Yermak frontga ketmoqchi

Olam

image

Ukraina Prezidenti Vladimir Zelenskiyning ofisi rahbarligidan bo‘shatilgan Andrey Yermak o‘z xohishi bilan frontga jo‘namoqchi. Bu haqda Yermakning o‘zi “New York Post” nashriga yo‘llagan maktubida yozgan.

Gazeta Yermakning ishdan bo‘shatilgani haqidagi xabardan bir necha soat o‘tib kelgan xatini e’lon qilgan.

“Men frontga ketyapman va har qanday qiynoqlarga tayyorman. Meni haqorat qilishdi va mening qadr-qimmatim himoya qilinmadi. Men Zelenskiyga muammo tug‘dirmoqchi emasman, men frontga ketyapman”, deya yozgan Yermak. 

Qayd etilishicha, Yermak qachon va qanday tarzda frontga jo‘nashi haqida aniq ma’lumot bermagan. Shuningdek, u o‘ziga nisbatan “to‘qilayotgan bo‘hton va fitnalardan” noroziligini, “haqiqatni biladigan” odamlardan yetarli darajada qo‘llab-quvvatlash bo‘lmayotganini bildirgan.

Gazetaning qo‘shimcha qilishicha, Yermak bundan buyon hech qanday qo‘ng‘iroqlarga javob bermasligini aytgan.

Kecha, 28 noyabr kuni Zelenskiy o‘z ofisi rahbari Andrey Yermak iste’fo xatini yozganini ma’lum qilgan edi. Ungacha Oliy Rada deputati Yaroslav Jeleznyak Ukraina Milliy korrupsiyaga qarshi byurosi va Maxsus korrupsiyaga qarshi prokuratura energetika sohasida yuzaga kelgan korrupsiya mojarosi fonida Yermakning uyida tintuvlar o‘tkazayotganini bildirgan. Byuro tintuvlar o‘tkazilganini tasdiqlab, bu tergov doirasidagi protsessual harakatlar ekanini aytgan.

Keyinchalik “Ukinform” nashri Milliy korrupsiyaga qarshi byurosiga tayanib, Yermakning uyida o‘tkazilgan tintuvlardan so‘ng hech kimga ayblov e’lon qilinmagani haqida yozgan.


Maqola muallifi

Teglar

Ukraina Vladimir Zelenskiy Andrey Ermak

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing