O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan artist Dilmurod Islomov vafot etdi
Madaniyat-san’at
−
08 avgust 2025 31811 2 daqiqa
Bugun, 8 avgust kuni O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan artist, “O‘zbekiston doirachilari” jamoat birlashmasi raisi Dilmurod Islomov 71 yoshida vafot etdi. Bu haqda Madaniyat vazirligi xabar berdi.
U ko‘p yillar davomida O‘zbekistonda doira san’atining rivojlanishida xizmat qilgan. Dilmurod Islomov respublika “Zarb ko‘rik-tanlovi”ning va “Doirachilar festivali”ning asoschisi hisoblanadi.
Shuningdek, doira ijrochiligi san’ati bo‘yicha 2014 yilda “Ustozlardan doira saboqlari” to‘plamini, 2015 yilda “Maxsus cholg‘u (doira usullari: ustozlar saboqlari)” o‘quv qo‘llanmasini, “Moziydan sado” monografiyasi va bir qancha ilmiy maqolalarni milliy va xorijiy jurnallarda chop etgan.
2024 yilda O‘zbekiston Respublikasi madaniyat vazirining tegishli buyrug‘iga asosan ijodkorga “Madaniyat va san’at fidokori” ko‘krak nishoni tantanali ravishda topshirilgan.
Ma’lumot uchun, Dilmurod Islomov 1954 yil Toshkentda tavallud topgan. 1968 yildan beri “Shodlik” ansamblida mohir sozanda bo‘lib, 37 yildan ortiq mehnat qilgan. Dilmurod Islomov konsert dasturlari bilan 100 dan ortiq xorijiy mamlakatlarda bo‘lib, o‘zbek san’atini olamga tanitishga o‘z hissasini qo‘shgan. 2014 yildan buyon O‘zbekiston davlat san’at va madaniyat institutida “Cholg‘u ijrochiligi” kafedrasi katta o‘qituvchisi bo‘lib faoliyat yuritib kelayotgan edi.
Eslatib o‘tamiz, kecha, 7 avgust kuni O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi a’zosi, o‘zbek ma’rifatparvari, yozuvchi Jo‘ra Bo‘tako‘z 99 yoshida vafot etgandi.
Live
Barchasi