakatlar ham bor”, degan Yevropa komissari.
Yevropa Ittifoqi so‘nggi, 19-sanksiyalar paketini 23 oktyabrda tasdiqlagan edi. Uning doirasida 2027 yildan boshlab suyultirilgan tabiiy gaz importini taqiqlash, “soyadagi flot” deb atalgan 117 ta kemaga nisbatan cheklovlar joriy etish hamda Rossiya diplomatlarining YeI hududida harakatlanishiga nisbatan qo‘shimcha cheklovlar kiritilgan.
Moskva G‘arb sanksiyalarini noqonuniy deb atab keladi. Rossiya Prezidentining matbuot kotibi Dmitriy Peskov ta’kidlashicha, mamlakat iqtisodiyoti “katta miqdordagi cheklovlar ostida faoliyat yuritmoqda” va ularga nisbatan ma’lum “immunitet” hosil qilgan.
Live
BarchasiSuriyada KIP qo‘mondoni o‘ldirib ketildi
21 yanvar