O‘zbekistondagi bolalar tilanchiligining sabablari aytildi
Jamiyat
−
02 may 9539 2 daqiqa
O‘zbekistonda bolalarni tilanchilikka jalb qilgan ayrim ota-onalar tilanchilikni muntazam ravishda o‘ziga kasb qilib olgani, ayrim hollarda esa bunday oilalarning ijtimoiy ahvoli og‘irligi yoki ikkala ota-onaning ish bilan band emasligi ma’lum bo‘ldi. Bu borada Bolalar ombudsmani o‘rganish olib bordi.
Qayd etilishicha, Bolalar ombudsmani Ichki ishlar vazirligi va Ijtimoiy himoya milliy agentligi bilan birgalikda respublika hududlarida bolalarni tilanchilikka jalb qilish kabi salbiy holatlarni tizimli ravishda tahliliy o‘rganib bormoqda. O‘rganishlar bolani mazkur g‘ayriijtimoiy faoliyatga jalb qilgan ayrim ota-onalar tilanchilikni muntazam ravishda o‘ziga kasb qilib olgani, ayrim oilalar ijtimoiy ahvoli og‘irligi yoki ikkala ota-onaning ish bilan band emasligini ko‘rsatmoqda.
“Achinarlisi, aniqlangan ko‘p holatlarda tilanchilikka jalb qilingan bolalar majburiy bo‘lgan umumiy o‘rta ta’lim doirasidan tashqarida qolgan. Bunga yo‘l qo‘ygan ota-onalarga qonunda ko‘zda tutilgan tegishli javobgarlik choralari qo‘llanilgan”, deyiladi xabarda.
Bildirilishicha, o‘rganish natijasida aniqlangan bolalarning kelgusida takroran tilanchilikka jalb qilinishini oldini olish maqsadida har bir hududda “Inson” ijtimoiy xizmatlar markazlari ushbu oilalarning har biri bilan manzilli ishlash orqali ularning ijtimoiy yordamga bo‘lgan ehtiyojini o‘rganish bilan bir qatorda bu ota-onalarning bolaga g‘amxo‘rlik ko‘rsatishi vaziyatiga ham baho beradi.
Xususan, og‘ir ahvolga tushib qolgan va og‘ir ahvolga tushib qolish xavfi yuqori bo‘lgan oilalar monitoringi olib borilib, ular uchun zaruriy ijtimoiy xizmat hamda yordamlarni tashkil etish, muhimi esa bolalarning ta’lim huquqini ta’minlash choralari ko‘rilmoqda.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Toshkent shahar Mirobod tumanida o‘zining uch nafar – 10, 5 va 3 yoshli farzandlaridan foydalanib, ularning sog‘lom hayot kechirishi va ta’limga jalb qilinishini ta’minlamay, tilanchilik bilan shug‘ullangani aniqlangandi. Mazkur holat yuzasidan Mirobod tumani IIO FMB tomonidan fuqaro X.A. ga nisbatan Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 183-moddasi (Mayda bezorilik), 1883-moddasi (Tilanchilik qilish) va 194-moddasi (Ichki ishlar organlari xodimining qonuniy talablarini bajarmaslik) bo‘yicha ma’muriy bayonnoma rasmiylashtirilgan. Uch nafar voyaga yetmagan bolalarning huquqlarini himoya qilish va ijtimoiy yordam ko‘rsatish maqsadida Toshkent shahar IIBB Voyaga yetmaganlarga ijtimoiy-huquqiy yordam ko‘rsatish markaziga joylashtirilgan.
Live
Barchasi