YeI yig‘ilishida uch oylik chaqaloq qatnashdi

Olam

image

Bugun, 25 iyun kuni shvetsiyalik vazir Yevropa Ittifoqi mamlakatlari vazirlarining iqlim o‘zgarishi siyosatiga bag‘ishlangan Lyuksemburgdagi yig‘ilishiga uch oylik o‘g‘lini olib bordi. Bu haqda “Reuters” xabar berdi.

Qayd etilishicha, muzokara stoli atrofidagi eng yosh ishtirokchi ko‘pchilikning e’tiborini tortgan. Uch oylik chaqaloq Adam yig‘ilish qatnashchilari orasida eng yosh ishtirokchi bo‘lgan.

Shvetsiyaning Iqlim vaziri Romina Purmoxtari o‘g‘li Adamni YeI Kengashi yig‘ilishiga olib borib, ota-onalar ta’tili siyosati ayollarni ish va oila o‘rtasida tanlov qilishga majbur etmasligi kerakligini namoyish qilishni maqsad qilganini aytgan.

“Men bunday tanlov qilish shart emasligining amaliy namunasini ko‘rsatmoqchi edim. Albatta, buning uchun ham sherigingiz zamondan ortda qolgan inson bo‘lmasligi, balki zamonaviy qarashlarga ega va bu ishni qo‘llab-quvvatlaydigan odam bo‘lishi kerak”, degan Purmoxtari.

Yevropa Ittifoqi Kengashi rasmiysining ma’lum qilishicha, muassasa tarixida birinchi marta bir chaqaloq YeI vazirlari yig‘ilishida ishtirok etgan.

Ma’lumotlarga qaraganda, 30 yoshli Purmoxtari 2022 yilda lavozimga tayinlanganida Shvetsiya tarixidagi eng yosh vazir bo‘lgan. U yaqinda ota-onalar ta’tilidan qaytgan. Shu vaqtda uning turmush o‘rtog‘i sentyabr oyida bo‘lib o‘tadigan Shvetsiya saylovlariga qadar ta’tilda bo‘lib, Adamga qarash uchun Lyuksemburgga birga kelgan.

Shvetsiyadagi ota-onalar ta’tili siyosati

Shvetsiya dunyodagi eng saxovatli ota-onalar ta’tili tizimlaridan biriga ega. Mamlakatda yuqori soliqlar hisobiga moliyalashtiriladigan mazkur tizim saylovoldi kampaniyasidagi bahsli mavzulardan biriga aylangan.

Mamlakatda ota-onalar jami taxminan 16 oylik haq to‘lanadigan ta’til olish huquqiga ega. Shu muddatning 90 kuni har bir ota-ona uchun alohida ajratiladi va boshqasiga o‘tkazilmaydi. Agar belgilangan kunlardan foydalanilmasa, ular bekor qilinadi. Ko‘pincha “otalar oylari” deb ataladigan ushbu tartib otalarni farzand tarbiyasida faolroq ishtirok etishga undash maqsadida joriy qilingan.

Purmoxtarining aytishicha, aynan shu siyosat va uning jamoasi ko‘rsatgan qo‘llab-quvvatlash turmush o‘rtog‘ining Adamga qarashi va uning ishini davom ettirishi masalasini “ancha kam bahsli” qilgan. Vazirning ta’kidlashicha, qo‘llab-quvvatlovchi siyosatlar faqat ta’til muddatini uzaytirish uchun ko‘proq soliq mablag‘lari sarflash bilan cheklanmasligi kerak.

U hukumatlarni ota-onalar o‘rtasida ta’tilni yanada moslashuvchan taqsimlash va arzon bolalar parvarishi xizmatlarini kengaytirish imkoniyatlarini ham ko‘rib chiqishga chaqirgan.

“Bu juda katta qiymat yaratadi va uni kamsitib bo‘lmaydi. Bu qiymat har doim ham iqtisodiy bo‘lmasligi mumkin, ammo oxir-oqibat iqtisodiy samara ham berishi mumkin. Masalan, ish va oila o‘rtasida muvozanat saqlashga qiynalayotgan ota-onalarning holdan toyib qolishining oldi olinadi”, degan u.

Polsha Iqlim vazirining o‘rinbosari Kshishtof Bolesta esa siyosiy yig‘ilishda chaqaloq ishtirok etishi hech qanday muammo tug‘dirmaganini aytgan.

“Menimcha, bu ajoyib holat. Bu qandaydir to‘siq emas, bu hayotning bir qismi, xolos”, degan u “Reuters”ga.


Maqola muallifi

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing