Weekend: Putinni Turkiyada kutgan Zelenskiy, Netanyaxuni hibsga olmoqchi bo‘lgan prokurorning yo‘ldan olinishi, Rossiyadan BAAga olib berilgan Suriyadagi port

Tahlil

Aslida Putin va Zelenskiy o‘rtasida 15 may kuni o‘tkazilishi kutilgan muzokaralarda umuman boshqa shaxslar ishtirok etdi. Bu 3 yillik tanaffusdan keyin tashkillashtirilgan ilk muzokaralar edi. Ikki tomon bosqin boshlanganidan ko‘p o‘tmay, 2022 yilda aynan Turkiyada bir stolga o‘tirgandi. Oradan 3 yil o‘tib, ular yana shu joyga qaytishdi. Ushbu uchrashuv yana Bosfor bo‘g‘ozi yaqinidagi o‘sha Dolmabaxche Prezident saroyida bo‘lib o‘tdi. Muzokaralar yopiq eshiklar ortida o‘tkazilib, unga Turkiya Tashqi ishlar vaziri Hoqon Fidan moderatorlik qildi. Yuqorida aytilganidek, bu saroyda Zelenskiy va Putin uchrashishi kutilgandi. Shu bois Zelenskiy bir kun oldin Turkiyada hozir bo‘ldi. Tramp esa bu yerdan biroz uzoqroqda, Fors ko‘rfazida, Putinning kelishini oxirgi soniyalargacha kutdi. Kreml esa eng so‘nggi lahzalarda Putin Istanbulga bormasligini ma’lum qilib, u tomonidan tasdiqlangan darajasi kichik bo‘lgan delegatsiya tarkibini e’lon qildi. Unda Rossiya Prezidentining yordamchisi, sobiq madaniyat vaziri Vladimir Medinskiy boshchiligidagi boshqa siyosiy va harbiy mulozimlar bor edi. Ukraina tarkibiga esa Mudofaa vaziri Rustam Umarov boshchilik qiladi. Shunday muzokaralarda eng oldi qatorda qatnashishi lozim bo‘lgan, ammo bu safar delegatsiya tarkibida bo‘lmagan Rossiya Prezidenti yordamchisi Yuriy Ushakov Rossiya delegatsiyasi Istanbulda siyosiy va texnikaviy masalalarni muhokama qiladi, deya ta’kidladi. Medinskiy esa unda kerakli qarorlarni qabul qilishda yetarlicha vakolat borligini bildirdi. Putin Istanbulga kelmagach, Zelenskiy hech bo‘lmaganda, Erdo‘g‘an bilan uchrashib, Albaniyadagi Yevropa siyosiy hamjamiyati sammitiga uchib ketdi. U bilan eng esda qolarli lahza jurnalistlarning Putinga aytadigan xabari bor yoki yo‘qligi haqidagi savoliga “men shu yerdaman va bu eng aniq messej” deya javob qaytargani bo‘ldi. Tramp esa Rossiya Prezidenti kelmagach, Yaqin Sharqda bir necha trillion dollarlik investitsiyalarini yig‘ishda davom etib qo‘ya qoldi.

16 may kuni Turkiyaning Istanbul shahrida Ukraina va Rossiya delegatsiyalari o‘rtasida ilk bor uch yillik tanaffusdan so‘ng uzoq kutilgan to‘g‘ridan to‘g‘ri muzokaralar bo‘lib o‘tdi. Uchrashuv taxminan 2 soat davom etdi. Muzokaralar davomida Rossiya delegatsiyasi Ukraina Qurolli kuchlarini Rossiya hududidan olib chiqishni talab qilgan. Shuningdek, to‘rt viloyat – Donetsk, Lugansk, Xerson va Zaporoje viloyatlaridan ham Ukraina to‘liq chiqib ketishi so‘ralgan. Ukrainalik manbalarning yozishicha, bu talablarga Ukraina rad javobini bergan, bunga javoban Rossiya delegatsiyasi esa tahdidli javob yo‘llagan holda, keyingi safar bu viloyatlar soni beshtaga yetadi degan. Ba’zi manbalar bu beshinchi viloyat deb Sumi yoki Dnepropetrovsk viloyati nazarda tutilganini taxmin qilmoqda. Shu bilan birga, Ukraina delegatsiyasi harbiylashtirilmagan xavfsizlik zonasi yaratish takliflarini rad etgan.

Ba’zi bir tasdiqlanmagan xabarlarga ko‘ra, muzokaralar katta axborot shovqini va bir-birini ayblashlar fonida o‘tgan. Ukraina tomoni 2022 yilgi Istanbul bilan taqqoslanishidan qo‘rqayotganini, Rossiya esa bu safar yana qat’iyroq shartlar qo‘yganini bildirgan. Biroq o‘ziga yarasha natijalar ham bor. Istanbuldagi muzokaralarda Ukraina va Rossiya delegatsiyalari “yaqin kunlarda” “1000 ga 1000” formatida mahbuslar almashinuvini amalga oshirishga kelishib oldi. Bu haqda Rossiya va Ukraina delegatsiyalari rahbarlari, Rossiya Prezidenti yordamchisi Vladimir Medinskiy va Ukraina Mudofaa vaziri Rustam Umarov ma’lum qildi. Umarovning so‘zlariga ko‘ra, to‘g‘ridan to‘g‘ri muzokaralar chog‘ida prezidentlar Vladimir Putin va Vladimir Zelenskiyning shaxsiy uchrashuvi ham muhokama qilingan. Ukraina delegatsiyasi rahbarining qo‘shimcha qilishicha, Rossiya bilan mumkin bo‘lgan yangi muzokaralar “yaqin vaqt ichida e’lon qilinadi”. Medinskiy esa jurnalistlarga Rossiya tomoni “uchrashuv natijalaridan umuman qoniqish hosil qilgani” va “aloqalarni davom ettirishga tayyorligini” aytdi. Rossiya Prezidenti yordamchisining bildirishicha, Ukraina tomonining Putin va Zelenskiy o‘rtasida to‘g‘ridan to‘g‘ri muzokaralar o‘tkazish haqidagi iltimosi “inobatga olingan”. Medinskiy, shuningdek, tomonlar o‘t ochishni to‘xtatish bo‘yicha batafsil rejalarni almashgandan so‘ng muzokaralarni davom ettirishga kelishib olganini aytdi.

Ammo muzokaralarning eng shov-shuvli tafsilotlardan biri “The Economist” muxbiri Oliver Keroll tomonidan ma’lum qilindi. Kerrolning manbasiga ko‘ra, Medinskiy Ukraina delegatsiyasiga “Biz urushni xohlamaymiz, lekin yana bir yil, ikki, uch yil – qancha kerak bo‘lsa, shuncha urushishga tayyormiz. Biz Shvetsiya bilan 21 yil urushdik. Siz qancha vaqt jang qilishga tayyorsiz?” deya qo‘rqitgan.

Ma’lumot o‘rnida, Shvetsiya Qirolligi va Rossiya o‘rtasida 1700-1721 yillar oralig‘ida “shimoliy urush” bo‘lib o‘tgan. 21 yil davom etgan urushda Nishtad shartnomasi imzolanib, bu Rossiyaning Boltiq dengiziga chiqishini ta’minlagan. Aynan “shimoliy urush”dagi g‘alaba Rossiyaning imperiyaga aylanishida hal qiluvchi rol o‘ynagan.

BAA Rossiyadan Tartusni tortib oldi

Suriyaning yangi hukumati Tartus portini rivojlantirish bo‘yicha Rossiya bilan Asad davrida, bundan 6 yil oldin tuzilgan shartnomani bekor qilib, portni Birlashgan Arab Amirliklarining Dubai Ports World ( DP World) kompaniyasiga topshirdi va u bilan 800 million dollarlik yangi kelishuvni imzoladi. Suriya 2019 yilda port infratuzilmasini rivojlantirish bo‘yicha Rossiyaning “Stroytransgaz” kompaniyasi bilan shartnoma imzolagan edi. Loyihaga ko‘ra, kompaniya 500 million dollarlik sarmoya kiritishi kerak bo‘lgan. Biroq 2025 yilning boshida Suriyada yangi hukumatning qarori bilan bu shartnoma rasman bekor qilingan. SANA axborot agentligining xabar berishicha, BAAga tegishli bo‘lgan DP World kompaniyasi bilan imzolangan memorandumga ko‘ra, endi Tartus portining yuk tashish imkoniyatlari oshiriladi, yangi sanoat hududlari va quruqlikdagi yuk terminali quriladi hamda port xalqaro savdo markaziga aylantiriladi. Ma’lumot uchun, Tartus portida Rossiyaning harbiy-dengiz kuchlari uchun mo‘ljallangan bazasi joylashgan. 2017 yilda, ya’ni bundan 8 yil muqaddam Rossiya va Suriya ushbu bazani 49 yil muddatga bepul foydalanishga kelishib olgan edi. Endi esa yangi o‘zgarishlar fonida Rossiyaning harbiy infratuzilmasi bo‘yicha kelishuvlar ham qayta ko‘rib chiqilishi mumkin. Anchadan buyon agar Rossiya Suriyadagi qaysidir ob’ektidan chiqib ketadigan bo‘lsa, bu birinchi navbatda Tartus portidan boshlashi taxmin qilinayotgandi.  

Umuman olganda, Tartusni Rossiyadan olib qo‘yilgani haqidagi xabarlar joriy yil boshida chiqqandi. Jumladan, 21 yanvar kuni Suriyaning yangi hukumati Rossiyaga O‘rtayer dengizidagi uzoq muddatli harbiy ishtirokini ta’minlovchi Tartus bilan bog‘liq shartnomani bekor qildi. Tartus viloyati Bojxona boshqarmasi Rossiya kompaniyasi bilan Tartus portiga investitsiya kiritish bo‘yicha kelishuv bekor qilingani va port faoliyatidan tushgan barcha daromadlar endi Suriya davlatining manfaatlari yo‘lida ishlatilishini ma’lum qildi. Bungacha esa portning daromad taqsimoti boshqa ko‘rinishda bo‘lgan. Xususan, oldinroq Asad rejimi va Rossiya kompaniyasi o‘rtasida imzolangan kelishuvga ko‘ra, Rossiya dengiz flotining Tartus portidagi ijara muddati 49 yilga uzaytirilgandi. Rossiya bu shartnomaga binoan, Tartusdan tushadigan foydaning 65 foizini olardi. Shartnoma bekor qilingach, bu ishni qaysi davlat yoki kompaniya o‘z zimmasiga olishi noma’lum edi. Ammo endi uning nomi aniq. Bu BAAning Dubai Ports World kompaniyasidir.

Isroilga qarshilar soni bittaga kamaydi

1 yildan buyon Isroilning G‘azodagi genotsid amaliyotlari va u yerda qilayotgan g‘ayriinsoniy qirg‘inlariga xalqaro darajada amalda qarshilik qilib kelayotgan sanoqli shaxslardan biri, Xalqaro jinoyat sudi Bosh prokurori Karim Xon vaqtincha lavozimidan ketdi. Buning sababi unga qarshi ilgari surilgan jinsiy tazyiq ayblovlari bo‘yicha olib borilayotgan surishtiruvdir. Karim Xonga qarshi ayblovlar o‘tgan yili qo‘yilgan bo‘lib, bu uning Netanyaxuni hibsga olish to‘g‘risida order olishga muvaffaq bo‘lgan paytiga to‘g‘ri keldi. XJS prokurori 2024 yil may oyidan boshlab Isroilning o‘sha paytdagi harbiy yetakchisi Yoav Galant va Bosh vazir Binyamin Netanyaxu, shuningdek, HAMAS harakati rahbarlarini hibsga olish bo‘yicha orden chiqarishga harakatni boshlagandi. O‘shanda Netanyaxuni javobgarlikka tortishda qarshiliklarga uchragan Karim Xonning intervyusi tarmoqlarda virus kabi tarqaldi. Unga ko‘ra, qudratli shaxslar tomonidan Karim Xonga go‘yoki bu sud faqat Putin va Afrikadagi diktatorlar uchun amal qilishi tushuntirilgan.

Lekin baribir 2024 yil oxirida u Netanyaxu hibsi uchun order olishga erishdi. G‘arbning qator qudratli davlatlari XJS ordenini hurmat qilishi, uni tan olgan holda Netanyaxu mamlakatga kirishi bilan qo‘lga olinishini e’lon qildi. Biroq bu jinoiy sudning asosini tashkil qiluvchi Rim statutini ratifikatsiya qilganiga qaramay, ko‘plab davlatlar Isroil Bosh vazirini qo‘lga olmasligini ma’lum qildi. Ayni paytga kelib mazkur order ham Netanyaxu uchun to‘siq bo‘la olmayapti. Karim Xonga qo‘yilgan ayblovlarga kelsak, 54 yoshli Bosh prokuror uzoq vaqt davomida bir ayolga nisbatan jinsiy tegajog‘lik va boshqa holatlarga yo‘l qo‘yganmish. Hozircha bu boradagi surishtiruv qachon yakunlanishi noma’lum. Karim Xonning bo‘shagan o‘rnini esa XJSning ikki nafar prokuror o‘rinbosari navbatma-navbat egallab turadi. Bungacha inson huquqlari tashkilotlari va ayrim sud xodimlari Karim Xonni surishtiruv yakunigacha lavozimidan chekinishga chaqirib kelgandi. Biroq u bu chaqiriqlarga javob bermagan.

“Reuters” nashriga ko‘ra, surishtiruv yakunlariga qadar Karim Xon ta’tilga chiqadi. U o‘ziga qo‘yilgan ayblovlarni qat’iyan rad etmoqda. Bu holat XJS amaliyotida misli ko‘rilmagan voqea bo‘lib, Karim Xonning o‘rnini qanday to‘ldirish bo‘yicha aniq tartib mavjud emas. Bu esa sudga nisbatan AQSH sanksiyalari ortidan yuzaga kelgan mavjud inqiroz fonida XJSda qo‘shimcha noaniqliklarni yuzaga keltirmoqda.

Ha aytgancha, XJS tomonidan Isroil amaldorlari uchun hibsga olish orderlari berilganidan  so‘ng AQSH ushbu sudga sanksiyalar joriy qilgandi. Bu sanksiyalar esa xalqaro huquq inqirozini tezlashtirmoqda. Ma’lumot o‘rnida shuni ham ta’kidlab o‘tish joizki, Xalqaro jinoiy sud  hozirda Isroil va HAMAS o‘rtasidagi mojaroga hamda Rossiyaning Ukrainadagi harbiy  harakatlariga oid urush jinoyatlari bo‘yicha tergov olib bormoqda. Aynan Karim Xon tashabbusi  bilan XJS Rossiya Prezidenti Vladimir Putinga va Isroil Bosh vaziri Binyamin Netanyaxuga  nisbatan hibsga olish orderlari chiqargan. Lekin, na Rossiya, na Isroil Xalqaro  jinoiy sudning Rim statutini ratifikatsiya qilmagan va ular sudning yurisdiksiyasini tan  olmaydi. Ayblovlarni ham rad etadi. Bu ham yetmaganidek, ortda qolgan davrda mazkur statutni ratifikatsiya qilgan Mongoliya Putinni, Vengriya esa Netanyaxuni o‘z yerlarida iliq kutib oldi.


Maqola muallifi

Teglar

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing