O‘zbekistonga 2 qop psixotrop olib kirishga uringan qirg‘izistonlik ushlandi
3-sahifa
−
23 iyun 1804 2 daqiqa
Kecha, 22 iyun kuni O‘zbekistonga ikki qop psixotrop dorini olib o‘tishga uringan qirg‘izistonlik shaxs qo‘lga olindi. Bu haqda Qirg‘iziston Respublikasi Davlat chegara xizmati xabar berdi.
Qayd etilishicha, Botken viloyati Qadamjoy tumanining Doochar hududida davlat chegara chizig‘idan taxminan 100 metr uzoqlikda chegara patruli Qirg‘iziston Respublikasi fuqarosi, Ayriboz qishlog‘ida yashovchi 2000 yilda tug‘ilgan K.J. ni qo‘lga olgan.
Ushbu shaxs Daewoo Tico avtomobilida Qirg‘iziston Respublikasidan O‘zbekiston Respublikasiga kuchli ta’sir qiluvchi preparatlar sirasiga kiruvchi ikki qop “Tropikamid” dori vositasini noqonuniy olib o‘tishga uringan.

U ushlangandan so‘ng chegara patrullari Doochar yo‘nalishidagi atrof-muhitni ko‘zdan kechirgan va ushbu noqonuniy faoliyatga aloqador shaxslar tomonidan ishlatilgan deb taxmin qilinayotgan skuterni topgan. Musodara qilingan dori vositalarining umumiy soni 1 ming 898 tani tashkil etgan. Yukning dastlabki qiymati 2,8 million qirg‘iz somidan ortiq (taqriban 384 mln so‘m) deb baholanmoqda.
Bildirilishicha, mazkur holat yuzasidan zarur tekshiruv tadbirlari olib borilmoqda. Tegishli hujjatlar rasmiylashtirilgandan so‘ng qo‘lga olingan fuqaro va musodara qilingan yuk keyingi surishtiruv ishlari uchun vakolatli organlarga topshirilgan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Afg‘onistondan Rossiya Federatsiyasiga 13 kg “geroin”ni o‘rik qoqilari ko‘rinishida tranzit yo‘li orqali Buxoro viloyatidagi chegara-bojxona postidan yashirincha olib o‘tmoqchi bo‘lganlar qo‘lga olingan edi.
Live
Barchasi