O‘zbekiston yo‘llarida 9 oyda qancha odam vafot etgani ochiqlandi
Jamiyat
−
03 noyabr 2025 5653 1 daqiqa
O‘zbekistonda joriy yilning 9 oyi davomida yo‘l-transport hodisalari ortidan o‘lim bilan bog‘liq 1303 ta holat qayd etilgan. Bu haqda joriy yilning 1 noyabr kuni Senatning Mudofaa va xavfsizlik masalalari qo‘mitasi raisi Qutbiddin Burxonov Oliy Majlis Senatining 11-yalpi majlisida ma’lum qildi.
Uning bildirishicha, haydovchilar va piyodalarning yo‘l harakati qoidalariga rioya etish madaniyatini oshirishga, haydovchilarni tayyorlash va qayta tayyorlash tizimini takomillashtirishga, shuningdek, yo‘l harakatining tashkil etilishini to‘liq raqamlashtirishga qaratilgan huquqiy asoslar yaratilgan.
Buning natijasida joriy yilning 9 oyi davomida O‘zbekistondagi umumiy yo‘l-transport hodisalari 3,8 foizga – 6127 tadan 5895 taga, tan-jarohati bilan bog‘liq holatlar 3,5 foizga – 4759 tadan 4592 taga, o‘lim bilan bog‘liq holatlar 4,8 foizga – 1368 tadan 1303 taga, piyodalar ishtirokida sodir etilgan yo‘l-transport hodisalari soni esa 2855 tadan 2689 taga, ya’ni 5,8 foizga kamayishiga erishilgan.
Ma’lumot uchun, 2024 yilda O‘zbekistonda 9364 ta yo‘l-transport hodisasi sodir etilgan bo‘lib, ularda 2203 kishi halok bo‘lgan va 9 mingga yaqin fuqaro jarohat olgan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Birlashgan Millatlar Tashkiloti har yili dunyoda 1,2 million kishi yo‘llarda halok bo‘lishi va taxminan 50 million kishi jarohat olishi haqida xabar bergan edi. Ma’lum bo‘lishicha, yo‘l-transport hodisalari dunyo bo‘yicha o‘lim sabablari orasida sakkizinchi o‘rinda turadi.
Live
Barchasi