O‘zbekistonda radioaktiv chiqindilarni saqlash markazi tashkil etiladi
Jamiyat
−
16:43 974 1 daqiqa
O‘zbekistonda radioaktiv chiqindilarni saqlash markazi tashkil etiladi. Bu haqda hukumatning kecha, 9 fevral kuni qabul qilingan “Respublika radioaktiv chiqindilarni saqlash markazi faoliyatini tashkil etish to‘g‘risida”gi qarorida so‘z bordi.
Qarorga ko‘ra, Yadro fizikasi instituti huzuridagi Respublika radioaktiv chiqindilarni ko‘mish punkti negizida Respublika radioaktiv chiqindilarni saqlash markazi tashkil etiladi.
Markaz respublikadagi radioaktiv chiqindilarni maxsus avtotransportda tashish, qabul qilish, saralash va uzoq muddatli xavfsiz saqlash bo‘yicha yagona xizmat ko‘rsatuvchi davlat muassasasidir.
Quyidagilar Markazning asosiy vazifalari etib belgilandi:
Respublikada ishlab chiqarilgan va unga olib kirilgan, ishlash muddati tugagan yoki ishdan chiqqan radioaktiv manbalar bilan ishlash jarayonida hosil bo‘lgan radioaktiv chiqindilarni saralash, qayta ishlash, uzoq muddatli saqlash;
radioaktiv chiqindilar bilan muomala qilishning innovatsion usullarini ishlab chiqish va bu sohada ilmiy tadqiqot o‘tkazish;
sohada raqamlashtirish va axborot texnologiyalarini qo‘llash hamda tegishli davlat organlari bilan axborot almashinuvini ta’minlash nazarda tutilgan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Xalqaro atom energetikasi agentligi (MAGATE) O‘zbekiston, Qirg‘iziston va Tojikiston, shuningdek, xalqaro tashkilotlar bilan uran chiqindilari bor hududlarni 2030 yilgacha tozalash bo‘yicha hamkorlikni davom ettirish maqsadida yangi strategik bosh reja e’lon qilgandi.
Javohir Aliqulov
Live
Barchasi