O‘zbekistonda 1 foizlik soliq keshbeki bekor qilinishi mumkin

Jamiyat

image

O‘zbekistonda 1 foizlik soliq keshbekini bekor qilish taklif etilmoqda. Bu haqda Iqtisodiyot va moliya vazirligi huzuridagi Yashirin iqtisodiyot ulushini qisqartirish, fiskal tahlillar instituti tomonidan e’lon qilingan maqolada so‘z boradi.

Mutaxassislarga ko‘ra, soliq keshbekini to‘lash uchun davlat byudjeti xarajatlari barqaror o‘sish tendensiyasiga ega. Xususan, 2022 yilda keshbek to‘lovlari hajmi 820 mlrd so‘mni tashkil etgan bo‘lsa, 2026 yil uchun prognoz ko‘rsatkichlariga ko‘ra, ushbu mablag‘ 1,8 trln.so‘mga yetishi mumkin. 

“Bunday dinamika davlat byudjetiga tushayotgan yuklama ortib borayotganini ko‘rsatadi hamda ommaviy rag‘batlantirish mexanizmini kelgusida moliyalashtirish samaradorligini baholash masalasini dolzarblashtiradi”, deyiladi maqolada.

Mualliflarga ko‘ra, 2026 yilda maktabgacha ta’lim tashkilotlari qurilishi uchun davlat byudjeti hisobidan 900 mlrd so‘m mablag‘ ajratish rejalashtirilgan.

Bildirilishicha, umumiy soliq keshbekidan farqli ravishda, ijtimoiy reyestrga kiritilgan shaxslarga ijtimoiy ahamiyatga ega tovarlarni xarid qilishda qo‘shilgan qiymat solig‘i summasini qaytarish manzilli ijtimoiy xususiyatga ega. Uning asosiy maqsadi – iste’molchilarning muayyan xatti-harakatini rag‘batlantirish emas, balki aholining eng ehtiyojmand qatlamlari uchun soliq yukini kamaytirish hamda bilvosita soliqqa tortish tizimining ijtimoiy adolatliligini oshirishdan iborat.

“Byudjet mablag‘lari hisobidan amalga oshirilayotgan rag‘batlantirishning salmoqli qismi iqtisodiyotning rasmiy sektorida faoliyat yuritayotgan yirik soliq to‘lovchilarda amalga oshirilgan xaridlarga to‘g‘ri keladi. Natijada davlat byudjeti amalda soliq keshbeki mavjud bo‘lmagan taqdirda ham amalga oshirilishi muqarrar bo‘lgan operatsiyalarni subsidiyalamoqda”, deyiladi materialda.

Ma’lumotlarga ko‘ra, 2026 yil may oyida xaridorlarga to‘langan soliq keshbekining umumiy summasi 146,6 mlrd so‘mni tashkil etgan bo‘lib, shundan Top-10 savdo tarmog‘iga to‘g‘ri keladigan soliq keshbeki 15,7 mlrd so‘mni, ya’ni jami to‘langan soliq keshbekining 10,7 foizini tashkil etgan.

Qayd etilishicha, soliq tizimining uzoq muddatli samaradorligi qonunchilik talablariga rioya etganlik uchun doimiy moddiy rag‘batlantirish orqali emas, balki iqtisodiy operatsiyalarning shaffofligi, raqamlashtirish darajasining yuqoriligi hamda qonunbuzilishlarning muqarrar aniqlanishi hisobiga ta’minlanishi lozim.

Shu sababli byudjet mablag‘lari hisobidan amalga oshiriladigan rag‘batlantirishni soliq intizomi va soliq madaniyatini shakllantirishga xizmat qiluvchi vaqtinchalik vosita sifatida qarash maqsadga muvofiq. Soliq xavfi yuqori bo‘lgan sohalarda (umumiy ovqatlanish korxonalari, kichik chakana savdo ob’ektlari va boshqalar) faoliyat yurituvchi tadbirkorlik sub’ektlarining fiskal cheklarini ro‘yxatdan o‘tkazgan xaridorlar o‘rtasida davlat lotereyalarini tashkil etish taklif etiladi.

Bunday yondashuv aholining aynan tushumlarni yashirish ehtimoli yuqori bo‘lib qolayotgan sohalarda fiskal cheklarni olishga bo‘lgan qiziqishini saqlab qolish imkonini beradi. Mohiyatan, “har bir chek rag‘batlantiriladi” tamoyilidan “iqtisodiyotning eng yuqori xavfga ega segmentlaridagi nazorat rag‘batlantiriladi” tamoyiliga o‘tish taklif etilmoqda.

Bunda davlat tomonidan ko‘rsatiladigan qo‘llab-quvvatlash yanada manzilli tus oladi, davlat byudjeti xarajatlari esa sezilarli darajada qisqaradi.

Institut hisob-kitoblariga ko‘ra, yirik qiymatga ega pul va qimmatbaho sovrinlar (avtomobillar, turistik yo‘llanmalar hamda qiymati 5 mln so‘mdan yuqori bo‘lgan boshqa qimmatbaho sovrinlar) o‘ynaladigan davlat lotereyalarini tashkil etish uchun 100 mlrd so‘mgacha mablag‘ yo‘naltirish yetarli bo‘ladi. Bu esa mazkur mexanizmni moliyalashtirish uchun davlat byudjeti xarajatlarini qariyb 20 barobarga qisqartirish imkonini beradi.


Maqola muallifi

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing