O‘yin endi boshlandi. 20 soniyada 2 ta zarba, 24 soniyada 2 ta begona tovush. Bular nimani anglatadi?

Tahlil

O‘tgan yil 25 dekabrda Rossiya hududida zarbaga uchrab, so‘ng Aqtauda qulagan Ozarbayjonga tegishli samolyot taqdiri yana e’tibor markazida. Aslida bu so‘nggi kunlarda Baku va Moskva o‘rtasidagi diplomatik ziddiyat fonida yuzaga chiqdi. Ozarbayjonning MINVAL nashri tomonidan sizdirilgan, rossiyalik kapitanga tegishli ekani aytilayotgan xat, video va audioyozuvlar esa bu ishdagi burilish nuqtasi bo‘ldi. Ko‘pchilikni bu dalillar nega aynan bugun e’lon qilingani shubhalantirmoqda. Ammo barchasini chetga surib, ushbu dalillardagi eng muhim nuqta bo‘lgan ikkita jihatga e’tiboringizni qaratmoqchimiz. Bular samolyotga qarata ikki marta o‘t ochish va bu jarayon 20 soniya atrofida amalga oshirilganidir. Chamasi 18 yoki 20 soniya. Undan kam ham, ko‘p ham emas.

Esingizda bo‘lsa, Ozarbayjonga tegishli Embraer 190 samolyotining “qora quti”si u ishlab chiqarilgan Braziliyaga yetkazilib, oradan ko‘p o‘tmay, Qozog‘iston boshchiligida tuzilgan va Ozarbayjondan ham vakillar jalb qilingan komissiya o‘rganishlar natijasida bundan 5 oy oldin, aniqrog‘i yanvar oyi oxirida dastlabki ma’lumotlarni tomonlar bilan ulashgandi. Fevral boshida esa mazkur aviahalokat bo‘yicha ilk hisobotlar ochiqlandi. O‘shanda bir qancha tekshiruv natijalari bilan birga soniyalar va ularda eshitilgan ikkita tovush bilan bog‘liq muhim jihat ham aniqlangandi. Ya’ni samolyot Grozniy ustidagi parvoz paytida ikki bor qo‘nishga harakat qilgan, ammo ikkinchi qo‘nishni ham amalga oshira olmaganidan so‘ng kapitan Bakuga qaytishga qaror qilgan. Ushbu qaror qabul qilingandan so‘ng Grozniy ustida 24 soniya oralig‘ida ikkita begona shovqin qayd etilgan.

Buyoqda chamasi 20 soniya oralig‘ida ikki marta o‘t ochish buyrug‘i, boshqa tomonda esa ancha oldin e’lon qilingan hisobot bo‘yicha 24 soniya ichida ikkita begona tovush. Aynan mana shu vaqt intervali bugun ko‘pchilikning e’tiboridan tushib qolmoqda. QALAMPIR.UZ esa shu kungacha ma’lum bo‘lgan rasmiy hisobotlar va yaqindagina OAVga sizdirilgan, ammo hali tasdiqlanib ulgurmagan, shunday bo‘lsa-da, tergov uchun juda muhim bo‘lishi mumkin bo‘lgan tafsilotlarni bir-biri bilan solishtirdi. Mazkur materialda ko‘pchilikning e’tiboridan chetda qolayotgan soniyalar hamda ularning tahlilini taqdim qilamiz.

“O‘qqa tut”

2024 yil 25 dekabrda Grozniyga yaqinlashayotganda urib tushirilgan AZAL aviakompaniyasining Embraer 190 samolyotiga o‘t ochish buyrug‘i rossiyalik havo hujumidan mudofaa kapitani Dmitriy Paladichuk tomonidan berilganini isbotlovchi video va audioyozuvlar tarqaldi. Aniqrog‘i 1 iyul kuni Ozarbayjonning “Minval” nashri tahririyatiga mazkur aviakatastrofa haqidagi shov-shuvli materiallar aks etgan anonim xat kelib tushgan. Maktubda havo hujumidan mudofaa kapitanining Rossiya Mudofaa vazirligi buyrug‘i bilan samolyotga o‘t ochilgani haqidagi tushuntirish xati, video, audioyozuvlar va jihozlarning holati haqidagi tafsilotlar mavjud. Xatning qisqa mazmuniga ko‘ra, Paladichukka bir necha soatlar orasida jangovar shaylik va eng so‘nggida nishonni yo‘q qilish buyrug‘i berilgan.

