AQSH Yaman husiylarini terrorchi deb e’lon qildi

Olam

image
Husiylar Isroil Mudofaa vazirligi binosiga zarba berdi north_east

Husiylar Isroil Mudofaa vazirligi binosiga zarba berdi

Yamandagi husiylar harakati  AQSHda “xorijiy terrorchi tashkilot” maqomini oldi. Bu haqda kecha, 4 mart kuni AQSH Davlat departamentining tegishli bayonoti e’lon qilindi.

Shunday qilib, AQSH Prezidenti Donald Trampning 22 yanvardagi tegishli farmoni kuchga kirdi.

Farmon matnida ta’kidlanishicha, 2023 yildan beri husiylar Eron Islom inqilobi qo‘riqchilari korpusi ko‘magida AQSH harbiy-dengiz kuchlari harbiy kemalariga o‘nlab marta o‘q uzgan.

“2014-2015 yillarda husiylar fuqarolik infratuzilmasiga ko‘plab hujumlar uyushtirdi, jumladan Saudiya Arabistonidagi fuqarolik aeroportlariga bir necha marta hujumlar uyushtirdi, 2022 yil yanvarida Birlashgan Arab Amirliklariga hujumlar uyushtirdi va 2023 yil oktyabr oyidan beri Isroilga 300 dan ortiq snaryadlar otdi”, deyiladi hujjatda.

AQSH ma’lumotlariga ko‘ra, 2023 yildan beri husiylar Qizil dengiz va Adan ko‘rfazidagi savdo kemalariga 100 martadan ortiq hujum qilishgan.

“Xusiylarning harakatlari Yaqin Sharqdagi amerikalik tinch aholi va xodimlar xavfsizligiga, eng yaqin mintaqaviy hamkorlarimiz xavfsizligiga va global dengiz savdosi barqarorligiga tahdid soladi”, deyiladi Davlat departamenti bayonotida.

Terrorizmni tasniflashda Qo‘shma Shtatlar "Maxsus belgilangan global terrorchilar" va "xorijiy terroristik tashkilotlar"ni ajratadi. Sanksiyalar doirasi ularning ro‘yxatlardan qaysi biriga kiritilganligiga bog‘liq.

Qayd etish joiz, Donald Tramp birinchi ma’muriyati davrida husiylar harakatini terrorchilik tashkilotlari ro‘yxatiga kiritgan. Biroq hokimiyatga Jo Bayden kelgach, ular ushbu ro‘yxatdan chiqarilgan. AQSHning sobiq davlat kotibi Entoni Blinken o‘shanda bu qaror gumanitar sabablarga ko‘ra qabul qilinganini aytgandi.

Ma’lumot uchun, G‘azo sektoridagi mojaro avj olgandan so‘ng, husiylar Isroilni o‘qqa tutishi va Falastin anklavidagi operatsiya to‘xtatilmaguncha unga aloqador kemalarning Qizil dengiz va Bob al-Mandeb bo‘g‘ozi suvlari orqali o‘tishiga ruxsat bermasligi haqida ogohlantirgan. O‘tgan yilning noyabr oyidan beri husiylar Qizil dengiz va Adan ko‘rfazida fuqarolik kemalariga hujum qilgan.

Husiylarning harakatlariga javoban Amerika rasmiylari Qizil dengizda navigatsiya erkinligini ta’minlash va kemalarni himoya qilish maqsadida xalqaro koalitsiya tuzilgani va “Gardian of Prosperity” operatsiyasi boshlanganini e’lon qildi. Keyinchalik Buyuk Britaniya va AQSH qurolli kuchlari Yamanning turli viloyatlaridagi husiylarning harbiy nishonlariga muntazam zarba bera boshladi.


Maqola muallifi

Teglar

AQSh Yaman husiylar

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing