“O‘zingga ehtiyot bo‘l...” Finlyandiya Rossiya bilan chegarasini mustahkamlayapti
Olam
−
18 yanvar 2024 6423 1 daqiqa
Finlyandiya Rossiya bilan chegarasida qo‘shimcha to‘siqlar o‘rnatmoqchi. Bu haqda “Yle” telekanali xabar berdi.
Qayd etilishicha, chegara xizmati to‘siqlarning aniq joylashuvi yoki ularning dizayni haqida hali ma’lumot bermagan.
“Chegarani noqonuniy kesib o‘tishning oldini olish hamda migrantlar oqimi tufayli mamlakat sharqiy chegarasida qo‘shimcha to‘siqlar o‘rnatilishi kutilmoqda”, deyiladi manbada.
Shuningdek, 2023 yil noyabr oyidan boshlab, Finlyandiya rasmiylari Rossiya hududi orqali Yevropa Ittifoqidan boshpana so‘rayotgan uchinchi davlat fuqarolari ko‘payganidan shikoyat qila boshlagandi. O‘tgan yilning kuz oylarida jami 1300 dan ortiq muhojir mamlakatga kirgani haqida Finlyandiya migratsiya xizmati xabar bergan.
Ma’lumot uchun, Finlyandiya va Rossiya o‘rtasidagi quruqlik chegarasining uzunligi qariyb 1300 km.ni tashkil etadi.
Eslatib o‘tamiz, Finlyandiya hukumati qarori bilan Rossiya Federatsiyasi bilan chegaradagi barcha avtomobil nazorat punktlari 2023 yil 30 noyabrdan 14 dekabrgacha yopilgan edi. Shundan so‘ng ikkita nazorat-o‘tkazish punkti ochildi, biroq uchinchi davlatlardan muhojirlarning qayta oqimi tufayli chegara yana 2023 yil 15 dekabrdan 2024 yil 11 fevralgacha yopildi.
Live
Barchasi