O‘zbekistonda soxta “prava” olganlar 3 kishining o‘limiga sabab bo‘lgan – BP

3-sahifa

image

Avvalroq, O‘zbekistonda haydovchilik guvohnomalarini soxtalashtirish bilan bog‘liq jinoiy qilmishlar fosh etilgani va ish doirasida 1200 dan ortiq qalbaki haydovchilik guvohnomalari aniqlanib, jinoyat ishlari qo‘zg‘atilgani haqida xabar berilgan edi. Ma’lum bo‘lishicha, soxta haydovchilik guvohnomalarini olganlar 1 305 marta yo‘l harakati qoidalarini buzgan va 3 kishining o‘limiga sabab bo‘lgan. Bu haqda Bosh prokuratura xabar berdi.

Qayd etilishicha, haydovchilik guvohnomalari soxtalashtirilgani holati yuzasidan Davlat xizmatlari markazi xodimlari va boshqalarga nisbatan tegishli moddalar bilan qo‘zg‘atilgan jinoyat ishi bo‘yicha Bosh prokuraturada tergov harakatlari olib borilmoqda.

Tergov jarayonida, 8 ta viloyatda (Toshkent shahri, Surxondaryo, Samarqand, Sirdaryo, Namangan, Navoiy, Andijon va Qashqadaryo) 1 200 nafardan ortiq fuqarolarga soxta haydovchilik guvohnomalari rasmiylashtirib berilgani aniqlangan.

Tahlillarga ko‘ra, soxta guvohnomalarni olgan fuqarolarning 455 nafari 1 305 marta yo‘l harakati qoidalarini buzgan, 9 nafari yo‘l-transport hodisasi sodir etgan, oqibatda 6 nafar fuqaro tan jarohati olgan va 3 nafari vafot etgan.

Jinoyat ishining keng hajmliligi va murakkabligidan kelib chiqib, Bosh prokuraturada maxsus tergov-tezkor guruhi tuzilgan.

Hozirda soxta guvohnomalar va ularni rasmiylashtirishga asos bo‘lgan barcha hujjatlar to‘liq tekshirilmoqda, tergov harakatlari rejalashtirilgan tartibda davom etmoqda.

“Barcha fuqarolarga shuni ma’lum qilamizki, haydovchilik guvohnomasini faqat qonunchilikda belgilangan tartibda olish lozim. Soxta hujjatlardan foydalanish qonun bilan taqiqlangan bo‘lib, belgilangan tartibda javobgarlikka sabab bo‘ladi”, deyiladi xabarda.

Qayd etish joiz, hozirda barcha fuqarolarning qalbaki hujjatlar asosida qo‘lga kiritgan haydovchilik guvohnomalari bekor qilingan va hujjat qalbakilashtirgan hamda ushbu qalbaki hujjatlarni sotib olgan fuqarolarning o‘zini ham jinoiy javobgarlik masalasi ko‘rib chiqilmoqda.


Maqola muallifi

Teglar

haydovchilik guvohnomasi prava

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing