Rafiqasini bo‘g‘izlagan hamyurtini uyiga kiritgan o‘zbekistonlik ham qamalishi mumkin

Olam

Reklama
0:00

Turkiyada o‘zbekistonliklarning vafot etishi bilan bog‘liq xabarlar tinmayapti. Kuni kecha mamlakatga ota-onasi bilan sayohatga borgan Muhammad ismli 6 yashar o‘zbekistonlik bola Istanbulning eng gavjum mavzesi Lalelida tramvay relsi ostida qolib vafot etdi. Holat bo‘yicha jinoyat ishi qo‘zg‘atildi. 2025 yilning 17 avgustida Istanbulda vahshiy qotillik qurboni bo‘lgan samarqandlik Nigina Sattorova ishi bo‘yicha esa sud majlisi hali davom etmoqda. Bugun ushbu jinoyat tafsilotlariga to‘xtalamiz.

O‘tgan yilning 17 avgust kuni Turkiyaning o‘zbekistonliklar eng ko‘p istiqomat qiladigan megapolisi Istanbulning Umroniya tumanida o‘zbekistonlik 33 yashar Nigina Sattorova turmush o‘rtog‘i Umid Sattorov tomonidan bo‘g‘zidan pichoqlab o‘ldirilgan edi. Ushbu holat mamlakatda katta rezonansga sabab bo‘lib, ayollar huquqlari bo‘yicha noroziliklarni keltirib chiqargandi.

Nigina Sattorovaning ko‘cha o‘rtasida o‘ldirilishi yuzasidan olib borilgan tergov ishlari yakunlandi. Prokuratura jinoyatni sodir etganlikda ayblanayotgan uning turmush o‘rtog‘i Umid Sattorovga nisbatan og‘irlashtirilgan umrbod ozodlikdan mahrum qilish jazosini so‘radi.

Shuningdek, davlat qoralovchisi qotillikni sodir etgan shaxsga yordam bergani, xususan uni yashirganlikda ayblanayotgan ikkinchi gumonlanuvchi – jizzaxlik O‘rinboy Botirbekovga esa 20 yilgacha qamoq jazosi tayinlanishini so‘ragan.

Gap shundaki, huquq-tartibot organlari tomonidan o‘tkazilgan tergov davomida uyali aloqa kompaniyalaridan qo‘lga kiritilgan ma’lumotlar qotillikda gumonlanuvchi Umid Sattorov va unga qotillikda yordam berganlikda gumonlanayotgan do‘sti O‘rinboy Botirbekov qotillik sodir etilgan kuni telefon orqali suhbatlashgani va ular bir joyda bo‘lganini tasdiqlagan.

Biroq, bu hali Botirbekovning aybi rasman tasdiqlandi degani emas. Sud tasdiqlamagunicha Botirbekov ham, Sattorov ham aybsiz. Shu ma’noda qotillikda yordamlashgan deb gumonlanayotgan O‘rinboy Botirbekovning O‘zbekistondagi yaqinlari – ukasi Mirvahob Botirbekov QALAMPIR.UZ bilan bog‘lanib, voqeaga aniqlik kiritishni, ukasining haqiqatlarini jamoatchilik va huquq-tartibot organlariga yetkazishni istadi.

Mirvahobning so‘zlariga ko‘ra, onasi o‘g‘li Turkiyada qamalganini eshitib yurak xastaligiga uchragan. Otasi bo‘lsa qarz ko‘tarib o‘g‘lini qutqarish uchun qo‘lidan kelgan barcha ishlarni qilyapti.

Gumonlanuvchi Umid Sattorov qo‘lga olingan vaqtda egnida bo‘lgan shim va poyabzalida qon dog‘lari aniqlangani hamda olingan namunalar marhuma Nigina Sattarovaning DNKsi bilan mos kelishi ma’lum bo‘ldi. Adliya tibbiyot ekspertizasi tomonidan tayyorlangan otopsiya hisobotida marhumaning bo‘g‘zida 5 ta kesilgan jarohat va o‘zini himoya qilishga urinishdan qolgan bir dona kesik yara borligi aniqlangan.

Tergov ma’lumotlariga ko‘ra, qotillikka rashk tufayli kelib chiqqan janjal sabab bo‘lgan.

Istanbul politsiyasi tomonidan olib borilgan qidiruv ishlari davomida gumondor 2025 yilning 18 avgust kuni – voqea sodir bo‘lganidan bir kun o‘tib, Umroniya hududida qo‘lga olingan. Shuningdek, jinoyatchini yashirishga yordamlashganlikda gumon qilinayotgan, asli Jizzax viloyatidan bo‘lgan O‘rinboy Botirbekov ham politsiya tomonidan o‘sha kunning o‘zida ushlangan.

Surishtiruv ishlari yakuniga yetgach, 19 avgust kuni gumonlanuvchilarga nisbatan sud tomonidan qamoqqa olish ehtiyot chorasi qo‘llanilgan.

Eslatib o‘tamiz, bu Turkiyada o‘zbekistonlik ayollarning o‘ldirilishi bilan bog‘liq birinchi holat emas. Yodingizda bo‘lsa, Turkiyaning Balikesir viloyatidan 46 yoshli Dilafruz Cho‘liyevaning jasadi topilib, O‘zbekistonga qaytarilgandi. Mazkur jinoyatni sodir etishda gumonlanib 4 nafar shaxs qo‘lga olingan bo‘lib, hozirgi vaqtda tergov harakatlari davom etmoqda.

Shuningdek, oldinroq Turkiyaning Istanbul shahri Shishli tumanida chiqindi yig‘uvchi tomonidan axlat konteyneridan o‘zbekistonlik Durdona Hakimovaning jasadi topilgan edi.

Keyinroq mazkur ish doirasida u o‘ldirilgan Umroniyadagi uyda yana bir o‘zbekistonlik ayol – Sayyora Ergashaliyeva ham bo‘laklab o‘ldirilgandi.

Bundan tashqari, Turkiyaning Izmir shahrida O‘zbekiston fuqarosi ko‘p qavatli turarjoy binosining to‘rtinchi qavatidan tushib ketgani xabar qilingan edi. Ushbu hodisa oqibatida og‘ir tan jarohatlari olgan 22 yoshli ayol vafot etdi.


Maqola muallifi

Baholaganlar

0

Reyting

5

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing