Yermak qamaldi, Zelenskiy atrofidagi korrupsiya bahslari avj oldi
Tahlil
−
15 may 1166 9 daqiqa
14 may kuni Ukraina Prezidenti Vladimir Zelenskiyning ishongan odami qamaldi. Kiyev shahar sudi Zelenskiy idorasining sobiq rahbari Andrey Yermakni Kiyev yaqinida hashamatli uy-joylar qurilishi orqali pul yuvish bilan bog‘liq ish doirasida ikki oylik hibsga olish haqida qaror chiqardi. Sud unga 140 million grivna (taxminan 3,1 million dollar) miqdorida garov puli evaziga ozodlikka chiqish imkoniyati bilan 60 sutkalik qamoq jazosi tayinladi. Andrey Yermak esa o‘zida bunday mablag‘ yo‘qligini bildirib, do‘stlari yordam berishiga umid qilayotganini aytdi.
Andrey Yermak 2025 yildan buyon Ukrainadagi korrupsiya bilan bog‘liq mojarolar markazida tilga olinmoqda. Bu holatlar ortidan Vladimir Zelenskiy va uning atrofidagi korrupsiya, moliyaviy manfaatlar hamda yashirin aloqalar haqidagi bahslar ham yana kuchaydi.
Yermakning esa folbinlar orqali raqiblariga ta’sir o‘tkazgani haqidagi iddaolar yuzaga chiqmoqda. Sobiq amaldorlar bilan bog‘liq korrupsiya mojarolari birin-ketin oshkor bo‘layotgan bir paytda, malakat Prezidenti Vladimir Zlenskiy va uning rafiqasi Yelena Zelenskaning ajrashyotgani haqidagi shov-shuvli xabarlar Rossiya manbalarida tarqalmoqda. Yermakka qarshi ilgari surilayotgan iddaolar Prezident atrofidagi siyosiy va moliyaviy aloqalarga qanday ta’sir qilishi mumkin? Yaqin daqiqalar ichida QALAMPIR.UZ shu haqda batafsil ma’lumot beradi.
Ikki amaldorning kirdikorlari yillar davomida ochilgan
Ukrainadagi urush boshlanganidan beri Vladimir Zelenskiy xalqaro maydonda G‘arbning asosiy siyosiy ramzlaridan biriga aylandi. Urush Kiyev uchun milliardlab dollarlik harbiy va moliyaviy yordamlarni olib keldi. AQSH, Yevropa Ittifoqi va boshqa davlatlar Ukrainaga yuz milliardlab dollar ajratdi. Shu bilan birga, Zelenskiy atrofida korrupsiya, davlat mablag‘larining shaffof emasligi va yaqin amaldorlar ta’sirining ortishi haqida bahslar ham kuchaydi.
2021 yilda chiqqan “Pandora Papers” surishtiruvida Zelenskiy va uning yaqin doirasiga aloqador ofshor kompaniyalar haqida ma’lumotlar tarqalgan edi. Jurnalistik surishtiruvlarga ko‘ra, Zelenskiy prezident bo‘lishidan avval ofshor tarmoqlar orqali media aktivlar va mablag‘larni boshqargani aytilgan. Bu mavzudagi materiallar keyinchalik urush davrida yana qayta muhokama qilindi.
Urush Zelenskiyning siyosiy pozitsiyasini keskin kuchaytirdi. G‘arb davlatlari uni demokratiya va Rossiyaga qarshi kurash ramzi sifatida ko‘rsata boshladi. Natijada Ukrainaga kelayotgan moliyaviy yordamlar va qurol-yarog‘ hajmi ulkan darajaga yetdi. Ammo aynan shu katta mablag‘lar korrupsiya xavfi haqidagi savollarni ham kuchaytirdi. Qator xorijiy nashrlar keyingi yillarda Zelenskiy atrofidagi ayrim amaldorlar va biznes doiralari haqida surishtiruvlar chiqardi.
Bu bahslarda eng ko‘p tilga olinayotgan shaxslardan biri Andrey Yermak hisoblanadi. Yermak Zelenskiyning eng yaqin siyosiy hamkori va “soyadagi ikkinchi rahbar” sifatida ta’riflanadi.
Yermakka qarshi ayblov
11 may kuni kechqurun Ukraina Prezidenti ofisining sobiq rahbari Andrey Yermakka nisbatan Korrupsiyaga qarshi kurashish milliy byurosi va Korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha ixtisoslashtirilgan prokuraturasi ayblov e’lon qildi. Unga uyushgan guruh tomonidan yoki juda ko‘p miqdorda jinoiy yo‘l bilan olingan mol-mulkni legallashtirish moddalari bo‘yicha 15 yilgacha qamoq jazosi berilishi mumkin.
Tergov Kiyev yaqinida premium toifadagi uy-joylar qurilishiga sarflangan 10,5 million dollarni legallashtirishga aloqador uyushgan guruh fosh etilganini ma’lum qildi. Korrupsiyaga qarshi kurashish milliy byurosi va Korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha ixtisoslashtirilgan prokuratura ma’lumotlariga ko‘ra, 2020 yilda “Dinastiya” xususiy qarorgohlarini qurish loyihasi boshlangan. Tergov ma’lumotlariga ko‘ra, unda Yermak ishtirok etgan. Ishtirokchilar yashash uchun to‘rtta qarorgoh qurishga kelishib olgan. Korrupsiyaga qarshi kurashish milliy byurosining bildirishicha, qurilish 2021-2025 yillarda olib borilgan va Ukraina mojarosi boshlanganidan keyin kottejlar qurilishi faollashgan.
O‘tgan yilning noyabr oyida Korrupsiyaga qarshi kurashish milliy byurosi va Korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha ixtisoslashtirilgan prokuratura Zelenskiyga yaqin bo‘lgan Timur Mindich boshchiligidagi energetika sohasidagi yirik korrupsiya sxemasini fosh qilish uchun “Midas” deb nomlangan keng ko‘lamli operatsiya o‘tkazilishini e’lon qildi. Tergovga ko‘ra, sxemaning asosiy tashkilotchisi biznesmen Timur Mindich bo‘lgan. U avval Zelenskiyning biznes hamkori sifatida tanilgan. Korrupsiyaga qarshi kurashish milliy byurosi Mindichni sirtdan aybladi, shuningdek, uning xonadonidagi korrupsiya sxemalari muhokama qilingan suhbatlar yozuvlarining parchalarini e’lon qila boshladi. Jami 1000 soatlik audio yozuvlar mavjud.
2025 yil 17 noyabrda u tadbirkor va Zelenskiyning do‘sti Timur Mindich ishi bo‘yicha yirik korrupsion sxemalarga aloqador bo‘lishi mumkinligi haqida ma’lumot paydo bo‘ldi. 28 noyabr kuni ertalab Yermakni tintuv qilishdi, kechqurun esa Zelenskiy uni ishdan bo‘shatdi. Keyinroq idora Yermak uyidagi tintuvlar Mindich ishiga bog‘liq emasligini bildirgan. Zelenskiy esa Yermakning ishdan olinishi korrupsiya tergovlari bilan bog‘liqligini rad etib, bu qaror uchun “o‘ziga xos sabablar” bo‘lganini aytgan. Prezident ma’muriyatidan ketgach, Andrey Yermak advokatlik faoliyati bilan shug‘ullanish huquqini tikladi va Ukraina Milliy advokatlar assotsiatsiyasi huzurida tashkil etilgan urush jabrlanuvchilarini himoya qilish qo‘mitasiga rahbarlik qila boshladi. Shuningdek, uning o‘rniga ya’ni, Ukraina Prezidenti ofisi rahbari lavozimiga 2026 yil 2 yanvar kuni Ukraina harbiy razvedkasi sobiq rahbari Kirill Budanov tayinlangan.
Joriy yil aprel oyining oxiridan boshlab Ukraina ommaviy axborot vositalari va deputatlar audioyozuvlarning yangi parchalarini e’lon qila boshladi. Unda Mindich o‘sha paytda mudofaa vaziri lavozimida ishlagan Ukraina Xavfsizlik kengashining amaldagi kotibi Rustam Umarov bilan ko‘p millionli shartnomalarni o‘zlashtirish, tadbirkorga aloqador kompaniya tomonidan dronlar ishlab chiqarishni moliyalashtirish, shuningdek, Ukrainaning AQSHdagi elchisi lavozimiga nomzodlarni muhokama qilgan. Boshqa parchalar shuni ko‘rsatadiki, Mindich bir nechta hashamatli uylarni, shu jumladan o‘zi, “Vova” va “Andrey” uchun jihozlashni muhokama qilgan. Taxminlarga ko‘ra, gap Zelenskiy va Yermak haqida ketmoqda. Bundan tashqari, transkripsiyalarning bir qismi Zelenskiy atrofidagilar turli kompaniyalarni qanday nazoratga olayotganini ko‘rsatadi.
Biroq shuni ham qayd etish kerakki, Zelenskiy va Yermak bu ayblovlarning katta qismini rad etib kelmoqda. Ukraina hukumati bu materiallarning bir qismini Rossiya axborot urushi va siyosiy bosimning bir bo‘lagi, deb atagan. Hozircha ko‘plab ayblovlar bo‘yicha yakuniy sud qarori chiqmagan.
Yermak folbinlar orqali raqiblarini “issiq-sovuq” qilgan
Andrey Yermak 2025 yil oxirida folbinga o‘zining siyosiy raqiblari, jumladan, korrupsiyaga qarshi kurash idoralari rahbarlarining ismlarini yuborgan va “hammasiga tayyor” ekanini qo‘shimcha qilgan. 13 may kuni bo‘lib o‘tgan sudda Korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha ixtisoslashtirilgan prokuratura prokurori o‘qib eshittirgan ushbu yozishmalar parchalari esa mamlakatda jiddiy siyosiy inqiroz va shov-shuvlarga sabab bo‘lgan.
Yermak telefonida “Veronika Fenshuy” nomi bilan saqlangan shaxs aslida okkultizm va folbinlik xizmatlari bilan shug‘ullangan Veronika Anikevich bo‘lgani aytilmoqda. Unga yuborilgan yozuvlarda Korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha ixtisoslashtirilgan prokuratura rahbari Aleksandr Klimenko hamda Ukraina Milliy korrupsiyaga qarshi byurosi rahbari Semyon Krivonosning ismlari qayd etilgan. Ushbu ayol Yermakka harakat qilishi kerakligini yozgan. Ularning o‘rtasidagi yozishmalarda Veronika tomonidan Yermakka “Yo siz ularni, yoki ular sizni” degan jumlalar bor. Bunga javoban Yermak yana bir qator ismlarni – “Ukrainskaya pravda” gazetasi jurnalistlari Mixail Tkach va Sevgil Musayeva, “Ukrainskaya pravda” gazetasining o‘zi, uning egalaridan biri Tomash Fialu, Oliy Rada deputatlari Yaroslav Jeleznyak, Aleksey Goncharenko va David Araxamiya ismlarini yozib yuborgan. Yermak: “Men hamma narsaga tayyorman. Ertagayoq”. “Veronika Fenshuy” esa unga javob tariqasida mamlakatdan chiqib ketishni maslahat bergan.
Yozishmalar Yermak korrupsiya mojarosi oqibatida Zelenskiy idorasi rahbari lavozimidan iste’foga chiqarilganidan bir necha haftadan keyin bo‘lib o‘tgan. Ilgari, Ixtisoslashtirilgan prokuratura ma’lumotlariga ko‘ra, u bir qator davlat lavozimlariga tayinlashda xuddi shu folbin bilan maslahatlashgan. Yermakning o‘zi esa jurnalistlar bilan suhbatda folbinlar bilan muloqot qilganini tan olmagan.
“Novosti Live” nashrining yozishicha, garchi sud majlisi paytida prokuror Yermak o‘zining siyosiy raqiblarining ismlarini folbin ayolga yuborgani faktini keltirgan, shuningdek, kadrlar bo‘yicha maslahat bergan yozishmalarining parchalarini o‘qib eshittirgan bo‘lsa-da, Yermak folbinlar bilan muloqot qilgani va ezoterika bilan har qanday aloqasini rad etgan. Shundan so‘ng Ukraina OAVlari Veronika ismli folbinni izlab topgan. U rus tilida astrologik Telegram-kanal yuritadigan 51 yoshli Kiyev fuqarosi bo‘lib chiqdi. Yanvar oyida Zelenskiyning sobiq matbuot kotibi Yuliya Mendel Yermak sehrli marosimlar bilan shug‘ullangani va Ukrainaga xorijdan sehrgarlarni olib kelganini aytgan bo‘lib chiqdi.
Yermakda 4 ta dip-pasport bor, u qochishi mumkin – prokuror
Bir necha korupsion ayblovlar ostida qolgan Ukraina Prezidenti Vladimir Zelenskiy idorasi sobiq rahbari Andrey Yermakning bir nechta pasportlari borligi aniqlandi. Prokurorning so‘zlariga ko‘ra, u tergovdan yashirinishi ham mumkin.
“Yermakning hokimiyat organlarida va Ukrainadan tashqarida kasbiy va ijtimoiy aloqalari bor. Bu unga chet elda yashirinishga yordam berishi mumkin”, degan prokuror.
Prokror so‘zlarini tasdiqlash uchun tergovchilar Yermakdan to‘rtta diplomatik pasport topganini, ularning oxirgisi 2030 yilgacha amal qilishini aytgan. Tergov ma’lumotlariga ko‘ra, 2022 yil 24 fevraldan beri Yermak davlat chegarasini 100 ga yaqin marta kesib o‘tgan, bunday safarlar haqidagi so‘nggi ma’lumotlar Ukraina Chegara xizmati tizimidan o‘chirilgan. Bundan tashqari, prokurorning ta’kidlashicha, Yermakning 2019 yilda ishlab chiqarilgan Mercedes Benz avtomobili bor, u umuman IIV tizimida ro‘yxatdan o‘tkazilmagan. Sud majlisida tanaffus e’lon qilingach, Yermak OAV vakillariga o‘zining aybsizligiga ishonishini bildirgan.
“Men o‘zimga ishonaman, odamlarning ko‘ziga halol qarash va Ukrainada qolish uchun nima qilganimni va nima qilmaganimni aniq bilaman”, deydi Yermak.
Zelenskiy xotini bilan ajrashyapti
Ukraina Prezidenti Vladimir Zelenskiy va uning rafiqasi Yelena Zelenskaya ajrashayotgani haqidagi xabarlar Rossiya OAVlarida aynan Prezident ofisi sobiq rahbari Andrey Yermak atrofidagi shov-shuvli korrupsiya mojarolari fonida tarqalmoqda.
Rossiyaning RIA Novosti agentligi kuch tuzilmalaridagi manbalariga tayanib xabar berishicha, Zelenskiy rafiqasi bilan ajrashishga tayyorgarlik ko‘rayotgan bo‘lib, Kiyev yaqinidagi “Dinastiya” hashamatli turarjoy majmuasidagi kottejlardan birini qoldirishni rejalashtirgan. Ukraina Milliy korrupsiyaga qarshi byurosi ma’lumotlariga ko‘ra, “Dinastiya” loyihasi ishtirokchilari 460 million grivnadan ortiq mablag‘ni legallashtirgan.
“Dinastiya” kooperatividagi to‘rtinchi uy Yelena Zelenskaya uchun qurilgan bo‘lib, u ajralish oldidan kompensatsiya sifatida mo‘ljallangan edi”, deyiladi xabarda.
Manba, shuningdek, uy egasi “Vova” ekanini ham aytgan. Zelenskiyning sobiq matbuot kotibi Yuliya Mendelning ma’lum qilishicha, “Mindich audioyozuvlari”da tilga olingan “Vova” laqabi ostida aynan Vladimir Zelenskiy nazarda tutilgan.
Biroq 13 may kuni Zelenskiy va Yelena Ruminiyaga tashrifi vaqtida qo‘l ushlashgan holatda samolyotdan tushib ko‘rinish bergandi. Bu holat ajralish haqidagi xabarlar fonida jamoatchilik e’tiborini tortdi.
Zelenskiy Ukrainadagi pul yuvish ishida ishtirok etganmi?
Ukraina Milliy aksilkorrupsiya byurosi (MAKB) Vladimir Zelenskiyning pul yuvish bilan bog‘liq ishda ishtirok etgan-etmaganligi to‘g‘risidagi savolga yakuniy javob berdi.
“Ukraina Prezidenti sudgacha bo‘lgan tergov doirasida ishtirok etmagan va ishtirok etmayapti. Aybsizlik prezumpsiyasini buzmaslik uchun kompaniyalar nomlarini ayta olmayman. Biz mudofaa sohasidagi yo‘nalish haqida gapirgan edik, u MAKB doirasida tergov qilinmoqda. Dron ishlab chiqaruvchilar va ayrim alohida ishlab chiqaruvchilar tergov qilinmoqda”, deydi byuro direktori Semen Krivonos.
Semen Krivonos, shuningdek, tergov turli yo‘nalishlarda: energetika, mudofaa, jumladan, dron va qurol-yarog‘ xaridi bo‘yicha davom etayotganini aniqlashtirdi. Uning qo‘shimcha qilishicha, tergov xalqaro hamkorlik doirasida ko‘plab so‘rovlar yuborgan.
Live
Barchasi