“Menga berilgan savollarning mohiyatiga kelsak, men, kapitan Dmitriy Sergeyevich Paladichuk, quyidagilarni tushuntirishim mumkin: Men 274-sonli BM komandiriman, hisob-kitob boshlig‘i, 2024 yil 24 dekabrdan 2024 yil 25 dekabrgacha Grozniy shahrini qamrab olish uchun jangovar navbatchilikda edim. 25 dekabr kuni soat 05:40 da 1-sonli shaylikka chiqish buyrug‘i olindi. Soat 05:48 da uyali aloqa orqali 1-sonli shaylikka o‘tish haqida xabar berdim. Pozitsiyadagi uyali aloqa beqaror edi, menda boshqa barqaror aloqa vositalari yo‘q edi. Optik tolali kabellar yotqizilgan, ammo terminalga ulanmagan va terish maydoni bo‘lgan raqamli telefon yo‘q edi”, deyilgan xatda.

Nishonni yo‘q qilish buyrug‘iga kelsak, bunday topshiriq Paladichuk tomonidan ikki bor berilgan. Birinchi zarba noaniq ketgan, oradan 18 soniya o‘tgach, yana o‘t ochish topshirig‘i berilgan.

“Soat 08:11 da nishonni aniqlash stansiyasi potensial nishonni aniqladi, men “Raketa uchirish tizimi”ni aniq kuzatishni oldim, bu haqda men 51-diviziya qo‘mondonlik punktiga xabar berdim. 08:13 da men yangilangan koordinatalar haqida xabar berdim. Menga telefon orqali nishonni yo‘q qilish buyurildi. Soat 08:13:30 da operatorga ishga kirishish buyrug‘ini berdim. Soat 08:13:33 da raketa yo‘riqnomadan chiqib ketdi. Soat 08:13:47 da nishonga yetib kelmagani haqida xabar berdi. 08:13:48 da yana ishga kirishish buyrug‘ini berdim”, deyiladi tushuntirish xatida.

Keling, voqea bo‘yicha vizual tushunchaga ega bo‘lish uchun, faqat xat emas, to‘g‘ridan-to‘g‘ri videotasvirga murojaat qilamiz. Unda Paladichuk tomonidan buyruq berish lahzalari aks etgan bo‘lib, o‘t ochish bo‘yicha birinchi topshiriq ikki bor takrorlangani va keyingi harakatlar aks etgan.

Endi shu videoni Paladichukka tegishli deya aytilayotgan tushuntirish xati asosida oniy lahzalar bo‘yicha tahlil qilamiz. Demak, birinchi buyruq soat 08:13:30 da berilgan. Ammo buyruq bajarilishi uchun Paladichuk uni takrorlashga majbur bo‘lgani bois raketa oradan 3 soniya o‘tibgina uchirilgan. Oradan 14 soniya o‘tgach esa u nishonga yetib kelmagani haqida xabar berilgan. Shundan so‘ng, Paladichuk darhol, aniqrog‘i, 1 soniya ichida – 08:13:48 da – yana o‘t ochish buyrug‘ini bergan. Birinchi o‘t ochilgan lahza va o‘t ochish uchun berilgan ikkinchi buyruq oralig‘ida 15 soniya borligi, ikkinchi buyruq bajarilishiga esa xuddi birinchisi kabi 2-3 soniya talab qilinishini hisobga olsak, mazkur ikki zarba uzog‘i bilan 18 soniya, boring ana 20 soniya ichida amalga oshirilganini anglash qiyin emas.

24 soniyada ikki tovush

Ammo bu soniyalarni g‘ijjalash nima uchun muhim? Aslida esa hamma gap mana shunda. Chunki soniyalar bundan 5 oy oldin halokat bo‘yicha taqdim qilingan birinchi rasmiy hisobotda alohida qayd etilgan.

Joriy yil yanvar oyi oxirida Embraer 190 halokati bo‘yicha ilk ma’lumotlar ochiqlangandi. Samolyot Rossiya hududida shikastlangan bo‘lishiga qaramay, u Aqtauga qulagani bois qoidaga ko‘ra, ushbu aviahalokatni tekshirish uchun Qozog‘iston hukumati tomonidan komissiya tuzilgandi. Ushbu komissiyaga voqea atrofidagi barcha tomonlar, jumladan, jabrlanuvchi Ozarbayjon ham jalb qilingan. Yil boshida tergovning dastlabki natijalari bo‘yicha e’lon qilingan hisobotda bir qator yangi tafsilotlar ma’lum bo‘lgandi. Unga ko‘ra, samolyotdagi yong‘inning asosiy manbai 4ta nuqta, ya’ni o‘ng qanot, chap qanot, fyuzelyajning burun va markaziy qismlari bo‘lgan. Mutaxassislar fyuzelyaj ya’ni samolyot tanasining quyruq qismida, vertikal stabilizator va rulda turli o‘lcham va shakldagi ko‘plab ochiq va noaniq shikastlanishlarni aniqladi. Xuddi shunday shikastlanishlar samolyotning chap dvigateli va chap qanotida ham aniqlangan. Ba’zi joylardagi teshiklar to‘rtburchaklar shaklida bo‘lgan.

Qozog‘istonda tuzilgan tergov komissiyasi ushbu hisobotni tayyorlashga Ozarbayjon vakillarini ham jalb qilgan holda dastlabki hisobotda quyidagi qolgan faktlarni ham tasdiqlagandi. Bu esa, nazarimizda, aynan shu faktlar eng muhim kalit bo‘lishi mumkin. Jumladan, samolyot Rossiya Federatsiyasi havo hududida, xususan, Grozniy aeroporti ustida parvoz operatsiyalarini bajarish chog‘ida GPS signallarini yo‘qotgan. Uchoq Grozniy ustidan ikkinchi qo‘nishni amalga oshira olmaganidan so‘ng kapitan Bakuga qaytishga qaror qilgan. Ushbu qaror qabul qilingandan so‘ng Grozniy ustida 24 soniya oralig‘ida ikkita begona shovqin qayd etilgan. Ikkita begona shovqin. Ikkita! Yuqorida esa rossiyalik kapitan ham bir emas, ikki marta o‘t ochishni buyurgani qayd etildi. U bu ishni tahminan 20 soniyalarda amalga oshirgan. Halokat bo‘yicha 5 oy oldin taqdim etilgan ilk rasmiy hisobotda esa hozir aytilganidek, 24 soniya ichida ikkita begona tovush eshitilgan. Shunda 20 va 24 soniya nimalargadir shama qilayotgandek ko‘rinmoqda. Aslida, bu hali ham davom etayotgan tergov uchun hal qiluvchi ahamiyat kasb etishi mumkin. Yana kim bilsin. Biz esa e’tiborimizni tortgan o‘sha soniyalarni bir-biri bilan solishtirdik, xolos. Qolgani esa tergovga ayon. Ha aytgancha, ushbu halokat bo‘yicha davom etayotgan tergov shu yil dekabr oyida tugashi aytilgan. Buni ancha avvalroq Qozog‘iston Transport vaziri o‘rinbosari Talgat Lastayev hukumatdagi brifing chog‘ida ma’lum qilgandi. U o‘shanda Xalqaro fuqaro aviatsiyasi tashkiloti Bosh kotibi va Prezidenti avariya bo‘yicha taqdim etilgan dastlabki hisobot sifatini yuqori baholaganini aytgandi.

Demak, 24 soniya ichida eshitilgan ikkita tovush masalasida muammo yo‘q. Ammo barchasi MINVAL nashri tomonidan e’lon qilingan va haqiqiyligi tekshirilayotgan o‘sha dalillarga bog‘liq bo‘lib qolmoqda. Nashr ushbu xat kapitanning imzosi bilan tasdiqlanganiga qaramay, uning haqiqiyligini aniqlash majburiyatini olmasligini bildirgan. Qayd etilishicha, tahririyat ushbu hujjatning olti oydan beri davom etayotgan tergov va jamiyat uchun ahamiyati yuqori bo‘lgani sababli uni e’lon qilishga majbur bo‘lgan. Ammo nashrga ko‘ra, xatning mazmunini tasdiqlovchi uchta ovozli xabarning audio yozuvini haqiqiy deb atash mumkin. Bu esa fojiani o‘rganayotgan Ozarbayjondagi vakolatli organlar uchun foydali ma’lumot bo‘lishi mumkinligini anglatadi. Xullas, barchasi 5-6 oydan so‘ng aniq bo‘ladi. Qing‘ir ishning qiyig‘i 40 yilda bo‘lsa ham chiqadi, deyishadi. Ozarbayjon samolyotining halokati bilan bog‘liq haqiqatning yuzaga chiqishi esa bu ketishda 40 yil tugul 1 yilga ham cho‘zilmaydiganga o‘xshaydi. Har qalay, 38 kishining umriga zomin bo‘lgan ikkita raketani uchirish buyrug‘i yuqoridagi 20-24 soniya bilan o‘lchangan bo‘lishi haqiqatdan yiroq emas.


Maqola muallifi

Teglar

Rossiya Ozarbayjon Grozniy AZAL Embraer 190

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing