YeI Rossiyaga qarshi 19-sanksiyalar paketini tasdiqladi

Olam

image

Yevropa Ittifoqi mamlakatlari Rossiyaning Ukrainaga qarshi olib borayotgan urushi sababli 19-sanksiyalar paketini bir ovozdan ma’qulladi. Bu qaror kecha, 22 oktyabr kuni Bryusselda bo‘lib o‘tadigan Yevropa Kengashi sammiti arafasida qabul qilindi.

Yangi cheklovlar bir ovozdan ma’qullangan. Ularga oxirgilardan bo‘lib Slovakiya rozi bo‘lgan. Avvalroq, Avstriya ham paketga to‘siq qo‘ymasligini bildirgan edi. Shuningdek, Vengriya Bosh vaziri Viktor Orban Yevropa Kengashi yig‘ilishiga kechikishini ma’lum qilgan va o‘z ovozini Slovakiya Bosh vaziri Robert Fitso orqali bergan.

Yevrokomissiya sentyabr o‘rtalarida taqdim etgan ushbu 19-paketga ko‘ra, 2027 yil 1 yanvardan boshlab Rossiyadan suyultirilgan tabiiy gaz importi to‘liq taqiqlanadi. Bundan tashqari, “soya floti” deb atalgan ro‘yxat, ya’ni Rossiyaning energetika mahsulotlari bilan yashirin ravishda shug‘ullanuvchi kemalar ro‘yxati kengaytiriladi. Sanksiyalar, shuningdek, Rossiya energiya resurslarini uchinchi davlatlar orqali, jumladan kriptovalyutalar yordamida sotishga ko‘maklashayotgan kompaniyalarga ham tatbiq etiladi.

Kutilishicha, yangi cheklovlar “Rosneft” va “Gazprom neft” bilan har qanday bitimlarni taqiqlaydi va Rossiya neftiga belgilangan narx chegarasini pasaytiradi. Paketni ishlab chiqish jarayonida Rossiya fuqarolariga turistik Shengen vizalarini berishga cheklov qo‘yish masalasi ham ko‘rib chiqilgan edi, biroq yakunda u sanksiyalar ro‘yxatiga kiritilmadi.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Yevropa Ittifoqi davlatlarining Energetika vazirlari ittifoqqa a’zo barcha mamlakatlarni Rossiya gazidan voz kechishini nazarda tutuvchi loyihani avtomatik tarzda ma’qullashi kutilayotgandi. Ushbu tashabbusga Vengriya va Slovakiya qarshi chiqqan, chunki ular bu qaror ulkan moliyaviy yo‘qotishlarga olib kelishi mumkinligini ta’kidlagan. Moskva esa bu kabi sanksiyalarni qat’iy qoralagan.


Maqola muallifi

Teglar

Rossiya Evropa Ittifoqi sanktsiya Ukraina

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing