O‘zbekistonda kichik quvvatli AES qayerda qurilishi ma’lum bo‘ldi
Jamiyat
−
08 may 11229 3 daqiqa
O‘zbekistonda kichik quvvatli AES qurilishi uchun Jizzax viloyatining Forish tumani tanlandi. Bu haqda “O‘zatom” agentligi xabar berdi.
Qayd etilishicha, joriy yilning 6 may kuni Energetika xavfsizligi masalalari bo‘yicha O‘zbekiston Prezidenti maslahatchisi Alisher Sultonov raisligida kichik quvvatli atom elektr stansiyasi qurilishi loyihasini amalga oshirishga bag‘ishlangan operativ shtab va ilmiy-texnik kengashning qo‘shma yig‘ilishi bo‘lib o‘tgan. Yig‘ilish samarali va konstruktiv muhitda o‘tkazilib, loyihaning asosiy jihatlari har tomonlama muhokama qilingan va keyingi aniq qadamlar belgilangan.
Ushbu yig‘ilish doirasida “Atomstroeksport” AJ bilan tuzilgan shartnoma asosida amalga oshirilayotgan ishlarning joriy holati aks ettirilgan taqdimot namoyish etilgan. Taqdimotda loyihalash bosqichlari, tayyorgarlik ishlari va xalqaro hamkorlik masalalari atroflicha ko‘rsatilgan.
“Ilmiy-texnik kengash tanlangan maydonda o‘tkazilgan muhandislik tadqiqotlari natijalarini ko‘rib chiqdi, bu natijalar loyiha hujjatlari uchun asos bo‘lib xizmat qiladi va ob’ektning yuqori xavfsizlik darajasini ta’minlaydi”, deyiladi xabarda.
Yig‘ilish davomida Jizzax viloyatining Forish tumanida kichik quvvatli atom stansiyasini joylashtirish sxemasi tasdiqlangan, bu loyihani mintaqaviy ehtiyojlarga moslashtirish va elektr energiyasi ishlab chiqarishni optimallashtirish imkonini beradi. Bundan tashqari, O‘zbekistonning tabiiy uran resurslaridan yadro yoqilg‘isi ishlab chiqarishda foydalanish imkoniyati muhokama qilingan.
Ma’lumot uchun, 1948 yilda Rossiyada Igor Kurchatov hukumatga atom energiyasini ajratib olish bo‘yicha ishlarni boshlashni taklif qiladi. 1950 yil mayda Kaluga viloyatidagi Obninsk shahrida dunyodagi birinchi AES qurilishi boshlanadi. Quvvati 5 MIt bo‘lgan mazkur AES qurilishi 1954 yilda yakunlanadi va Obninsk AESi ishga tushdi.
Yadroviy reaktor yordamida elektr energiyasi esa ilk bor 1951 yilda AQSHning Aydaxo shtatida olinadi. U tajribaviy bo‘lib, atigi 800 Vt energiya ishlab chiqaradi. Uning ishlashini tekshirib ko‘rish uchun generatorga to‘rtta cho‘g‘lanma lampochka ulanadi va hech kim kutmagan holda bu lampochkalar yonadi.
Eslatib o‘tamiz, 2024 yil may oyida “O‘zatom” va “Rosatom” o‘rtasida O‘zbekistonda kichik AES qurish bo‘yicha shartnoma imzolangandi. Stansiya Rossiyaning RITM-200N reaktori asosida barpo etiladi (quvvati – 55 MVt, xizmat muddati – 60 yilgacha).
Dastlabki reaktor besh yil ichida ishga tushirilishi, keyingilari esa olti oylik interval bilan foydalanishga topshirilishi rejalashtirilgan. AES to‘liq loyihaviy quvvatga 2033 yildan oldin chiqishi kutilmayapti.
O‘zbekiston AES qurish uchun xalqaro konsorsium tuzishni rejalashtirib, Rossiya, Xitoy va Yevropa texnologiyalarini jalb etishni ko‘zlamoqda. Bundan tashqari, turbinalar, generatorlar va sovutish inshootlari uchun xalqaro kompaniyalarning uskunalarini jalb qilish masalasi ham ko‘rib chiqilmoqda.
“O‘zatom” agentligi direktori Azim Ahmadxo‘jayev O‘zbekistonda qurilayotgan kichik atom elektr stansiyasining qiymati 2 milliard dollardan kam bo‘lishini aytdi. U “Le Figaro” gazetasiga bergan intervyusida Jizzax viloyatida qurilishi rejalashtirilayotgan kichik quvvatli atom elektr stansiyasi (AES) loyihasida ishtirok etish bo‘yicha uchta Fransiya kompaniyasi bilan muzokaralar olib borayotganini ma’lum qildi.
Live
Barchasi