YeI Eronga qarshi yangi sanksiyalarni joriy qildi
Olam
−
29 yanvar 1504 2 daqiqa
Bugun, 29 yanvar kuni Bryusselda bo‘lib o‘tgan yig‘ilishda Yevropa Ittifoqiga (YeI) a’zo davlatlar Tashqi ishlar vazirlari Eronga qarshi yangi sanksiyalar paketini ma’qulladi. Qarorga ko‘ra, qariyb 30 nafar eronlik shaxs sanksiyalar ro‘yxatiga kiritilgan. Ular orasida Ichki ishlar vaziri va Bosh prokuror ham bor. Bu haqda YeIning rasmiy saytida xabar berildi.
Qayd etilishicha, Eron Ichki ishlar vaziri Iskandar Momeni va mamlakat Bosh prokurori Muhammad Movahedi Ozod, shuningdek, sudya Imon Afshariga sanksiyalar kiritilgan.
“Ularning barchasi tinch norozilik namoyishlarini zo‘ravonlik bilan bostirishda va siyosiy faollar va inson huquqlari himoyachilarini o‘zboshimchalik bilan hibsga olishda ishtirok etgan”, deyiladi Kengash bayonotida.
Inson huquqlari faollari ma’lumotlariga ko‘ra, ommaviy norozilik namoyishlari davomida minglab odamlar halok bo‘lgan. YeI Tashqi ishlar vazirlari bu raqamni 30 ming nafar atrofida deb baholagan.
Shuningdek, yig‘ilishda o‘n minglab eronliklar hibsga olingani, zo‘ravonliklar ko‘lamini yashirish maqsadida Tehron internet va telefon aloqasini vaqtincha o‘chirib qo‘ygani ham alohida ta’kidlangan.
Yangi sanksiyalar ro‘yxatiga kiritilgan shaxslarning YeI hududidagi aktivlarini muzlatishni, shuningdek, ushbu shaxslarning YeI mamlakatlariga kirishini cheklashni nazarda tutadi. Bundan tashqari, Eronga eksport qilinishi taqiqlangan tovarlar ro‘yxati ham kengaytirilgan.
YeIning Tashqi ishlar va xavfsizlik siyosati bo‘yicha oliy vakili Kaya Kallas sanksiyalar bo‘yicha kelishuvga erishilganini tasdiqlagan. Shu bilan birga, u Eron Tashqi ishlar vaziri bilan diplomatik aloqalar ochiq qolishini bildirgan.
Germaniya Tashqi ishlar vaziri Yoxann Vadeful mazkur qarorni “shoshilinch zarur chora” deb atab, Eron rahbariyatini “jinoiy rejim” sifatida ta’riflagan. Uning so‘zlariga ko‘ra, odamlarning kaltaklanishi, qiynoqqa solinishi, qamoqqa olinishi, otib tashlanishi va osib qo‘yilishi YeI qadriyatlar hamjamiyati sifatida qat’iy javob berishga majbur qilmoqda.
Bungacha AQSH Davlat kotibi Marko Rubio Senatdagi eshituvlar chog‘ida Eron rahbariyati avvalgidan ham zaiflashganini aytgandi. Uning so‘zlariga ko‘ra, mamlakat jiddiy iqtisodiy inqirozga duch kelgan va hukumat aholining asosiy muammosi — qashshoqlikni hal eta olmayapti. Rubio Eronda yangi norozilik namoyishlari yuzaga kelishini ham bashorat qilgan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Yevrokomissiya rahbari Ursula fon der Lyayen Eronga qarshi sanksiyalar kuchaytirilishi ko‘rib chiqilayotganini ma’lum qilgan edi.
Live
Barchasi