O‘zbekistonda 2 kun ichida 100 kilodan ortiq narkotik aniqlandi
3-sahifa
−
05 fevral 3788 2 daqiqa
Joriy yilning 3-4 fevral kunlari DXX hamda IIV tuzilmalari tomonidan O‘zbekiston miqyosida 653 ta “Qoradori” keng ko‘lamli tadbirlari o‘tkazildi va 228 kishi jinoiy, 64 kishi ma’muriy javobgarlikka tortildi. Bu haqda Davlat xavfsizlik xizmati xabar berdi.
Ma’lum qilinishicha, mamlakat hududida giyohvandlik va kuchli ta’sir qiluvchi dori vositalarining noqonuniy muomalasi bilan shug‘ullanib kelayotgan shaxslar va jinoiy guruhlar faoliyatiga chek qo‘yish maqsadida jami 653 ta maxsus tadbirlar o‘tkazilgan.

Ushbu tadbirlar davomida jami 112 kg 257 gr giyohvandlik vositalari (geroin, opiy, gashish, sintetik turdagi giyohvandlik vositalari) hamda 8601 dona kuchli ta’sir qiluvchi dori vositalarining aholi orasida tarqatilishi to‘xtatib qolingan. Qolaversa, giyohvandlik vositalarining noqonuniy muomalasi davomida to‘xtatib qolingan 287 ming 460 AQSH dollari va 569 mln so‘m miqdoridagi pullar daliliy ashyo sifatida rasmiylashtirilgan.

Qo‘zg‘atilgan 222 ta jinoyat ishlari doirasida 228 nafar shaxslar jinoiy javobgarlikka tortilgan. Shu bilan birga, 64 nafar shaxslar ma’muriy javobgarlikka tortilgan. 47 nafar qidiruvdagi shaxslar ushlangan. 357 nafar shaxslar bilan profilaktik suhbatlar o‘tkazilib, 231 nafari rasmiy ogohlantirilgan.

Shuningdek, o‘tkazilgan tadbirlari doirasida 175 ta “tig‘”, 58 ta “bita”, 24 ta “kastet” va 77 ta qurol ham topilgan.
“Kriminogen vaziyatni barqarorlashtirish borasidagi tezkor tadbirlar boshqa yo‘nalishlarda ham davom ettiriladi”, deyiladi xabarda.
Eslatib o‘tamiz, Davlat xavfsizlik xizmati hamda Ichki ishlar vazirligi tuzilmalari tomonidan joriy yilning 27-31 yanvar kunlari mamlakat miqyosida “Antiterror-tozalash” keng ko‘lamli tadbirlari o‘tkazilib, jinoyat ishlari doirasida 169, ma’muriy ishlar doirasida 270 kishi qamoqqa olingandi. Shuningdek, ushbu tadbirlar doirasida og‘ir va o‘ta og‘ir jinoyatlar sodir etishga moyil, respublikadagi kriminogen vaziyatga salbiy ta’sir ko‘rsatuvchi 418 nafar shaxslar aniqlanib, ularga nisbatan jinoyat ishlari qo‘zg‘atilgan. Jinoyat ishlari doirasida 169 nafar shaxslar qamoqqa olinib, 42 ta jinoiy guruhlar faoliyatiga chek qo‘yilgan. 399 nafar shaxslar ma’muriy javobgarlikka tortilib, ularning 270 nafari ma’muriy qamoqqa olingan. 109 nafar qidiruvdagi shaxslar ushlangan.
Live
Barchasi