Fitch O‘zbekiston kredit reytingini “barqaror”dan “ijobiy”ga oshirdi

Jamiyat

image

Fitch xalqaro reyting agentligi O‘zbekistonning suveren kredit reytingi prognozini “barqaror”dan “ijobiy”ga yaxshiladi. Bu haqda O‘zbekiston Prezidenti Administratsiyasi rahbari Saida Mirziyoyeva o‘zining Telegram-kanalida ma’lum qildi.

Uning bildirishicha, global beqarorlik hamda moliya bozorlaridagi mavhumlik sharoitida Prezident rahbarligida O‘zbekiston izchil islohotlarni qat’iyat bilan davom ettirmoqda.

“Ushbu o‘zgarishlarni xalqaro hamkorlarimiz e’tirof etayotgani biz uchun alohida ahamiyatga ega — Fitch xalqaro reyting agentligi  O‘zbekistonning suveren kredit reytingi prognozini “barqaror”dan “ijobiy”ga yaxshiladi”, deydi O‘zbekiston Prezidenti Administratsiyasi rahbari.

Shuningdek, u mazkur holat xalqaro investorlar tomonidan O‘zbekistonga bildirilgan yuksak ishonch belgisi ekanini qayd etgan.

“Bu xalqaro investorlar tomonidan mamlakatimizga bildirilgan yuksak ishonch belgisidir. Mamlakatimizning suveren kredit reytingini oshirish bo‘yicha ishchi guruh rahbari sifatida alohida ta’kidlamoqchimanki, biz hamkorlarimiz bilan faol aloqalarni davom ettiramiz. Strategik maqsadimiz – 2030 yilga qadar yurtimiz reytingini “investitsiyaviy” darajaga olib chiqish”, deydi Saida Mirziyoyeva.

Ma’lumot uchun, 2025 yilning iyun oyida Fitch tomonidan O‘zbekiston kredit reytingi “BB-”dan 1 pog‘ona yuqoriga – “BB” darajasiga oshirilgan. 2014 yildan buyon faqatgina 15 ta mamlakat 12 oy ichida reyting bahosi va kutilmasini ketma-ket oshirishga erishgan.

O‘zbekiston kredit reyting kutilmasining “ijobiy”ga oshirilishi bir necha sabablar bilan izohlangan. Jumladan, global noaniqliklarga qaramay, islohotlar natijadorligi va makroiqtisodiy barqarorlikni mustahkamlashga yo‘naltirilgan siyosatning davom ettirilishi orqali o‘rta muddatda barqaror iqtisodiy o‘sish va makroiqtisodiy ko‘rsatkichlarning yaxshilanishi kutilmoqda.

Shuningdek, fiskal va monetar islohotlarning davom ettirilishi makroiqtisodiy siyosat va shaffoflikni mustahkamlash orqali byudjet taqchilligini pasaytirish hamda xalqaro zaxiralarning sezilarli oshishiga xizmat qiladi. Shu bilan birga, islohotlar boshqaruv sifati ko‘rsatkichlariga ham ijobiy ta’sir ko‘rsatishi kutilmoqda.


Maqola muallifi

Teglar

Fitch Saida Mirziyoeva kredit reytingi

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing