O‘zbekistonda g‘oyib bo‘lgan rossiyalik xoinlikda ayblandi

Olam

image

2024 yilning iyul oyida O‘zbekistonga xizmat safari paytida g‘oyib bo‘lib, ikki kundan keyin Moskvadagi tergov hibsxonasidan topilgan sanoat alpinisti Georgiy Pirogov Moskva shahar sudi tomonidan “davlatga xoinlik” ishi bo‘yicha 23 yilga qattiq tartibli koloniyaga hukm qilindi. Bu haqda “Politzek-Info” loyihasiga tayanib, “The Insider” xabar berdi.

Qayd etilishicha, hukm 8 iyul kuni chiqarilgan, sud jarayoni yopiq tartibda o‘tgan va ayblovning tafsilotlari rasman oshkor qilinmagan. “The Insider” nashri Georgiy Pirogovning ismini Rossiya IIVning sizib chiqqan ma’lumotlar bazalaridan biridan topgan. 2024 yil noyabr oyi bilan qayd etilgan yozuvda da’vo qilinishicha, u “RF hududidan tashqarida bo‘la turib, josuslik shaklida davlatga xoinlik sodir etgan”, jinoyat sodir etilgan deb taxmin qilingan sana sifatida esa 2023 yil 7 may ko‘rsatilgan.

Bundan tashqari, Pirogov “The Insider” tomonidan tahlil qilingan Rossiyaning boshqa bir nechta sizib chiqqan ma’lumotlar bazalarida ham ko‘rinish bergan. Ulardan birida u “RFni tark etganlar” ro‘yxatiga kiritilgan – unda Pirogovning 2022 yil 24 mart kuni Birlashgan Arab Amirliklariga chiqib ketgani va jo‘nab ketish sababi sifatida “maxsus harbiy operatsiya boshlanishi” ko‘rsatilgan. Boshqa bir bazada u “muxolifatchi” sifatida belgilangan. Yana birida esa Pirogov go‘yoki “FBKga (Korrupsiyaga qarshi kurashish fondi) homiylik qilgani (pul o‘tkazgani)” haqida yozuv mavjud.

“Politzek-Info” ma’lumotlariga ko‘ra, Pirogovning yaqinlari ushbu ish atrofida OAVda sukut saqlanishini so‘ragan va bu uning qismatini yumshatishga yordam beradi deb umid qilgan. Biroq hukm e’lon qilinganidan keyin loyiha ushbu taktika tayinlangan jazoga hech qanday ta’sir ko‘rsatmaganini ma’lum qilgan.

Pirogov Moskva viloyatida yashagan, Rossiyaning Ukrainaga keng ko‘lamli bosqini boshlanganidan keyin esa Gruziyaga ko‘chib o‘tib, u yerda sanoat alpinisti bo‘lib ishlagan. 2024 yil yozida u O‘zbekistonga xizmat safari bilan borgan va 6 iyul kuni Qo‘ng‘irot shahrida g‘oyib bo‘lgan. Keyinroq uning avtomobili yo‘qolib qolgan joyidan taxminan 90 km uzoqlikdagi Nukus shahridan topilgan. Qarindoshlarining aytishicha, Pirogov Buxoroga borib, u yerdan Gruziyaga uchib ketmoqchi bo‘lgan.

2024 yil 8 iyul kuni Moskvaning Meshchanskiy rayon sudi Pirogovni “davlatga xoinlik” ishi bo‘yicha tergov hibsxonasiga jo‘natgan. Uning O‘zbekistonda g‘oyib bo‘lganidan keyin qanday qilib Rossiyaga borib qolgani noma’lum. 2024 yil avgust oyida hibsga olish qarori ustidan berilgan shikoyat ko‘rib chiqilayotganda Pirogov o‘z aybiga iqror bo‘lgani va ko‘rsatma bergani ma’lum bo‘lgan. 2026 yil may oyida Moskva shahar sudi uning ishini yopiq rejimda ko‘rib chiqishni boshlagan. 

“The Insider”ning yozishicha, bu urush boshlanganidan keyin mamlakatdan chiqib ketgan Rossiya fuqarosining O‘zbekistonda g‘oyib bo‘lib, keyinchalik Rossiya tergov hibsxonasida siyosiy motivli ayblov bilan paydo bo‘lishi bilan bog‘liq ma’lum bo‘lgan birinchi holat. Shu bilan birga, rasmiy ekstraditsiya amalga oshirilgani yoki yo‘qligi noma’lum: O‘zbekiston va Rossiya rasmiylari Pirogovning chegara orqali qanday olib o‘tilgani tafsilotlarini ochiqlamagan.

“Perviy otdel” huquq himoyasi loyihasi advokati Yevgeniy Smirnov “The Insider” nashriga bergan izohida qayd etishicha, josuslik go‘yoki Rossiyadan tashqarida sodir etilgani haqidagi bu kabi ishlar juda kam uchraydi va ko‘pincha kuch ishlatar tizimlarining provokatsiyasiga asoslanadi.

“Bunday ishlar – Rossiyadan tashqarida sodir etilgan josuslik shaklidagi davlatga xoinlik – uchrab tursa-da, baribir barmoq bilan sanarli darajada kam. Bunday kvalifikatsiya  uchun shunchaki pul o‘tkazish yoki Ukraina qurolli tuzilmalariga qo‘shilishga urinish (mamlakatdan chiqib ketayotganlar ko‘pincha aynan shuning uchun ta’qib qilinadi) yetarli emas, balki davlat sirini tashkil etuvchi yoki Ukraina tomonidan Rossiyaga qarshi urushda foydalanilishi mumkin bo‘lgan ma’lumotlarni uzatish kerak bo‘ladi.

Bunday qilmishlarni aniqlash ancha murakkab – bu juda ko‘p iz qoldiradigan bank o‘tkazmasi emas. Mening amaliyotimda bunday ishlarning deyarli barchasi Rossiya organlari xodimlari o‘zlarini xorijlik qilib ko‘rsatib, qandaydir ma’lumotlarni yuborishga undagan provokatsiyalar bilan bog‘liq edi.

Agar siz Rossiyada o‘z xavfsizligingizdan xavotirda bo‘lsangiz, unda Qozog‘iston, Qirg‘iziston va MDHning boshqa davlatlariga, shuningdek, Indoneziya, Tailand, Vetnamga umuman bormaganingiz ma’qul”, deydi Yevgeniy Smirnov.


Maqola muallifi

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing