O‘zbekistonda ajratilgan kreditlar qayerga ketyapti?
Jamiyat
−
09 iyun 6721 2 daqiqa
O‘zbekistonda mamlakatning ichki ehtiyojlari uchun tijoriy banklar tomonidan ajratilgan 629 trillion so‘m kredit mablag‘larining qariyb beshdan biridan ko‘prog‘i sanoat sohasiga yo‘naltirilgan. Bu haqda Markaziy bank xabar qildi.
Ma’lum qilinishicha, tijorat banklari tomonidan 2026 yil 1 may holatiga ko‘ra, ajratilgan kreditlar hajmi 629 trillion so‘mni tashkil etgan. Bu ko‘rsatkich o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 11 foizga oshgan.
Kredit qo‘yilmalari tarkibida sanoat sohasi yetakchilikni saqlab qolgan. Mazkur yo‘nalishga ajratilgan kreditlar hajmi 137,5 trillion so‘mni tashkil etib, jami kredit portfelining 22 foizini shakllantirgan. Biroq o‘tgan yilga nisbatan sanoat kreditlari hajmi 14 foizga qisqargan.
Markaziy bankka ko‘ra, bu kredit portfelining iqtisodiyotning boshqa yo‘nalishlari hisobiga diversifikatsiyalanib borayotganini ko‘rsatadi.
Aholiga ajratilgan kreditlar qoldig‘i esa 230,8 trillion so‘mga yetib, jami kreditlarning tarkibidagi ulushi 37 foizni tashkil etgan. Tahlillarga ko‘ra, bir yil davomida ushbu segment 21 foizga o‘sib, kredit bozoridagi eng yirik yo‘nalishlardan biri sifatida shakllanmoqda.
Regulyatorning bildirishicha, real sektor tarmoqlarida ham sezilarli o‘sish kuzatilgan. Xususan, qurilish sohasiga ajratilgan kreditlar 44 foizga, savdo va umumiy xizmatlar sohasidagi kreditlar 20 foizga, qishloq xo‘jaligi kreditlari esa 16 foizga oshgan.
Kredit portfelidagi eng yuqori o‘sish sur’atlari “boshqa sohalar” toifasida kuzatilib, mazkur yo‘nalishdagi kreditlar hajmi bir yilda 31 foizga ko‘paygan. Transport va kommunikatsiya sohasidagi kreditlar esa deyarli barqaror saqlanib qolgan.
Markaziy bankning qayd etishicha, kredit portfelida sanoat sohasi yetakchi o‘rinni saqlab qolayotgan bo‘lsa-da, so‘nggi yillarda kredit resurslarining aholi, xizmatlar, qurilish va qishloq xo‘jaligi kabi yo‘nalishlarga kengroq taqsimlanishi kuzatilmoqda.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Fitch xalqaro reyting agentligi O‘zbekistonning suveren kredit reytingi prognozini “barqaror”dan “ijobiy”ga yaxshilagani xabar qilingandi.
Live
Barchasi