O‘zbekistonda Raqamli texnologiyalar xalqaro markazi tashkil qilinadi
Jamiyat
−
25 mart 1643 2 daqiqa
O‘zbekistonda Raqamli texnologiyalar xalqaro markazi tashkil qilinadi. Bu haqda bugun, 25 mart kuni Prezident Shavkat Mirziyoyev tanishgan Toshkent xalqaro moliya markazini tashkil etish, Raqamli texnologiyalar xalqaro markazi faoliyatini yo‘lga qo‘yish hamda bank tizimida islomiy moliya mexanizmlarini joriy qilish bo‘yicha taqdimotda so‘z boradi.
Qayd etilishicha, taqdimotda Raqamli texnologiyalar xalqaro markazi uchun 2100 yilga qadar amal qiladigan maxsus huquqiy rejim nazarda tutilgani ma’lum qilingan. Markazda tartibga solish “qumdoni” doirasida yangi yechimlarni sinovdan o‘tkazish, ish haqini xorijiy valyutada to‘lash, xalqaro mehnat standartlarini joriy qilish, shaxsga doir ma’lumotlarni xalqaro standartlar va bulutli texnologiyalar asosida qayta ishlash mumkin bo‘ladi. Intellektual mulkni himoya qilish, investitsiyalar, startaplar va eksport uchun qulay sharoitlar yaratiladi, bojxona va soliq bo‘yicha yengilliklar beriladi.
Sun’iy intellekt texnologiyalari, raqamli transformatsiya, tadqiqot va ishlanmalar, sertifikatlashtirish, startaplar hamda ma’lumotlar markazlari ushbu markaz faoliyatining asosiy yo‘nalishlari etib belgilanmoqda.
Taqdimotda 2030 yilgacha mazkur markaz orqali 1 mingtagacha kompaniyani jalb qilish, 300 mingdan ziyod ish o‘rni yaratish va 5 milliard dollarlik eksport salohiyatiga chiqish maqsadi belgilangani aytilgan. Bir qator yirik xalqaro texnologik kompaniyalar ushbu tashabbusga qiziqish bildirgani qayd etilgan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Toshkent xalqaro moliya markazi va O‘zbekiston Markaziy banki huzurida Islomiy moliya kengashi tashkil etilishi haqida xabar berilgan edi.
Live
Barchasi