Vengriyada deputatlar o‘z oylik maoshlarini ikki barobar qisqartirdi
Olam
−
09 iyun 2144 2 daqiqa
Vengriya parlamenti deputatlari o‘z maoshlari va imtiyozlarini qisqartirish haqidagi qonun loyihasini bir ovozdan ma’qulladi. Bu haqda “New Straits Times” nashri xabar berdi.
Qayd etilishicha, Vengriya deputatlari kecha, 8 iyun kuni o‘z maoshlari va imtiyozlarini qisqartirish haqidagi qonun loyihasini bir ovozdan qo‘llab-quvvatlagan. Bu qaror Bosh vazir Peter Madyar tomonidan davlat boshqaruvi xarajatlarini kamaytirish maqsadida ilgari surilgan.
199 o‘rinli parlamentning majlisda ishtirok etgan 189 nafar deputati hukmron “Tisza” partiyasi tomonidan taqdim etilgan qonun loyihasini qo‘llab-quvvatlagan. Qonunga muvofiq, deputatlarning oylik asosiy maoshi kelasi oydan boshlab soliqdan oldingi hisobda 40 foizga qisqartirilib, 3 690 yevro ekvivalentiga tushiriladi.
Shunga qaramay, asosiy maosh mamlakatdagi o‘rtacha ish haqidan deyarli ikki barobar yuqori bo‘lib qoladi. Viktor Orban davrida esa bu ko‘rsatkich o‘rtacha ish haqidan taxminan uch barobar yuqori bo‘lgan.
Qonunga ko‘ra, Bosh vazir, parlament spikeri va parlament qo‘mitalari a’zolarining maoshlari ham qisqartiriladi. Mobil telefon xarajatlarini qoplash amaliyoti to‘liq bekor qilinadi. Shuningdek, deputatlarga ofis ijarasi, turarjoy va xodimlar uchun beriladigan qo‘shimcha to‘lovlar ham kamaytiriladi.
Peter Madyarning aytishicha, ushbu choralar parlamentning amaldagi to‘rt yillik vakolat muddati davomida bir yillik faoliyat xarajatlariga teng mablag‘ni tejash imkonini beradi. Uning aytishicha, bu mablag‘lar korrupsiya oqibatida bo‘shab qolgan davlat xazinasini to‘ldirishga yordam beradi.
“Bu nafaqat insoniylik, balki o‘zini tiyish va kamtarlik masalasi hamdir”, degan Peter Madyar o‘tgan oy RTL xususiy telekanaliga bergan intervyusida.
O‘sha intervyuda Madyar shahar hokimlari maoshlarini ham qisqartirish kerakligini aytgan, bu esa ayrim mahalliy rahbarlarning noroziligiga sabab bo‘lgan.
Ma’lumot uchun, tanqidchilar mamlakatning sobiq bosh vaziri Viktor Orbanni muxolifat deputatlarini rozi qilish uchun yuqori maoshlar belgilaganlikda ayblagandi. 12 aprel kuni bo‘lib o‘tgan saylovlarda katta ustunlik bilan g‘alaba qozongan va asosan siyosatga yangi kirib kelganlardan tashkil topgan “Tisza” partiyasi rahbari Peter Madyar mazkur amaliyotning eng keskin tanqidchilaridan biri bo‘lgan.
Konservativ va Yevropa Ittifoqini qo‘llab-quvvatlovchi Peter Madyar hokimiyatga keng qamrovli islohotlar, jumladan, korrupsiyaga qarshi kurashni kuchaytirish va’dalari bilan kelgan. Mamlakatning korrupsiyaga qarshi kurashuvchi “Integrity Authority” tashkiloti rahbari Ferens Bironing baholashicha, Viktor Orbanning 16 yillik hokimiyati davrida tizimli korrupsiya Vengriyaga kamida 186 milliard yevro zarar yetkazgan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Vengriyaning yangi saylangan Bosh vaziri Peter Madyar parlamentda mamlakat Prezidentiga nisbatan impichment (lavozimidan chetlatish) jarayonini boshlash niyatida ekanini ma’lum qilgandi.