Yamal mavsumining eng yaxshi futbolchisi deb topildi
Sport
−
05 iyun 1560 1 daqiqa
“Barselona” hujumchisi Lamin Yamal La Liga rasmiy sayti talqiniga ko‘ra, 2025-2026 yilgi Ispaniya chempionati mavsumining eng yaxshi futbolchisi deb topildi. Bu haqda Kataloniya klubi matbuot xizmati xabar berdi.
18 yoshli Yamal “Barselona” akademiyasi tarbiyalanuvchisi bo‘lib, 2023 yildan buyon asosiy jamoa safida to‘p surib kelmoqda. O‘tgan mavsumda u chempionatda 28 ta o‘yinda maydonga tushib, 16 ta gol urdi va 12 ta golli uzatmani amalga oshirdi.
Bu yil Yamal “Barselona” bilan Ispaniya chempionligini qo‘lga kiritdi. Shuningdek, u klub bilan yana ikki marta mamlakat chempionati, ikki marta Superkubok va bir marta Ispaniya Kubogida g‘olib chiqqan.
“Transfermarkt” ma’lumotlariga ko‘ra, futbolchi ayni paytda La Liganing eng qimmat o‘yinchisi hisoblanadi. Uning transfer qiymati 200 million yevroga baholanmoqda. Bunga qadar u bu ko‘rsatkich bo‘yicha “Real” hujumchisi Kilian Mbappe bilan teng edi, ammo fransuz futbolchisining qiymati 180 million yevroga tushgan.
Yamal Ispaniya milliy terma jamoasining 2026 yilgi Jahon chempionati uchun yakuniy tarkibiga kiritilgan. Ispaniya musobaqadagi ishtirokini joriy yilning 15 iyun kuni Kabo-Verdega qarshi o‘yin bilan boshlaydi. Keyingi bahslar Saudiya Arabistoni (21 iyun) va Urugvay (27 iyun) terma jamoalariga qarshi bo‘lib o‘tadi.
Live
Barchasi