Yaqin Sharqdagi shikastlangan energiya ob’ektlari soni ochiqlandi
Olam
−
23 mart 2934 2 daqiqa
Xalqaro energetika agentligi (XEA) rahbari Fotih Birol Yaqin Sharqning to‘qqizta davlatida 40 dan ortiq energiya ob’ektlari jiddiy shikastlanganini ma’lum qildi. Bu haqda “Bloomberg” xabar berdi.
Bugun, 23 mart kuni Avstraliya Milliy matbuot klubidagi chiqishi chog‘ida Birol neft konlari, neftni qayta ishlash zavodlari va quvurlar faoliyatini tiklash uchun ancha vaqt talab etilishini bildirgan.
Birolning so‘zlariga ko‘ra, hozirgi uzilishlarning oqibatlari 1970 yillardagi ikkita yirik neft inqirozi va 2022 yildagi gaz inqirozi bilan tenglashishi mumkin. Yaqin Sharqda uch haftadan ortiq davom etayotgan nizo energiya yetkazib berish zanjirlarini buzib yuborgan va Hormuz bo‘g‘ozini deyarli butunlay yopib qo‘ygan. Bu esa neft, tabiiy gaz va yoqilg‘i narxlarining keskin oshishiga olib kelgan.
XEA rahbarining qayd etishicha, uzilishlar nafaqat neft va gazga, balki jahon iqtisodiyotining neft kimyosi, o‘g‘itlar, oltingugurt va geliy kabi ba’zi muhim tarmoqlariga ham ta’sir qiladi.
Eslatib o‘tamiz, joriy yilning 21 mart kuni Tramp, agar Hormuz bo‘g‘ozi 48 soat ichida ochilmasa, AQSH Eronning bir qator elektr stansiyalarini yo‘q qilishini aytgandi. AQSH Moliya vaziri Skott Bessent Trampning bayonotiga izoh berar ekan, AQSH Prezidentining operatsiya tez orada yakunlanishi haqidagi so‘zlari va uning elektr stansiyalariga zarba berish bilan qo‘rqitishi o‘rtasida hech qanday ziddiyat ko‘rmayotganini ta’kidladi.
Bugun, 23 mart kuni Donald Tramp Tehron bilan Hormuz bo‘g‘ozini kemalar qatnovi uchun ochish bo‘yicha muzokaralar o‘tkazish maqsadida mamlakat qurolli kuchlariga Eronning energetika ob’ektlariga beriladigan zarbalarni besh kunga kechiktirishni buyurdi.
Live
Barchasi