Islom sivilizatsiyasi markazi geosiyosiy loyihami?
Foydali
−
24 mart 3068 7 daqiqa
Zamonaviy geosiyosiy makon kundan kunga o‘z barqarorligini yo‘qotib bormoqda. Yirik davlatlar o‘rtasidagi ketayotgan ko‘rinmas urush nafaqat siyosiy, balki iqtisodiy va mafkuraviy sohalarni ham o‘z ichiga olgan. Bugungi kungi reallik shuni ko‘rsatmoqdaki, katta va qudratli davlatlar xalqaro huquq normalarini bir chetga surib, muammolarni klassik usulda, kuch va bosimlar yordamida hal etishga harakat qilmoqda. AQSH, Rossiya va Eronning so‘nggi vaqtlarda xalqaro maydondagi harakatlari diplomatiya va rivojlangan xalqaro munosabat g‘oyalaridan uzoq, realizm asnosida “qattiq kuch” tamoyillariga butunlay tayanib qolgan. Bunday vaziyatda kichikroq va endi rivojlanayotgan davlatlar uchun “omon qolish ssenariysi” qanday, degan savol ko‘pchilikni o‘ylantirmoqda.
Ayni damda O‘zbekistonning oxirgi yillardagi tashqi siyosiy harakatlariga nazar tashlar ekanmiz, ko‘p vektorli siyosatning xalqaro maydonda qo‘l kelayotganini ko‘rishimiz mumkin. Global liderlikka da’vogarlar ko‘p bo‘lgan davrda ular o‘rtasida barqarorlikni saqlash va masalani o‘z manfaatlariga sura bilish muhim. Shuningdek, O‘zbekistonning Markaziy Osiyoda yetakchi davlat maqomiga intilishi va bu yo‘lda barcha sohalar qatorida yumshoq kuch siyosatini ham rivojlantirayotgani alohida e’tiborga loyiq. Ayniqsa, islom tarixi va madaniyati markazlaridan biri sifatida xalqaro sahnaga chiqayotgan O‘zbekiston nafaqat Markaziy Osiyoda, balki yanada kengroq mintaqa – Yevroosiyoda ham kuchli aktor sifatida shakllanmoqda.

Bu borada “New Lines Institute for Strategy and Policy” tashkilotining katta direktori Kamran Boxarining (PhD) nufuzli “Forbes” nashrida chop etilgan “Murakkab davrlarda yumshoq kuch: O‘zbekiston, Islom sivilizatsiya markazi va Yevroosiyo farovonligi” nomli maqolasi alohida ahamiyat kasb etadi.
(Boxari ushbu tashkilotning asosiy asoschilaridan biri bo‘lib, ayni paytda Jorjtaun universitetining Security Studies Program doirasida Yevroosiyo geosiyosati fanidan dars beradi. Shuningdek, u ilgari AQSH davlat departamentining Xalqaro xizmatlar institutida Markaziy Osiyo tadqiqotlari koordinatori lavozimida ham faoliyat yuritgan.)
“Ushbu strategik notinchlik sharoitida O‘zbekiston zamonaviy boshqaruv, iqtisodiy rivojlanish va global hamkorlik talablariga javob beradigan, mo‘’tadil tarixiy an’analarga asoslangan islom modelini ilgari surmoqda”, deb yozadi u.
O‘zbekiston islom sivilizatsiyasining beshigi sifatida
Markaziy Osiyo, jumladan, O‘zbekiston hududlari uzoq tarixiy davr mobaynida turli din va e’tiqodlar kesishgan muhim chorraha bo‘lgan. Buyuk Ipak yo‘li orqali turli xalqlarni o‘zaro bog‘lagan bu hududga har xil tovarlar bilan bir qatorda din va madaniyatlar ham kirib kelgan. Qadimgi Baqtriya va Xorazmda zardushtiylik shakllangan bo‘lsa, Hindiston va Xitoy bilan aloqalar mintaqaga buddizmning yoyilishida muhim rol o‘ynadi. Mahalliy ko‘chmanchi xalqlar o‘rtasida shamanizm va tengrichilik keng tarqalgan bo‘lsa, xristian missionerlari mintaqada o‘z e’tiqodlarini yoyishga urinishgan.
Markaziy Osiyoga islomning kirib kelishi VII–VIII asrlardagi arab istilolari davriga to‘g‘ri keladi. Turli iqtisodiy va madaniy bosimlar ortidan xalq orasida yoyilgan islom dini asta-sekin mintaqaning asosiy e’tiqodiga aylandi. Tez orada arab tili va islomiy ilm-fan hududda ustuvor madaniy platformaga aylanib, mahalliy elitalarning yangi intellektual yo‘nalishini belgilab berdi. Ayniqsa, Samarqand va Buxoro qisqa vaqt ichida nafaqat siyosiy va iqtisodiy, balki ilmiy markaz sifatida ham shakllandi.

Bu jarayon tasodifiy emas edi, balki mintaqaning Buyuk Ipak yo‘li ustida joylashgani uni g‘oyalar, bilimlar va texnologiyalar chorrahasiga aylantirdi. Natijada Markaziy Osiyo islomni shunchaki qabul qiluvchi hudud emas, balki uni qayta ishlab, boyituvchi sivilizatsion makonga aylandi. Imom Buxoriy, Abu Mansur Moturidiy, Muhammad at-Termiziy, Bahouddin Naqshband kabi allomalar aynan shu muhitda yetishib chiqdi.
Shu tariqa, Markaziy Osiyo islom sivilizatsiyasining periferiyasi (markazdan uzoqda joylashgan, ikkinchi darajali hudud) emas, balki uning intellektual markazlaridan biri – haqiqiy “beshik” sifatida tarix sahnasiga chiqdi.
Kamran Boxarining fikricha, O‘zbekistonda Islom sivilizatsiyasi markazining ochilishi shunchaki madaniy tadbir emas, balki strategik loyihadir.
“Islom sivilizatsiya markazini tashkil etish orqali Toshkent o‘zini ushbu merosning himoyachisi va zamonaviy talqinchisi sifatida namoyon qilmoqda. Bu meros Samarqand, Buxoro, Xiva, Termiz va Qo‘qon kabi shaharlarda mujassam”, deb yozadi Boxari.
Boxarining o‘z maqolasida aytishicha, Janubiy Kavkaz va Markaziy Osiyo, Yaqin Sharq va Janubiy Osiyo bilan tobora chambarchas bog‘lanib bormoqda. Lekin bu integratsiyaga ikki asosiy xavf to‘sqinlik qilmoqda: Eron atrofidagi urush va Tolibon boshqaruvidagi Afg‘onistondan tarqalayotgan beqarorlik. Muallifga ko‘ra, aynan shunday vaziyatda O‘zbekiston o‘zini “mo‘’tadil islom”, madaniy meros va mintaqaviy barqarorlik g‘oyasi orqali namoyon etmoqda.
Bundan tashqari, Kamran Boxarining fikricha, Islom sivilizatsiya markazining tashabbusi O‘zbekistonning kengroq geosiyosiy ambitsiyalari bilan ham chambarchas bog‘liq. Mamlakat asta-sekin Yevroosiyo makonida “o‘rta darajadagi kuch” sifatida shakllanib bormoqda. Toshkent ayniqsa, C5+1 formatida faol ishtirok etib, o‘zining geografik markaziyligi, demografik salohiyati va islohotlar siyosati orqali mintaqaviy kun tartibini shakllantirishga intilmoqda. Bu jarayonda O‘zbekiston nafaqat iqtisodiy va xavfsizlik masalalarida, balki madaniy-diplomatik yo‘nalishda ham yetakchilik qilishga urinyapti.
“Prezident Shavkat Mirziyoyev rahbarligida Toshkent mintaqaviy normallashtirish va iqtisodiy ochiqlik strategiyasini amalga oshirdi, bu esa C5 guruhini asosan maslahat forumidan aloqa, energetika sohasidagi hamkorlik va xavfsizlikni muvofiqlashtirishni rivojlantirish platformasiga aylantirdi. O‘zbekistonning faol diplomatiyasi, shuningdek, Markaziy Osiyo Qo‘shma Shtatlar, Xitoy va Rossiya kabi yirik davlatlar o‘rtasidagi munosabatlarni muvozanatlashtirgan holda mintaqaviy blok sifatida yanada izchil harakat qilishi mumkinligi g‘oyasini mustahkamladi”, deb yoziladi maqolada.
Islom sivilizatsiya markazi – mojarolarni hal etish kaliti
Bugungi kunda G‘arbiy va Janubiy Osiyoda keskinlashib borayotgan geosiyosiy ziddiyatlar Markaziy Osiyo davlatlari, xususan O‘zbekiston uchun jiddiy xavotir manbaiga aylanmoqda. Eron atrofidagi urush, Afg‘onistondagi beqarorlik va Pokiston bilan keskinliklar fonida Toshkent vaziyatni faqat xavfsizlik nuqtai nazaridan emas, balki madaniy va sivilizatsion yondashuv orqali ham boshqarishga urinmoqda. Aynan shu kontekstda Islom sivilizatsiyasi markazining tashkil etilishi strategik ahamiyat kasb etadi.
Olim ta’kidlaganidek, “O‘zbekiston Eron bilan bog‘liq mojaroning davom etishini o‘zining geoiqtisodiy manfaatlariga tahdid sifatida ko‘radi”. Shubhasiz, bu bejiz emas. Eng yaqin dengiz portiga chiqish uchun ikkita davlat hududidan o‘tishi kerak bo‘lgan noyob davlat sifatida O‘zbekiston uchun Eron hududi Markaziy Osiyoni ochiq dengiz yo‘llari bilan bog‘lovchi eng qisqa va strategik yo‘lak hisoblanadi. Shu bois, rasmiy Toshkent Eron va AQSH o‘rtasidagi uzoq yillik qarama-qarshilikning yumshatilishini muhim deb biladi va diplomatiya hamda deeskalatsiyani faol qo‘llab-quvvatlamoqda.

Bunday yondashuv Islom sivilizatsiyasi markazining faoliyatida ham o‘z aksini topadi. Markaz faqat tarixiy merosni targ‘ib qiluvchi institut emas, balki “bag‘rikeng va insonparvar islom modelini ilgari suruvchi platforma” sifatida ko‘rilmoqda.
“Islom sivilizatsiyasi markazining mintaqaviy barqarorlikni mustahkamlovchi va radikalizmga qarshi muqobil g‘oyaviy maydon yaratadi”, deb yozadi Kamran Boxariy.
Bu ayniqsa, Afg‘oniston bilan bog‘liq vaziyatda muhim. 2021 yilda Tolibon hokimiyatga qaytgach, O‘zbekiston Qobul bilan ehtiyotkor aloqalar olib bormoqda. Chunki Afg‘onistonning beqarorligi nafaqat xavfsizlik, balki mafkuraviy tahdidlarni ham kuchaytiradi. Shu bois Toshkent radikal islomizmga qarshi kurashda harbiy vositalardan ko‘ra, ideologik va madaniy yondashuvni ustun qo‘ymoqda. Islom sivilizatsiyasi markazi aynan shu strategiyaning markaziy elementi sifatida maydonga chiqmoqda.
Bundan tashqari, Pokiston va Tolibon o‘rtasidagi so‘nggi keskinliklar ham mintaqadagi “beqarorlik yoyini” kengaytirish xavfini tug‘dirmoqda. Eron bilan urush fonida bu jarayonlar bir-birini kuchaytirib, butun G‘arbiy Osiyo hududida xavfli muhitni yuzaga keltirishi mumkin. Shu sharoitda Toshkentning siyosati uch asosiy yo‘nalishni o‘zida mujassam etadi: ehtiyotkor diplomatiya, madaniy ta’sir va xavfsizlikni ta’minlash.
Muallif fikricha, “Islom sivilizatsiyasi markazi O‘zbekistonning sivilizatsion merosini institutsional shaklga keltirib, uni zamonaviy geosiyosiy vositaga aylantiradi”. Bu esa mamlakatga nafaqat mintaqaviy barqarorlikni qo‘llab-quvvatlash, balki Yevroosiyo, Yaqin Sharq va Janubiy Osiyo o‘rtasida madaniy ko‘prik vazifasini bajarish imkonini beradi.
Xulosa qilib aytganda, Islom sivilizatsiyasi markazi oddiy madaniy loyiha emas. U Toshkentning murakkab mintaqaviy muammolarni hal etishda “yumshoq kuch”, diplomatiya va strategik fikrlashni uyg‘unlashtirgan yondashuvining ifodasidir. Aynan shu model orqali O‘zbekiston o‘zini beqarorlik hududida muvozanatni saqlovchi va barqarorlikni targ‘ib qiluvchi muhim aktor sifatida namoyon etmoqda.
Live
Barchasi