O‘zbekistonda qurilish nazoratchilariga bodikamera va planshet beriladi

Jamiyat

image

O‘zbekistonda joriy yil 1 iyuldan boshlab qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi sohasida davlat nazoratini amalga oshirishda mobil videokameralar (bodikamera) va maxsus planshetlardan foydalaniladi. Bu haqda Prezidentning joriy yil 14 aprel kuni qabul qilingan “Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi sohasida davlat nazoratini samarali tashkil qilish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmonida so‘z boradi. 

Farmonga ko‘ra, quyidagilar qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi sohasida davlat nazoratini takomillashtirishning asosiy maqsadlari etib belgilandi:

  • Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi sohasida nazorat qilish inspeksiyasini (inspeksiya) mustaqil respublika ijro etuvchi hokimiyat organi sifatida shakllantirish;
  • qurilish, ko‘p kvartirali uylarni boshqarish hamda ichimlik suvi ta’minoti va oqova suvlarni chiqarib yuborish sohasida nazorat funksiyalarini to‘liq raqamlashtirish;
  • xususiy sektor tomonidan amalga oshiriladigan nazorat tizimi mexanizmlarini shakllantirish.

Joriy yil 1 maydan:

  • tadbirkor va qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi sohasida nazorat qilish hududiy inspeksiyalari o‘rtasida shartnoma tuzilgan bo‘lsa, tadbirkorlarning qurilish ob’ektlarida qisqa muddatli davlat qurilish nazorati tadbirlari shartnoma shartlari doirasida amalga oshiriladi va “Yagona davlat nazorati” axborot tizimida ro‘yxatdan o‘tkazilmaydi;
  • inspeksiyaga xo‘jalik yurituvchi sub’ektlarning moliyalashtirish manbalaridan qat’i nazar moliya-xo‘jalik faoliyatiga aralashish qat’iyan taqiqlanadi.

Shuningdek, farmonga ko‘ra, joriy yil 1 sentyabrdan har bir qurilayotgan ob’ektning QR-kodli pasporti joriy qilinadi. Bu orqali shaharsozlik sub’ektlari, qurilish muddatlari, shaharsozlik hujjatlari va tasdiqlangan ekspertiza xulosalari haqidagi ma’lumotlarni olish imkoniyati yaratiladi.

Bundan tashqari, ko‘p kvartirali uylardagi joylarni, shuningdek, yerto‘lalarni qayta qurish va qayta rejalashtirishda shaharsozlik normalarini buzgan holda ko‘p kvartirali uyning konstruktiv qismlari va tayanch devorlariga o‘zgartirish kiritish, buzish hamda binoning zilzilaga bardoshliligiga salbiy ta’sir qiladigan ishlarni amalga oshirish taqiqlanadi.

Joriy yil 1 iyuldan:

  • barcha ichimlik suvi ta’minoti va oqova suvlarni chiqarib yuborish tizimi ob’ektlari majburiy tarzda shartnoma asosida texnologik auditdan o‘tkaziladi;
  • bosqichma-bosqich hududiy inspeksiyalarda Qurilish ob’ektlarini onlayn kuzatish markazi tashkil etiladi;
  • tajriba-sinov tariqasida 2025 yilda Qashqadaryo viloyatidagi davlat byudjeti mablag‘lari hisobiga yangidan quriladigan ob’ektlarga videokameralar o‘rnatiladi;
  • qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi sohasida davlat nazoratini amalga oshirishda mobil videokameralar (bodikamera) va maxsus planshetlardan foydalaniladi.

Shu bilan birga, farmonga bilan joriy yil 1 iyuldan:

  • yakka tartibdagi uy-joylar va kichik hajmdagi noturar bino va inshootlarni qurish hamda rekonstruksiya qilish ishlari yuzasidan qurilish nazorati xususiy sektor tomonidan olib boriladi;
  • xususiy qurilish nazorati ob’ektlarida qurilish yakuniga yetgandan so‘ng loyihachi tomonidan “Shaffof qurilish” milliy axborot tizimida xulosa shakllantiriladi va buyurtmachiga taqdim etiladi;
  • qurilishi tugallangan ob’ektdan foydalanish uchun ruxsatnoma berish tegishli tuman (shahar) qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi bo‘limlari tomonidan amalga oshiriladi;
  • xususiy qurilish nazorati olib borilmaganda yoki nazoratni olib borgan loyihachining ijobiy xulosasi mavjud bo‘lmaganda ob’ektlarni foydalanishga qabul qilish taqiqlanadi.

Quyidagilar xususiy qurilish nazorati ob’ektlari hisoblanadi:

  • 2 qavatdan yuqori bo‘lmagan, balandligi yer yuzasidan 12 metrdan va (yoki) umumiy maydoni 500 kvadrat metrdan ortiq bo‘lmagan yakka tartibdagi uy-joylar;
  • qurilish hajmi 300 metr kubdan ortiq bo‘lmagan noturar bino va inshootlar hamda yengil turdagi (konstruksiyali) qurilmalar.

Elatib o‘tamiz, avvalroq Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksga qurilish maydonlarida atmosfera havosini muhofaza qilish talablariga rioya etmaganlik uchun javobgarlikni belgilovchi o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritilgandi. Unga asosan, o‘lchami 500 kvadrat metr va undan ortiq bo‘lgan qurilish maydonida, unga tutash bo‘lgan hududda hamda undan chiqish yo‘llarida chang va qum zarrachalarining havoga ko‘tarilishini bartaraf etishga doir majburiy talablarni buzish yoxud ushbu hududlarda ifloslantiruvchi moddalarning yo‘l qo‘yiladigan doiradagi normativlardan ortiq darajada atmosfera havosiga chiqarilishiga yo‘l qo‘yish mansabdor shaxslarga BHMning 10 baravari (3 million 750 ming so‘m) miqdorida jarima solishga sabab bo‘ladi.


Maqola muallifi

Teglar

qurilish shaharsozlik uy-joy qurilish va uy-joy kommunal xo'jaligi ob'ekt pasporti

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing