“Yangisini qurmaguncha, eskisini buzma” — Toshkentda “zamonaviy bekatlar”ni qachon ko‘ramiz?

Jamiyat

Reklama
0:00

Toshkentda bir necha oy avval katta shov-shuv bilan demontaj qilingan “do‘konli avtobus bekatlari”ning o‘rni haligacha to‘liq zamonaviy bekatlar bilan almashtirilmadi. Qiymati 10 mingdan 20 ming dollargacha baholanayotgan yangi bekatlarning aksariyati hali ham to‘liq jihozlanmagan. Yo‘lovchilar esa hanuz quyosh tig‘ida va yomg‘ir ostida transport kutishga majbur. QALAMPIR.UZ mazkur holatni joyiga chiqib o‘rgandi.

Ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan videolarda ham yangi deb o‘rnatilgan bekatlarning ko‘pchiligida o‘rindiqlar, yopiq tom qismi, elektron tablolar yoki boshqa qulayliklar mavjud emasligi muhokama qilinmoqda. Ayrim foydalanuvchilar esa avvalgi bekatlar buzilgani bilan yangi tizim haligacha to‘liq ishlamayotganini tanqid qilmoqda.

Albatta, shahar qiyofasini yangilash, zamonaviy jamoat transporti infratuzilmasini shakllantirish muhim. Biroq «avval buzamiz, keyin qilamiz» tamoyilida olib borilayotgan ishlar poytaxt aholisining e’tirozlariga sabab bo‘lmoqda. Shu bois yo‘lovchilar fikrini o‘rgandik.

So‘rovnomada ishtirok etganlarning aksariyati yangi bekatlar tashqi ko‘rinish jihatidan zamonaviy ko‘rinsa-da, ularning katta qismi hali to‘liq foydalanishga tayyor emasligini aytdi. Ayrimlar esa avvalgi bekatlarda hech bo‘lmaganda yomg‘irdan panalanish yoki o‘tirib turish imkoni bo‘lganini ta’kidladi.

Bugungi kunda shaharning markaziy ko‘chalarida haqiqatdan ham zamonaviy talablarga javob beradigan bir nechta avtobus bekatlarini uchratish mumkin. Biroq poytaxtning katta qismida bu manzara hali odatiy emas. Qariyb yarim yil davomida oddiy konstruksiyadagi bekatlarni ham to‘liq jihozlashning imkoni bo‘lmadimi? Nega barcha bekatlar yagona standart asosida qurilmayapti? Yoki zamonaviy qiyofa faqat markaziy va gavjum ko‘chalar uchunmi?

Mazkur savollarga javob olish maqsadida Toshkent shahar hokimligiga bordik. Hokimlik mas’ullarining ma’lum qilishicha, yangi avtobus bekatlarini to‘liq jihozlash ishlari bosqichma-bosqich amalga oshirilmoqda. Ularning aytishicha, yil yakuniga qadar rejadagi barcha bekatlar to‘liq tayyor holga keltirilishi va zarur infratuzilma bilan ta’minlanishi ko‘zda tutilgan.

Eslatib o‘tamiz, poytaxtdagi tadbirkorlar tomonidan qurilgan “do‘konli avtobus bekatlari”ni demontaj qilish va ular o‘rniga zamonaviy tipdagi avtobus kutish bekatlarini barpo etish ishlari Prezidentning 2025 yil 4 dekabrdagi “Toshkent shahrida transport tizimi boshqaruvini takomillashtirish hamda tirbandliklarning oldini olishga qaratilgan qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi PQ–368-son qarori hamda uning ijrosini ta’minlash maqsadida qabul qilingan Toshkent shahar hokimining 2025 yil 22 dekabrdagi 906-14-0-Q/25-son qarori asosida boshlangan edi. Mazkur qaror asosida joriy yilning fevral–mart oylaridan tadbirkorlar tomonidan qurilgan eski bekatlar va ularga tutash savdo shoxobchalari bosqichma-bosqich buzib tashlandi.

Voqea tafsilotlari bilan batafsil tanishish uchun QALAMPIR.UZ’ning YouTube’dagi sahifasi orqali ushbu videoni tomosha qiling.


Maqola muallifi

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing