O‘zbekistonda metan narxi keskin ko‘tarildi
Jamiyat
−
13 noyabr 2025 67259 2 daqiqa
O‘zbekistonda 2025 yil oktyabr oyida oziq va nooziq hamda xizmatlar sohasida narxlarning yillik qanday o‘zgargani ma’lum qilindi. Bu haqda Markaziy bank axborot xizmati xabar berdi.
Qayd etilishicha, shu oyda metanning yillik narxi keskin, ya’ni 30,5 foizga ko‘tarilgan, shuningdek, benzin qiymati 11,7, nikoh uzugi bahosi 33,4, gazeta va jurnallar 15,3, sigaret 9,6 foiz hamda tabiiy gullar 9,8 foizga qimmatlagan.
Bunga qaramasdan, propan narxi 18 foizga, konditsionerlar 1,3 foizga, televizorlar 0,3 foizga hamda qog‘oz qiymati 3,9 foizga tushgan.
Iste’mol narxlari indeksidagi 250 turdagi nooziq-ovqat mahsulotlarining 243 tasi, ya’ni 97 foizi bo‘yicha yillik narx o‘sishi 10 foizdan kam bo‘lgan.
Qimmatlashgan mahsulotlarga suyaksiz va suyakli mol go‘shti (25,3 hamda 24,2 foiz), karam (24,7 foiz), kungaboqar moyi (22,6 foiz), shuningdek, piyoz (18,9 foiz) misol bo‘la oladi.
Oziq-ovqatlardan shaftoli narxi 28,7 foizga, tarvuz 21,8 foizga, uzun va yumaloq donali guruch 18 foizga, bodring va banan mos ravishda 17,6 hamda 15,1 foizga arzonladi.
Bildirilishicha, iste’mol narxlari indeksidagi 170 ta oziq-ovqat mahsulotining 150 tasida (88 foiz) yillik narx o‘sishi 10 foizdan kam bo‘lgan.
Xizmatlar yo‘nalishda pul o‘tkazmalari 4,8 foiz, mikromoliyaviy xizmatlar 0,2 foizga arzonlagan bo‘lsa, davlat bog‘chalari 21 foiz, markaziy isitish va elektr energiyasi mos ravishda 20,9 hamda 18,8 foizga qimmatlashgan.
Bundan tashqari quyidagilar:
- ichki aviareyslar narxi — 52,3 foizga;
- tarmoq gazi — 39,2 foizga;
- sovuq suv — 35,1 foizga;
- muzey xizmatlari — 32,3 foizga;
- chiqindi tashlash — 28,6 foizga;
- suyultirilgan gaz — 25 foizga;
shahar avtobusida yo‘l haqi esa 22,3 foizga oshgan.
O‘zbekistonda yillik inflyatsiya 7,8 foizga tushib, o‘tgan yilga nisbatan 2,4 foiz punktga pasaygani xabar qilingandi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq O‘zbekistondagi avtomobillarga gaz to‘ldirish shoxobchalarida metan gaz narxi 5200 so‘mgacha oshgandi.