O‘zbekistonda narkojinoyatlar 2 baravar ko‘paydi

3-sahifa

image

So‘nggi besh yil ichida O‘zbekistonda narkojinoyatlar soni ikki barobarga, musodara qilingan sintetik moddalar miqdori esa o‘n barobarga oshgan. Bu haqda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Narkotiklarni nazorat qilish milliy markazi katta inspektori Sarvar O‘rmonov QALAMPIR.UZ'ga ma’lum qildi.

“Faqatgina 2024 yilning o‘zida o‘n ikki mingdan ortiq jinoiy ish qo‘zg‘atildi – bu o‘tgan yilga nisbatan chorak qism ko‘p. Buning ortida nafaqat jinoiy tarmoqlar faolligining o‘sishi, balki, narkotik moddalar savdosi tizimining o‘zgarishi ham yotibdi. Bugungi kunda savdolar tobora ko‘proq messenjerlar va ijtimoiy tarmoqlarda amalga oshirilmoqda. Kurerlar “zakladkalar” koordinatalarini olishadi, pullar onlayn o‘tkaziladi, anonim bo‘lish esa kuzatuvni qiyinlashtiradi”, deydi mutaxassis.

O‘zbekistonda 2020-2024 yilларда содир этилgaн narkojinoyatlar soni

Ma’lum qilinishicha, ilgari asosan opiatlar va an’anaviy narkotik moddalar xavf tug‘dirgan bo‘lsa, bugun sintetik moddalar va internet orqali savdo kanallari birinchi o‘ringa chiqmoqda. Mefedron, spayslar, A-PVP va yashirin narkolaboratoriyada ishlab chiqarilgan boshqa sintetik narkotik moddalarning ulushi tez suratda o‘sib bormoqda. Ularni ishlab chiqarish arzonroq, tashish osonroq va ta’siri kuchliroq. Aynan shu sababli sintetik moddalar an’anaviy opiatlar va kannabisni siqib chiqarmoqda.

Shu bilan birga, kuchli ta’sir qiluvchi dori vositalarining noqonuniy aylanishi ham kuchaygan. Pregabalin, sibutramin va tropikamid kabi faqat retsept asosida sotilishi lozim bo‘lgan dori vositalari qaramlikning yangi shakliga aylangan. Faqat so‘nggi uch yil ichida ularni musodara qilish miqdori bir necha barobarga oshgan. Bu dorilarning ko‘pi internet va dorixonalar orqali sotilib kelinmoqda. 

Eslatib o‘tamiz, o‘tgan oyda Namangan va Farg‘ona viloyatlarida Qirg‘izistondan katta miqdordagi kuchli ta’sir qiluvchi dori vositalarini olib kelgan shaxslar qo‘lga tushgandi. Ularga nisbatan Jinoyat kodeksining 246- (Kontrabanda) va 251-1-moddasi (Giyohvandlik vositalari, ularning analoglari yoki psixotrop moddalar hisoblanmaydigan kuchli ta’sir qiluvchi moddalarni targ‘ib qiluvchi mahsulotni tayyorlash, tarqatish, reklama qilish, namoyish etish yoki bunday moddalarni yoxud zaharli moddalarni qonunga xilof ravishda muomalaga kiritish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, qamoq ehtiyot chorasi qo‘llanilgan.


Maqola muallifi

Teglar

O'zbekiston narkotik narkojinoyatlar

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing