O‘zbekistonlik 63 yashar ayolni o‘ldirib, strechga o‘rab qo‘ygan oshiq umrbodga qamaldi
3-sahifa
−
17 iyun 12792 3 daqiqa
O‘zbekistonlik 63 yashar ayolni o‘ldirib, “strech”ga o‘rab qo‘ygan turkiyalik ma’shuq sud tomonidan og‘irlashtirilgan umrbod qamoq jazosiga hukm qilindi. Bu haqda Turkiya matbuoti yozmoqda.
Ushbu vahshiy qotillik 2025 yilning 21 iyun kuni sodir bo‘lgan. Turkiyaning Chanoqqal’a viloyati Esenler mahallasida istiqomat qilgan O‘zbekiston fuqarosi Dinara Alya Urqosimovadan uch davomida xabar ololmagan yaqinlari politsiyaga murojaat qilgan.
Xabarga ko‘ra, politsiya xodimlari Urqosimova ro‘yxatda turgan manzilga yetib kelgan. Uy eshigini marhumaning sevgilisi ekani ma’lum bo‘lgan 48 yoshli Metin Kapusuz ochgach, uyda tintuv o‘tkazilgan. Gumonlanuvchi qulflanganini aytgan massaj xonasida o‘tkazilgan ko‘zdan kechirish chog‘ida marhumaning jonsiz tanasi topilgan va gumonlanuvchi Metin Kapusuz voqea joyida qo‘lga olinib, sud qarori bilan hibslangan.
Chanoqqal’a Respublika Bosh prokuraturasi tomonidan olib borilgan tergovdan so‘ng, sudlanuvchiga nisbatan “ayol kishini qasddan o‘ldirish” moddasi bo‘yicha og‘irlashtirilgan umrbod ozodlikdan mahrum qilish jazosini so‘rab ayblov xulosasi tayyorlangan. Ish bo‘yicha birinchi sud majlisi 2026 yil 12 iyun kuni Chanoqqal’a 2-sonli O‘ta og‘ir jinoyatlar bo‘yicha sudida bo‘lib o‘tdi.
Sudda gumonlanuvchi Metin Kapusuz, jabrlanuvchilar, tomonlarning advokatlari va Dinara Alya Urqosimovaning yaqinlari ishtirok etgan. Sudda guvohlar va marhumaning akasining ko‘rsatmalari tinglangach, sud qarshisiga chiqqan ayblanuvchi o‘ziga qo‘yilgan ayblovlarni rad etib, kamdan-kam uchraydigan himoya usulini qo‘llagan.
U himoya nutqida o‘zining aybsizligini ta’kidlab, shunday degan:
“Alya xonimni men o‘ldirmadim. O‘zimga qo‘yilgan ayblovni tan olmayman. Men uni qat’iyan o‘ldirmaganman. O‘lganidan keyin o‘rab qo‘ydim. So‘ngra telefonimdagi ma’lumotlarni o‘chirib tashladim. Men aybsizman, oqlanishimni talab qilaman”.
Sudlanuvchining ayblovni rad etishga qaratilgan himoya nutqini va ish materiallaridagi aniq dalillarni ko‘rib chiqqan Chanoqqal’a 2-sonli O‘ta og‘ir jinoyatlar bo‘yicha sud hay’ati qisqa vaqt ichida o‘z hukmini e’lon qildi. Sud hay’ati sudlanuvchi Metin Kapusuzning o‘ziga qo‘yilgan “qasddan qotillik” jinoyatini sodir etgani isbotlangan deb topib, jazoni yengillashtiruvchi hech qanday holatni qo‘llamasdan, uni og‘irlashtirilgan umrbod ozodlikdan mahrum qilish jazosiga hukm qildi.
Eslatib o‘tamiz, o‘tgan hafta 2025 yilning yilning 17 avgust kuni Turkiyaning Istanbul shahri Umroniya tumanida o‘zbekistonlik 33 yashar Nigina Sattorova turmush o‘rtog‘i Umid Sattorov tomonidan bo‘g‘zidan pichoqlab o‘ldirilishi bo‘yicha sud majlisi boshlanib, davlat ayblovchi ushbu jinoyatni sodir etgan Sattorovga nisbatan umrbod og‘irlashtirilgan qamoq jazosi tayinlashni so‘ragan edi. Gumonlanuvchini o‘z uyida yashirishda ayblanayotgan O‘rinboy Botirbekov ham qo‘lga olingan bo‘lib, prokuror unga 20 yilgacha qamoq jazosi so‘ramoqda.
Live
Barchasi