O‘zbekistonda kambag‘al oilalar toifalarga ajratiladi

Jamiyat

image

O‘zbekistonda Kambag‘al oilalar reyestriga kiritilgan va ushbu reyestrga tushish xavfi bo‘lgan oilalar “qizil”, “sariq” va “yashil” toifalarga taqsimlanadi. Bu haqda joriy yilning 8 may kuni qabul qilingan “Kambag‘al oilalarni davlat tomonidan ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash tizimini yanada takomillashtirish to‘g‘risida”gi Prezident farmonida so‘z boradi.

Farmonga ko‘ra, joriy yil 15 maydan Kambag‘al oilalar reyestriga kiritilgan va ushbu reyestrga tushish xavfi bo‘lgan oilalar “qizil”, “sariq” va “yashil” toifalarga taqsimlanadi hamda ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash choralari ularning toifasiga qarab ko‘rsatiladi.

“Qizil” toifaga – oila a’zolarining har biriga to‘g‘ri keladigan o‘rtacha oylik daromadi minimal iste’mol xarajatlaridan kam bo‘lgan va quyidagi mezonlarning biriga javob beradigan oilalar kiritiladi:

  • a’zolarining kamida 1 nafari sog‘lig‘ining holatiga ko‘ra mehnat qilish imkoniyatiga ega bo‘lmagan;
  • parvarishga muhtoj a’zosi, shu jumladan, nogironligi mavjud farzandi bo‘lgan;
  • o‘zgalar parvarishiga muhtoj yolg‘iz yashovchi yoki yolg‘iz keksa yoxud yolg‘iz nogironligi bo‘lgan shaxsdan iborat bo‘lgan;
  • boquvchisini yo‘qotgan yoki boquvchisi jazoni ijro etish muassasasida bo‘lgan oila.

“Sariq” toifaga – oila a’zolarining har biriga to‘g‘ri keladigan o‘rtacha oylik daromadi minimal iste’mol xarajatlaridan kam bo‘lgan hamda a’zolari sog‘lig‘i holatiga ko‘ra mehnat qilish imkoniyatiga ega bo‘lgan oilalar kiritiladi.

“Yashil” toifaga – oila a’zolarining har biriga to‘g‘ri keladigan o‘rtacha oylik daromadi minimal iste’mol xarajatlarining 1 baravaridan 1,5 baravarigacha bo‘lgan va quyidagi mezonlarning biriga javob beradigan oilalar kiritiladi:

  • oila “qizil” yoki “sariq” toifadan chiqarilgan bo‘lsa;
  • oilaning Kambag‘al oilalar reyestriga kiritilishi ehtimoli yuqori bo‘lsa.

Shuningdek, farmonga ko‘ra, 2025 yil 1 iyundan ijtimoiy himoya yagona reyestridagi oilalar uchun qonunchilikda belgilangan imtiyozlar Kambag‘al oilalar reyestridagi oilalarga ham tatbiq etiladi, 2026 yil 1 yanvardan esa faqat Kambag‘al oilalar reyestriga kiritilgan oilalarga ko‘rsatiladi:

  • davlat xizmatlaridan foydalanish uchun boj, yig‘im va boshqa to‘lovlarni to‘lashda “sariq” toifaga kiritilgan oilalarga 50 foiz, “qizil” toifaga kiritilgan oilalarga esa 75 foiz miqdorida chegirmalar qo‘llaniladi;
  • kambag‘al oilalar “qizil” yoki “sariq” toifadan “yashil” toifaga o‘tganda ular uchun qonunchilikda nazarda tutilgan davlat ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash choralari keyingi 12 oy muddatga saqlab qolinadi;
  • “qizil” toifaga kiritilgan oilalarga belgilangan passiv daromad keltiruvchi qo‘llab-quvvatlash choralari taqdim etiladi.

Ushbu reyestriga kiritilgan oilalar a’zolariga ijtimoiy xizmat va yordamlar oilalar kambag‘al deb e’tirof etilgani to‘g‘risidagi ma’lumotlar yoki shaxsning kambag‘al deb e’tirof etilgan oilaning a’zosi ekani haqidagi ma’lumotnoma asosida ko‘rsatiladi.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq “Nogironligi bo‘lgan shaxslarning bandligini ta’minlash tizimini takomillashtirishga oid qo‘shimcha chora tadbirlar to‘g‘risida”gi Prezident farmoni bilan O‘zbekistonda I va II guruh nogironligi bo‘lgan shaxslarni ishga qabul qilgan tadbirkorlik sub’ektlariga 50 million so‘mgacha subsidiya ajratilishi xabar qilingan edi.


Maqola muallifi

Teglar

Kambag'al oilalar reestri Kambag'al oila toifa

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing