O‘zbekistonlik tennischilar Uimbldondagi ishtirokini boshladi
Sport
−
07:58 1497 2 daqiqa
O‘zbekiston sharafini himoya qilayotgan tennischilar “Katta dubulg‘a” turkumiga kiruvchi Uimbldon turnirining birinchi bosqichida ishtirok etishdi. Kun yakunida ikki g‘alaba va bir mag‘lubiyat qayd etildi.
Mamlakatning birinchi raketkasi Kamilla Rahimova dunyoning 66-raqamli tennischisi, ukraynalik Anna Kalininani irodali tarzda mag‘lub etdi. Rahimova birinchi setda 4:6 hisobida imkoniyatni boy berganiga qaramay, keyingi ikki setda yuqori saviyadagi o‘yin namoyish etib, 6:4 va 7:5 hisoblarida g‘alaba qozondi.
Yana bir o‘zbekistonlik tennischi Mariya Timofeyeva ham muvaffaqiyatli start oldi. U Braziliyaning tajribali tennischisi Beatris Haddad Mayyani 6:3, 6:2 hisobida mag‘lub etib, ikkinchi bosqich yo‘llanmasini qo‘lga kiritdi.
Bu g‘alaba Mariya uchun faoliyatidagi eng muhim yutuqlardan biri bo‘ldi. Uning raqibasi Beatris Haddad Mayya sobiq dunyoning 10-raqamli tennischisi bo‘lib, Braziliya tarixida WTA reytingining top-10 taligiga kirgan ilk ayol tennischi hisoblanadi. Shuningdek, u faoliyati davomida yakkalik bahslarida to‘rt, juftlik bahslarida esa sakkizta WTA chempionligini qo‘lga kiritgan.
Rahimova va Timofeyeva mazkur g‘alabalari orqali ikkinchi bosqichga chiqish bilan birga 70 WTA reyting ochkosi hamda 126 ming funt sterling (taxminan 166 ming AQSH dollari) miqdoridagi mukofot pulini ham kafolatladi.
Polina Kudermetova esa birinchi bosqichda dunyoning kuchli tennischilaridan biri, rossiyalik Lyudmila Samsonovaga qarshi bahs olib bordi. Uchrashuvda Samsonova 6:3, 6:3 hisobida g‘alaba qozonib, keyingi bosqichga yo‘l oldi. Shu tariqa, Polina Kudermetova uchun mavsumdagi uchinchi “Katta dubulg‘a” turniri ham o‘z nihoyasiga yetdi.
Live
Barchasi