O‘zbekistonda birinchi Islomiy moliya kengashi tashkil etildi

Jamiyat

image

O‘zbekistonda Islomiy moliya faoliyati bilan bog‘liq masalalarni muvofiqlashtiruvchi Markaziy bankning Islomiy moliya kengashi tashkil etildi. Bu haqda Markaziy bank xabar berdi.

Qayd etilishicha, kengash islomiy bank faoliyatini amalga oshiruvchi banklar, islomiy moliyalashtirishga oid xizmatlarni ko‘rsatuvchi mikromoliya tashkilotlari, Omonatlarni kafolatlash agentligi hamda Markaziy bank nazorati ostidagi boshqa tashkilotlar tomonidan amalga oshiriladigan islomiy moliya faoliyatini muvofiqlashtiruvchi Markaziy bankning kollegial organi hisoblanadi.

Ma’lum qilinishicha, kengash tarkibi Islom huquqi bo‘yicha mutaxassis va texnik ekspert bo‘lgan 5 nafar a’zodan iborat.

O‘zbekiston musulmonlari idorasi Fatvo markazi bosh mutaxassisi Saidjamol Yusufovich Masayitov Markaziy bankning islomiy moliya kengashi raisi, Islom huquqi bo‘yicha mutaxassisisi sifatida foliyat olib boradi.

Markaz bosh mutaxassisi Muhammadayubxon Homidov esa rais o‘rinbosari etib tayinlangan.

Shuningdek, Fatvo markazi mutaxassislari Hikmatilla Toshtemirov va Abdullatif Tursunov hamda Orient Audit Group auditorlik kompaniyasining boshqaruvchi hamkori Axrorjon Sa’dullayev kengash a’zolari bo‘lgan.


Kengash quyidagi vazifalarni amalga oshiradi:

  • islomiy moliya standartlari loyihalarini islomiy moliya bo‘yicha xalqaro standartlar va mahalliy kontekstni inobatga olgan holda ishlab chiqadi;
  • Markaziy bankka islomiy moliya faoliyatini tartibga solish va nazorat qilish masalalari yuzasidan xulosa va maslahatlar beradi, normativ-huquqiy hujjatlar loyihalarini ishlab chiqishda ko‘maklashadi, sohada yuzaga keladigan nizolar hamda bahsli masalalar bo‘yicha tushuntirish va izohlar beradi;
  • banklar va mikromoliya tashkilotlariga islomiy moliya faoliyati bilan bog‘liq tavsiyalar va ko‘rsatmalar beradi, ular bilan davriy maslahat uchrashuvlarini o‘tkazadi;
  • Islomiy moliya institutlari uchun buxgalteriya hisobi va audit tashkiloti (AAOIFI)ning yig‘ilishlarida Markaziy bank nomidan qatnashadi va zarur hollarda AAOIFI tomonidan ishlab chiqilgan hujjatlar loyihalariga o‘z takliflari va munosabatlarini taqdim etadi.

Regulyatorga ko‘ra, kengash har yili Markaziy bank boshqaruviga o‘z faoliyati bo‘yicha yillik hisobotni taqdim etadi.

Eslatib o‘tamiz, 2026 yil 25 mart kuni Prezident Shavkat Mirziyoyev tanishgan Toshkent xalqaro moliya markazini tashkil etish, Raqamli texnologiyalar xalqaro markazi faoliyatini yo‘lga qo‘yish hamda bank tizimida islomiy moliya mexanizmlarini joriy qilish bo‘yicha taqdimotda O‘zbekiston Markaziy banki huzurida Islomiy moliya kengashi tashkil etilishi haqida so‘z borgandi.

Shuningdek, islomiy moliya xizmatlarini ko‘rsatuvchi banklarda ham alohida kengashlar tuzilishi aytilgandi. Ushbu kengashlar standartlar ishlab chiqish, me’yoriy-huquqiy hujjatlar loyihalarini tayyorlashda ko‘maklashish, bahsli masalalarga izoh berish, shartnomalar va ichki hujjatlarni ko‘rib chiqish, muvofiqlik ustidan nazoratni ta’minlash bilan shug‘ullanishi ma’lum qilingandi.

Keyinroq, 27 mart kuni “O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga O‘zbekistonda islomiy bank faoliyatini joriy qilishga qaratilgan qo‘shimcha va o‘zgartirishlar kiritish to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi qonuni bilan mamlakatda rasman islomiy banklar faoliyatining huquqiy asoslari belgilandi. Ushbu qonun bilan Soliq va Fuqarolik kodekslari hamda 7 ta qonunga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritilgandi.


Maqola muallifi

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing