O‘zbekistonlik bokschi AQSHdan deportatsiya qilindi
Sport
−
14:37 2123 3 daqiqa
O‘zbekistonlik professional bokschi Qudratillo Abduqahhorov AQSHda immigratsiya qoidalari bilan bog‘liq holat sabab hibsga olinib, keyinchalik mamlakatdan deportatsiya qilingan. Bu haqda “Fighting Styles” nashri xabar berdi.
Qayd etilishicha, Abduqahhorov 2026 yil 21 mart kuni Janubiy Kaliforniyada o‘tkazilgan ProBox boks oqshomida Joshua Kevin Antonga qarshi ringga chiqqan va birinchi raundda texnik nokaut bilan mag‘lub bo‘lgan. Birinchi raund yakunlanganidan so‘ng o‘zini yomon his qilgan o‘zbekistonlik bokschi bosh qismini ushlab, kuchli og‘riq sezayotganini ko‘rsatgan. Shundan keyin jangni davom ettirmaslikka qaror qilingan.
Jangdan keyin Abduqahhorov Los-Anjelesdan o‘zi doimiy yashab, ishlab kelgan Pensilvaniyaga yo‘l olgan. Bokschining aytishicha, uni avtomobilda olib ketayotgan tanishi bilan birga tegishli hujjatlar va amal qiluvchi vizalarga ega bo‘lmagan.
Abduqahhorovning so‘zlariga ko‘ra, yo‘lga chiqqanidan 5-6 kun o‘tib politsiya ularni to‘xtatgan va bokschi hibsga olingan. Keyinchalik u AQSH Immigratsiya va bojxona politsiyasi (ICE) nazoratiga o‘tkazilib, Vayoming shtatidagi Sweetwater County Jail hibsxonasiga jo‘natilgan.
O‘zbekistonlik bokschi u yerda 45 kun saqlanganini aytgan. Uning ta’kidlashicha, 25 ming dollar miqdorida garov puli to‘langaniga qaramay, advokat yordamidan taxminan bir oy foydalana olgan, keyin esa advokati bilan aloqa uzilgan. Shuningdek, hibsda bo‘lgan davrida internetdan foydalanish imkoniyati bo‘lmagan.
Abduqahhorov hibsda unga nisbatan zo‘ravonlik yoki boshqa turdagi tazyiq o‘tkazilganini da’vo qilmagan. Biroq u professional boksda bir qator nufuzli kamarlarni qo‘lga kiritgan sportchi sifatida bunday vaziyatga tushib qolish o‘zi uchun kutilmagan bo‘lganini bildirgan.
Manbaga ko‘ra, Abduqahhorov va uning menejeri Kike Maganya o‘rtasida moliyaviy kelishmovchilik yuzaga kelgan. Bokschi menejerini joriy yilning 21 martidagi jangi uchun belgilangan gonorarni unga bermaganlikda ayblagan. Maganya esa bu ayblovlarni rad etgan. U nashrga Zelle orqali Abduqahhorovga amalga oshirilgan bir nechta to‘lovlarni tasdiqlovchi skrinshotlarni taqdim etganini aytgan. Menejerning ta’kidlashicha, gonorardan soliqlar va boshqa majburiy to‘lovlar ushlab qolinganidan keyin pul bokschining hisob raqamiga o‘tkazilgan. Abduqahhorov esa pulni olmaganini ta’kidlamoqda.
Maganya, shuningdek, Abduqahhorovning AQSHda ishlash uchun vizasi bo‘lgani, ammo uning amal qilish muddati tugaganini ma’lum qilgan. Menejerning so‘zlariga ko‘ra, u bokschiga O‘zbekistonga qaytib, hujjatlarini tartibga keltirishni tavsiya qilgan. Biroq Abduqahhorov AQSHda qolib, DoorDash haydovchisi sifatida ishlashda davom etgan. Keyinchalik u hibsga olinib, AQSHdan deportatsiya qilingan.
Ayni paytda Abduqahhorov va uning menejeri o‘rtasidagi moliyaviy nizo hal etilmagan. “Fighting Styles” ma’lumotiga ko‘ra, hozircha ushbu masala bo‘yicha sud jarayoni ham boshlanmagan.
Ma’lum qilinishicha, Abduqahhorov hozir O‘zbekistonda, oilasi bilan Andijonda istiqomat qilmoqda. U mashg‘ulotlarni davom ettirib, navbatdagi jang uchun raqib izlamoqda.
Nashrning yozishicha, majburiy deportatsiya sabab Abduqahhorov hozircha AQSHga qayta olmaydi. Uning mamlakatga qonuniy ravishda qaytishi uchun kamida bir yil kutishiga to‘g‘ri kelishi mumkin, biroq bu muddat uzoqroq bo‘lishi ham ehtimoldan xoli emas.
Live
Barchasi