O‘zbekistonda qishloq xo‘jaligi mahsulotlari taqchilligi yuzaga kelishi mumkinmi?
Jamiyat
−
17 aprel 2020
7250Karantin cho‘zilib ketsa, qishloq xo‘jaligi mahsulotlarida hech qanday yetishmovchilik bo‘lmaydi. Bu haqda bugun, 17 aprel kuni AOKA shtabida o‘tgan brifingda Qishloq xo‘jaligi vaziri o‘rinbosari Saidkamol Xo‘jayev ma’lum qildi.
“Hech qanday yetishmovchilik yuzaga kelmaydi. Chunki janubiy viloyatlardagi mirishkor dehqonlarimiz dalalaridagi oziq-ovqat mahsulotlari aprel oyidan boshlab ichki bozorlarimizga yetkazib berila boshladi”, dedi u.
Ma’lum qilinishicha, O‘zbekistonning barcha hududlaridagi issiqxonalarda pomidor, bodring, shirin qalampir va baqlajon mahsulotlari uzuluksiz ichki va tashqi bozorlarga kiritilmoqda. Bugungi kunda respublika hududlarida qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini yetishtirish hajmi kundan-kunga ortib borishi natijasida ichki va tashqi bozorlarga sifatli oziq-ovqat mahsulotlari yetkazib beriladi.
“Tibbiy me’yorlar bo‘yicha aholini meva-sabzavotlarga bo‘lgan talabi 10 mln 300 ming tonnani, shundan kartoshka 1 mln 784 ming tonna, sabzavotlar 4 mln 440 ming, mevalar 2 mln 479 ming, uzum 593 ming, poliz mahsulotlari 583 ming, dukkaklilar 115 ming, guruch 332 ming tonnani tashkil etadi”, dedi Saidkamol Xo‘jayev.
Ta’kidlanishicha, 2020 yilda 24,8 mln. tonna (2019 yilga nisbatan 125 foiz ko‘proq) 88 turdagi meva-sabzavotlar, shundan 42 turdagi 12,9 mln tonna sabzavot, 5 turdagi 2,5 mln tonna poliz, 3,5 mln tonna kartoshka, 27 turdagi 3,3 mln tonna mevalar, 3 turdagi 1,9 mln tonna uzum, 4 turdagi 630 ming tonna dukkakli va 6 turdagi 139 ming tonna moyli mahsulotlar yetishtirish belgilab olingan.
Ma’lum bo‘lishicha, aholi talabi va eksport imkoniyatlarini hisobga olib yetishtirilgan mahsulotlarning 10,3 ming tonnasi aholi iste’moliga, 3,2 mln. tonna qayta ishlashga va 2,3 mln. tonnasi eksportga yo‘naltiriladi.
LiveBarchasi