O‘zbekistonda Malayziya dronlari ishlab chiqariladi
Jamiyat
−
06 fevral 5009 3 daqiqa
O‘zbekiston Malayziyaning Meraque kompaniyasi bilan dronlarni mahalliylashtirgan holda ishlab chiqarish bo‘yicha kelishuv imzoladi. Bu haqda Qishloq xo‘jaligi vazirligi xabar berdi.
Vazirlikka ko‘ra, ayni damda O‘zbekiston va Malayziya o‘rtasida qishloq xo‘jaligi sohasida bir nechta yo‘nalishda hamkorlik yo‘lga qo‘yilmoqda. Shu maqsadda Qishloq xo‘jaligi vazirligi tizimi mas’ullari, Toshkent va Qashqadaryo viloyatlari hamda tuman rahbarlari va klasterlardan iborat delegatsiya Malayziyada xizmat safarida bo‘lib turibdi.
Tashrif davomida aqlli qishloq xo‘jaligi texnologiyalari va dronlar ishlab chiqarish, sholichilik, baliqchilik, kauchuk yetishtirish, meva-sabzavot va ipak mahsulotlarini eksport qilish kabi yo‘nalishlarda amaliy hamkorlik ishlarini boshlashga kelishib olingan. Xususan, Meraque kompaniyasi bilan hamkorlikda Toshkent viloyatining Yangiyo‘l tumanidagi Qishloq xo‘jaligini mexanizatsiyalashtirish ilmiy-tadqiqot instituti hududida aqlli qishloq xo‘jaligi texnikalari va dronlarni mahalliylashtirgan holda ishlab chiqarish bo‘yicha kelishuv imzolangan.
Bundan tashqari, Malayziya Qishloq xo‘jaligi tadqiqotlarini rivojlantirish instituti va O‘zbekiston Respublikasi Qishloq xo‘jaligi vazirligi huzuridagi Qishloq xo‘jaligida bilim va innovatsiyalar markazi o‘rtasida imzolangan kelishuv asosida Malayziyalik seleksioner olimlar tomonidan yaratilgan sho‘rga va suvsizlikka chidamli, qora, uzun hamda aromatik sholi navlarini O‘zbekistonda tajriba sifatida ekib ko‘paytirish uchun urug‘lar olib kelinadi. Shu bilan birga, O‘zbekistonda yetishtirilgan “Devzira” sholi urug‘lari Malayziyaga jo‘natiladi.
“Malayziya Qishloq xo‘jaligi va oziq-ovqat xavfsizligi vazirligining Baliqchilik departamenti hamda “O‘zbekbaliqsanoat” uyushmasi hamkorligida O‘zbekistonda Malayziyaning yangi texnologiyalari asosida intensiv baliqchilik, bioflok va krivetka yetishtirish loyihalari yo‘lga qo‘yiladi. Malayziya Qishloq xo‘jaligi marketing agentligi bilan hamkorlikni rivojlantirish orqali O‘zbekistonda yetishtirilgan meva-sabzavot va ipak mahsulotlarini eksport qilish yo‘lga qo‘yiladi”, deyiladi xabarda.
Bundan tashqari, Malayziyaning Jakim tashkiloti bilan hamkorlikda O‘zbekistonlik fermerlar va tadbirkorlar uchun Halol sertifikati olish bo‘yicha o‘quv kurslarini tashkil etish bo‘yicha kelishuvga erishilgan.
Mazkur tashabbuslar va investitsiya loyihalari yuzasidan Malayziyada o‘tkazilgan O‘zbekiston-Malayziya biznes forumi doirasida O‘zbekiston Qishloq xo‘jaligi vaziri o‘rinbosari Alisher Shukurov taqdimot bilan ishtirok etgan.
Eslatib o‘tamiz, kecha, 5 fevral kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Malayziyaga rasmiy tashrif bilan borib, mamlakat Bosh vaziri Anvar Ibrohim bilan Strategik sheriklik yo‘lida ikki tomonlama hamkorlikni chuqurlashtirish to‘g‘risida qo‘shma bayonot imzolagan edi. Shuningdek, quyidagi hujjatlar qabul qilingan:
- Mahsulotlarning “halol” standartlariga muvofiqligini baholash sohasida hamkorlik to‘g‘risida bitim;
- Bojxona ishida hamkorlik va o‘zaro yordam to‘g‘risida bitim;
- Oliy ta’lim sohasida hamkorlik to‘g‘risida bitim;
- Sog‘liqni saqlash sohasida hamkorlik to‘g‘risida bitim;
- Madaniyat sohasida hamkorlik to‘g‘risida bitim;
- Sud-ekspertlik faoliyati sohasida hamkorlik to‘g‘risida bitim;
- Akademik-diplomatik hamkorlik to‘g‘risida bitim;
- “Aqlli” shaharlarni rivojlantirish sohasida hamkorlik to‘g‘risida bayonnoma;
- 2025-2026 yillarda korrupsiyaga qarshi kurashish sohasidagi sheriklikni chuqurlashtirish bo‘yicha qo‘shma reja.
Live
Barchasi