O‘zbekistonda 1991 yilgacha qurilgan 17 mingta uy yangilanishi mumkin
Jamiyat
−
10 iyun 6620 2 daqiqa
O‘zbekistonda 1991 yilgacha qurilgan 17 mingta uy o‘rniga zamonaviy, energiya tejamkor, infratuzilma bilan ta’minlangan ko‘p kvartirali uylar qurilishi mumkin. Bu haqda bugun, 10 iyun kuni Prezident Shavkat Mirziyoyev tanishgan urbanizatsiya va shaharsozlik sohasida amalga oshirilayotgan islohotlar samaradorligini oshirish yuzasidan taqdimotda so‘z boradi.
Qayd etilishicha, taqdimotda shaharsozlik renovatsiyasi masalalariga alohida e’tibor qaratilgan. Respublikadagi 1991 yilgacha qurilgan 17 mingta uylar o‘rniga zamonaviy, energiya tejamkor, infratuzilma bilan ta’minlangan ko‘p kvartirali uylar qurish mumkinligi ko‘rsatilgan.
Hozirgacha renovatsiya jarayonlarini tartibga soladigan yagona qonun mavjud emas edi. Shu bois, shaharsozlik renovatsiyasi to‘g‘risidagi yangi qonun loyihasi ishlab chiqilgan. Unda renovatsiya hududlarini belgilash, aholi roziligini olish, kompensatsiya va ko‘chirish tartiblari, investorlar majburiyatlari hamda davlat organlari vakolatlarini aniq belgilash nazarda tutilmoqda.
Renovatsiya loyihalari orqali eskirgan uy-joy fondini yangilash, aholi uchun xavfsiz va qulay yashash sharoitlarini yaratish, muhandislik-kommunikatsiya tarmoqlarini modernizatsiya qilish, yashil hududlar va ijtimoiy infratuzilmani kengaytirish maqsad qilingan.
Prezident shaharsozlik va urbanizatsiya sohasidagi islohotlar aholi uchun qulay muhit va barqaror rivojlanish tamoyillariga asoslanishi zarurligini ta’kidlagan.
Mutasaddilarga bosh rejalar va master-rejalarni raqamlashtirish, “Uy-joy” yagona platformasini ishga tushirish, ulushli qurilishda fuqarolar huquqlarini kafolatlash, eskrou mexanizmlarini joriy etish hamda renovatsiya bo‘yicha aniq va adolatli tartiblarni shakllantirish yuzasidan topshiriqlar berilgan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq endi O‘zbekistonda qurilishga ruxsat olishda tadbirkorlarning xarajatlari 2 barobargacha qisqartirilishi haqida xabar berilgan edi.
Live
Barchasi