O‘zbekistonda yo‘q joydan 2 mlrd so‘m QQS olganlar ushlandi
3-sahifa
−
08 aprel 8713 2 daqiqa
Qalbaki hujjatlar orqali 2 mlrd so‘m qo‘shilgan qiymat solig‘ini (QQS) qaytarish sxemasi fosh etildi. Bu haqda Davlat xavfsizlik xizmati xabar berdi.
Davlat xavfsizlik xizmatining Navoiy, Toshkent va Andijon viloyatlari bo‘yicha boshqarmalari hamda Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti xodimlari hamkorligida yashirin iqtisodiyotga qarshi kurashish yo‘nalishida Chirchiq shahrida tezkor tadbir o‘tkazilgan.
Unga ko‘ra, Toshkent viloyatida faoliyat yurituvchi MCHJning muqaddam sudlangan xodimi Navoiy viloyatidagi xususiy korxona ish boshqaruvchisining ishonchiga kirib, 2025-2026 yillarda 20 mlrd so‘m atrofida tovar aylanmasi bo‘lganligi to‘g‘risida qalbaki hujjatlar rasmiylashtirish orqali, mazkur korxona hisobiga byudjetdan 2 mlrd so‘m qo‘shilgan qiymat solig‘ini soliq idoralarida ishlovchi tanishlari ko‘magida qaytarib olinishida yordam berishini aytgan. O‘z navbatida, ushbu xizmat haqi evaziga 340 mln so‘m talab qilgan.
QQS korxona hisob raqamiga tushirib berish bilan bog‘liq barcha soxta amaliyotlarni uning sherigi – Andijon shahrida yashovchi, yakka tartibdagi tadbirkor amalga oshirgan, ya’ni, tadbirkor o‘ziga tanish bo‘lgan MCHJ va Navoiy viloyatidagi xususiy korxona o‘rtasida elektron shartnoma rasmiylashtirgan. Ushbu shartnomaga asosan, go‘yoki qiymati 18 mlrd 670 mln so‘mlik qurilish-montaj ishlari amalga oshirilgani, transport xizmati ko‘rsatilgani va qurilish materiallari yetkazib berilgani to‘g‘risida 10 ta soxta elektron hisob-fakturalar rasmiylashtirib, 2 mlrd so‘m QQS qaytarilishiga erishgan.
Shundan so‘ng talab qilingan pul mablag‘ini ular o‘zlarining jinoiy sheriklari – Qibray tumanida yashovchi, muqaddam bir necha marotaba sudlangan shaxs va Andijon shahrida istiqomat qiluvchi, muqaddam bir necha marotaba sudlangan fuqaro orqali olgan vaqtlarida ularning noqonuniy harakatlariga chek qo‘yilgan.
Aniqlanishicha, ushbu shaxslar talab qilingan 340 mln so‘mni o‘zaro taqsimlab olishlari kerak bo‘lgan.
Mazkur to‘rt nafar fuqaroga nisbatan Jinoyat kodeksining tegishli moddalari bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Tergov harakatlari doirasida ularning mazkur noqonuniy ishga aloqador bo‘lgan soliq idoralaridagi tanishlarini aniqlash bo‘yicha surishtiruv ishlari olib borilmoqda.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Farg‘ona viloyatida tanishini o‘qishga kiritib qo‘yishni va’da qilgan mansabdor 2 ming dollar bilan ushlangandi.
Live
Barchasi