Wildberries omborlarini O‘zbekistonga ko‘chirmoqchi – OAV

Olam

image

Rossiyaning eng yirik marketpleysi Wildberries’ning uzoq muddat saqlanadigan mahsulotlari Belarus, Qozog‘iston va O‘zbekistondagi omborlarga yo‘naltirilishi mumkin. Bu haqda “The Moscow Times” xabar berdi.

Qayd etilishicha, bunga Ukraina dronlarining kompaniya omborlariga uyushtirayotgan hujumlari sabab bo‘lmoqda. Sotuvchilar bilan o‘tkazilgan uchrashuvlarda Wildberries vakillari yangi logistika tizimi joriy etilishini ma’lum qilgan. Uchrashuv ishtirokchilaridan birining aytishicha, ularga endi uzoq muddatli saqlash omborlari Belarus, Qozog‘iston va O‘zbekistonda joylashishi aytilgan. Biroq bu o‘zgarish narxlar, yetkazib berish muddati va mahsulotlarni ushbu davlatlarga qanday tashish masalasiga qanday ta’sir qilishi hozircha ochiqlanmagan.

Boshqa tadbirkorning so‘zlariga ko‘ra, Wildberries mazkur davlatlarda allaqachon o‘ziga tegishli va ijaraga olingan omborlarga ega bo‘lib, mahsulotlarni xorijdagi logistika markazlariga ko‘chirishni boshlab yuborgan. Sotuvchilardan biri vaziyatni shunday izohlagan:

“Kompaniya yangi omborga mahsulot yuborishni so‘rashi bilan u yerga dronlar zarba bermoqda”.

Uning fikricha, mahsulotlarni xorijiy omborlarga ko‘chirish ularni hujumlardan himoya qilishi mumkin. Biroq tadbirkorlar bu qaror boshqa muammolarni ham keltirib chiqarishidan xavotirda.

Ularning aytishicha, uzoq logistika zanjiri sababli Wildberries yetkazib berish tezligi va narxi bo‘yicha asosiy raqobatchilariga yutqazishi mumkin. Yirik sotuvchilarning aylanmasining 70-80 foizi aynan kompaniyaning uzoq muddatli saqlash omborlari orqali amalga oshiriladi. O‘z omboridan mustaqil yetkazib berish esa, ularning fikricha, asosan kichik va o‘rta biznes uchun mos.

Yana bir muammo – tovarlarni davlat chegarasi orqali olib o‘tishda bojxona deklaratsiyasining talab qilinishidir. Ayrim sotuvchilarning ta’kidlashicha, Wildberries’dagi ko‘plab mahsulotlar Rossiyaga “kulrang” yoki noqonuniy sxemalar orqali olib kirilgan bo‘lib, bunday tovarlarni rasmiy ravishda eksport qilish qiyin kechadi. Shu sababli, yirik yetkazib beruvchilar vaziyatni uddalashi mumkin bo‘lsa-da, kichik va o‘rta biznes vakillari jiddiy qiyinchiliklarga duch kelishi mumkin.

Tadbirkorlar yana bir xavfni ham tilga olmoqda. Ularning fikricha, Qozog‘istondagi omborlar orqali Xitoydan import qilinadigan mahsulotlarni olib kirish osonlashadi. Natijada arzon Xitoy mahsulotlari soni ortib, mahalliy sotuvchilar uchun raqobat kuchayadi.

Ma’lum qilinishicha, Wildberries Qozog‘istonning Ostona va Olmaota shaharlarida qariyb 46 ming kvadrat metr omborni ijaraga olgan hamda yana 260 ming kvadrat metrlik logistika majmuasini qurmoqda. Uni 2027 yilning birinchi choragida foydalanishga topshirish rejalashtirilgan.

Belarusda esa kompaniya qiymati 11 milliard rubl bo‘lgan, umumiy maydoni 140 ming kvadrat metrni tashkil etuvchi yirik ombor qurmoqda. Hozircha uning 20 ming kvadrat metri ishga tushirilgan. Loyiha to‘liq 2026 yil oxiri yoki 2027 yil boshida yakunlanishi kutilmoqda. Bundan tashqari, mamlakatda yana bir yirik logistika markazini qurish rejalashtirilgan.

O‘zbekistonda esa Wildberries Markaziy Osiyo logistika xabini barpo etmoqda. Kompaniya bosh direktori Robert Mirzoyan ma’lum qilishicha, loyiha Toshkent viloyatida qurilayotgan 170 ming kvadrat metrlik ombor majmuasi va saralash markazini o‘z ichiga oladi. Mazkur logistika markazi “Rossiya – O‘zbekiston – Yaqin Sharq” yo‘nalishini bog‘lashi, shuningdek, “Xitoy – O‘zbekiston – Afrika” eksport yo‘nalishi uchun tranzit nuqtasiga aylanishi rejalashtirilgan.

Tahlillarga ko‘ra, joriy yilning 2 avgust holatiga Wildberries logistika infratuzilmasining 17-22 foizi Ukraina dronlari hujumlari oqibatida shikastlangan. Keyinchalik kompaniyaning yana ikkita yirik omboriga zarba berilgan. Mutaxassislar vayron bo‘lgan ob’ektlarni tiklash xarajatini 62,5-80,8 milliard rubl, sotuvchilar ko‘rgan zararni esa qariyb 280 milliard rublga baholamoqda.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Wildberries kompaniyasi asosiy logistika quvvatlarini Rossiyadan tashqariga ko‘chirmayotgani, shu bilan birga, mamlakatdan tashqaridagi ob’ektlar qurilishi rejalashtirilgan tartibda olib borilayotgani haqida xabar berilgan edi.


Maqola muallifi

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing